O‘zbekiston | 11:17
12194
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda piyodalar yo‘lakchasidagi hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan

Kun.uz aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi jami 8 kishini urib yuborgan, yana bitta mashinaga zarar yetkazgan. Vafot etgan ayolning 3 nafar farzandi onasiz qolgan, boshqa jabrlanuvchilar og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand shahri Ro‘dakiy ko‘chasidagi piyodalar yo‘lagida bir guruh piyodalar yuqori tezlikda harakatlangan Lacetti tomonidan urib ketilgani bilan bog‘liq holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati tayyorlagan lavhada ma’lum qilinishicha, 11 aprel kuni soat 20:00 lar atrofida Samarqand shahari Ro‘dakiy ko‘chasida Lacetti haydovchisi avtomobilni yuqori tezlikda boshqarib borib, yo‘lning belgilangan qismida piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtab turgan Labo rusumli avtomobilga ortdan urilgani va boshqaruvni yo‘qotib, piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan sakkiz nafar fuqaroni urib yuborgani aytiladi.

Oqibatda piyodalar tan jarohati olib, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramasdan, piyodalarning biri – 33 yoshli ayol hayotdan ko‘z yumgan.

«Bugun haydovchining mas’uliyatsizligi, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi natijasida bir emas, sakkiz nafar fuqaro jabr ko‘rgan. Piyodalarning bir nafari bu dunyoni erta tark etgan bo‘lsa, qolganlari turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Haydovchi yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi, shahar ichki ko‘chasida me’yoridan ortiq tezlikda harakatlanishi – potensial qotillik emasmi?» – deya savol qo‘yiladi viloyat IIB tomonidan tayyorlangan lavhada.

Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs muayyan huquqdan mahrum qilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.

Marhum ayolning uch nafar farzandi yetim qolgan, hodisa vaqtida ayolning qo‘lida bo‘lgan uch yoshli go‘dagi ham jarohatlangan va jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 

Qoidabuzarning onasi esa «baxtsiz hodisa» tufayli jabrlanganlardan uzr so‘ragan, yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan o‘g‘li yaqinda Rossiyadan qaytgani, «shunday ish qilaman deb ko‘chaga chiqmagani»ni aytib intervyu bergan va boshqa haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga, piyodalarga doim yo‘l berib harakatlanishga chaqirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrda mashinalar piyodalar o‘tish yo‘lagi oldida to‘xtagani, piyodalar yo‘lning yarmini kesib o‘tganida Lacetti yuqori tezlikda kelib, ularni urib yuborgani, piyodalar zarbdan bir necha metrga otilib ketgani ko‘ringan. Mashina kamida bir kishini bosib o‘tib, to‘siqdan oshib o‘tgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Mavzuga oid