Jahon | 18:08 / 10.05.2025
3959
5 daqiqa o‘qiladi

Hindistonlik o‘qituvchilarga maktabda xivich bilan yurishga ruxsat berildi

Maktablardagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqqan sudyaning fikriga ko‘ra, «xivichni ko‘rgan bolalar intizomsizlik qilmaydi».

Foto: newindianexpress.com

Hindistonning Kerala shtati Oliy sudi oltinchi sinf o‘quvchisini kaltaklaganlikda ayblangan o‘qituvchining ishini ko‘rib, maktabga 2010 yilgacha nozik bambuk yoki xivich olib kelgan va undan o‘quvchilarni jazolash uchun foydalangan o‘qituvchilarni oqladi. Sudya fikriga ko‘ra, xivichni ko‘rgan bolalar intizomsizlik qilmaydi.  

Forbes nashrining yozishicha, so‘nggi to‘rt yil ichida Hindiston sudlari, agar jazolash yomon niyat bilan amalga oshirilmasa, o‘qituvchi o‘quvchilarga nisbatan «oqilona va mo‘’tadil» kuch ishlatish huquqiga ega ekanligini bir necha bor tasdiqladi. Sudlarning pozitsiyasi hayratlanarli: 2000 yillarning oxiridan beri Hindiston maktablarida jismoniy jazolar qat’iyan taqiqlangan - hatto tayoq bilan bir marta zarba berish o‘qituvchini bir yil qamoqqa tashlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Biroq, sudyalarning o‘qituvchilarga yon bosishga sabablari bor. So‘nggi yillarda - 2020 yildan 2024 yilgacha – sudlarda maktab o‘quvchilariga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq ishlar soni keskin ko‘paygan. Ammo ko‘pgina ayblovlar yolg‘on bo‘lib chiqqan: ota-onalar vaziyatning tagiga yetmay, o‘z farzandini himoya qilishga shoshilgan.

Tajovuzning manbai ko‘pincha o‘quvchilarning o‘zi bo‘lib chiqqan, ular o‘qituvchilarga tahdid va hujum qilgan. Bugungi kunda o‘qituvchilar qattiqqo‘l bo‘lishdan qo‘rqmoqda, bolaga berilgan har qanday tanbeh janjalga aylanishi mumkin. Bu esa ta’lim jarayoniga ta’sir qilib, o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini pasaytirmoqda.

Umuman olganda, hindistonlik bolalarning xatti-harakatlari dinamikasi xavotirli: giyohvand moddalarni iste’mol qilish va o‘smirlar o‘rtasida jinoyatlar soni ortib bormoqda. Ba’zi o‘qituvchilarning fikricha, jismoniy jazoga qaytish tartibni saqlashga yordam beradi. Maktab direktorlarining fikri mo‘’tadilroq. Ularning aksariyati maktab o‘quvchilariga nisbatan kuch ishlatishni inkor etib, ota-onalarni ularning tarbiyasida faolroq ishtirok etishga chaqirmoqda.

Ta’kidlanishicha, ko‘pgina zamonaviy oilalarga xos bo‘lgan kattalarning haddan tashqari yumshoqligi va bolaning injiqliklariga yon bosuvchanligi haqiqatan ham bolalarda jazosizlik hissini keltirib chiqaradi. Psixologlarning ta’kidlashicha, oila bolani qiyinchiliklardan himoya qilmasligi kerak, balki uni qiyinchiliklarga dosh berishga o‘rgatishi kerak. Bundan tashqari, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, zamonaviy maktab o‘quvchilari ko‘pincha hissiyotlardan xalos qilishning an’anaviy usullaridan mahrum bo‘lyapti: masalan, muloqot va o‘yinlar orqali. Ularning ota-onalari band, gadjetlarga mukkasidan ketgan va har doim ham bolaning ichki dunyosini kuzatmaydi. Bu esa o‘smirda yolg‘izlik tuyg‘usini kuchaytirib, tajovuzkor xatti-harakatlarni qo‘zg‘atadi.

Ota-onalar maktablarda jismoniy jazo haqida turli xil fikrga ega. Keksa odamlar (50 yoshdan oshganlar) ko‘pincha intizomni saqlashning qattiq usullarini ma’qullashadi. Ularning fikricha, hozirgi bolalarning tarbiyasi buzilgan va o‘qituvchilar avvalgi zamondagidek qattiqqo‘l bo‘lishi kerak. Yosh ota-onalar, aksincha, har qanday zo‘ravonlikka qarshi. Ularning fikricha, o‘qituvchilar bolaning yomon xulq-atvorining asl sababini aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, bolalarda hissiy aql va tashqi bosimga dosh berish qobiliyatini rivojlantirishi lozim.

Ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislarning ishonchi komilki, xivichli o‘qituvchilar hind maktablarini xavfsizroq qilmaydi: zo‘ravonlik qonuniylashtirilsa, undan asosli va ortiqcha foydalanish o‘rtasidagi chegara tezda xiralashadi.

«Samarali intizomiy choralar aniq va konstruktiv bo‘lishi kerak. Ular qo‘rquvni emas, balki o‘z-o‘zini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan», dedi psixiatr Si Jyey Jon. U kamsitish yoki og‘riqni o‘z ichiga olgan jazolar samarasiz ekanligini ta’kidlaydi. Psixiatr bolalarni odatdagi zavqlaridan vaqtincha cheklash orqali jazolashni taklif qiladi: do‘stlar bilan sayr qilish, kompyuter o‘yinlari va boshqalar kabi.

Mavzuga oid