Jahon | 21:22 / 07.05.2025
2385
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh migrantlarni Liviyaga deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Davlat departamentining inson huquqlari bo‘yicha o‘tgan yilgi hisobotida Liviya qamoqxonalaridagi sharoit tanqid qilingan edi.

Foto: Anadolu Agency

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati birinchi marta migrantlarni Liviyaga deportatsiya qilishi mumkin. Bu haqda Amerika hukumatidagi manbalariga tayanib, Reuters xabar berdi.

Shimoliy Afrika davlatiga necha kishi deportatsiya qilinishi, shuningdek, ular qaysi mamlakat fuqarolari ekaniga oydinlik kiritilmagan.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi statistikasiga ko‘ra, mamlakatdan hozirga qadar 152 ming kishi deportatsiya qilingan. O‘tgan hafta davlat kotibi Marko Rubio Vashington o‘z hududiga migrantlarni qabul qilishga tayyor davlatlar sonini oshirish ustida ish olib borayotganini tan olgandi.

Oldinroq Salvador, Kosta-Rika va Panama Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlarni qabul qilishga rozi bo‘lgandi. Shuningdek, AQShdan deportatsiya qilinadigan shaxslarni Ruanda ham qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Liviya masalasida esa migrantlarni u yerga deportatsiya qilish ancha qiyin. 2011 yilda Muammar Qazzofiy ag‘darilgach va fuqarolik urushi boshlangach, mamlakat ikkiga bo‘linib qolgan: BMT yordamida shakllantirilgan bosh vazir Abdul Hamid ad-Dbeyba boshchiligidagi hukumat Bing‘ozida joylashgan Liviya Vakillar palatasi tomonidan tan olinmay kelinadi.

2024 yilda AQSh Davlat departamenti inson huquqlari bo‘yicha o‘z hisobotida Liviya qamoqxonalaridagi sharoitlarni tanqid qilgan edi.

Avvalroq AQShni o‘z xohishi bilan tark etadigan noqonuniy migrantlarga 1000 dollardan pul berilishi ma’lum qilingan edi. Mamlakat ichki xavfsizlik vaziri noqonuniy migrantlarni CBP Home ilovasini hoziroq yuklab olib, mustaqil deportatsiyani amalga oshirishga chaqirdi.

Mavzuga oid