Jahon | 15:41
2561
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh maxsus xizmatlari sobiq rahbarlari ustidan tergov boshlandi

Tergov Rossiyaning 2016 yilgi AQSh prezidentlik sayloviga aralashuvi ishi bo‘yicha sodir etilgan qonunbuzarliklar bilan bog‘liq.

Jon Brennan va Jyeyms Komi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sobiq direktori Jon Brennan va Federal qidiruv byurosining (FQB) sobiq direktori Jyeyms Komiga nisbatan jinoiy ish ochildi. U Rossiyaning 2016 yilgi AQSh prezidentlik sayloviga aralashuvi ishi tergovi bo‘yicha sodir etilgan qonunbuzarliklar bilan bog‘liq, deb xabar berdi Fox News.

MRB direktori Jon Retkliff FQB direktori Kesh Patelga Jon Brennanning ehtimoliy huquqbuzarligini isbotlovchi materiallarni topshirdi, jumladan, Kongressga yolg‘on so‘zlagani haqidagi. Jyeyms Komi ham tergov ostida, biroq u nimada gumon qilinayotgani haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Fox News telekanalining ikki manbasi FQB Brennanning Komi bilan munosabatlariga «fitna» sifatida qaralayotganini aytdi.

Retkliff Markaziy razvedka boshqarmasining ichki hisobotini e’lon qildi, unda u Brennanning 2017 yilgi razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin respublikachi Donald Trampga 2016 yilda demokrat sifatida prezidentlikka nomzod bo‘lgan Hillari Klintonni mag‘lub etishga yordam berishga urinayotgani haqidagi xulosasini keskin tanqid qilgan.

Brennan va Komiga qanday ayblovlar qo‘yilishi noma’lum. The New York Times gazetasining yozishicha, tergov umuman ayblovga olib keladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.

AQSh prezidenti Donald Tramp 9 iyul kuni jurnalistlarga tergov haqida matbuotda o‘qiganlaridan boshqa hech narsa bilmasligini aytdi. «Ammo men sizga aytaman, menimcha, ular juda noinsof odam. Menimcha, ular juda insofsiz. Va ular buning uchun jazolanishi mumkin. Menimcha, ular haqiqatan ham yomon va insofsiz odam», dedi Tramp.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Fox News telekanaliga bergan intervyusida Brennan va Komi tergov qilinayotganidan xursand ekanini aytdi.

AQSh rasmiylari avvalroq Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik sayloviga aralashuvini tekshirgan edi. Ishga rahbarlik qilgan maxsus prokuror Robert Myuller Rossiya saylovga aralashgan, ammo Donald Tramp va uning saylovoldi kampaniyasi bilan til biriktirmagan degan xulosaga keldi. Rossiya rasmiylari har doim saylovga aralashishini rad etib kelmoqda.

2018 yilda AQSh hukumati peterburglik tadbirkor Yevgeniy Prigojin va «trollar fabrikasiga» aloqador yana 12 kishini 2016 yilgi prezidentlik sayloviga aralashishda ayblagan edi. 2023 yilda Prigojin «trollar fabrikasini» yaratganini tasdiqladi, garchi uning vakillari avvalroq tadbirkorning ushbu tuzilmaga aloqadorligini rad etgan bo‘lsa-da.

Mavzuga oid