O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
2111
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda endi avtomobilni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

Yangi sotib olingan avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish imkoniyati ishga tushirildi. Ushbu xizmat hozirda poytaxtdagi «Fayzobod» ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

23 apreldan boshlab my.gov.uz orqali yangi avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza yo‘llash imkoniyati sinov tartibida ishga tushirildi.

Qayd etilishicha, hozircha bu imkoniyat Toshkent shahridagi «Fayzobod» ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish (RO‘ va IO) bo‘limida sinovdan o‘tkazilmoqda. Test muvaffaqiyatli yakunlansa, tizim avval Toshkent shahri bo‘ylab, keyinchalik qolgan hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.

Talabgor arizani shakllantirishda xizmatni qaysi ko‘rinishda olishini belgilaydi:

  • Arizachi RO‘ va IO bo‘limiga borgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • Sayyor xizmat — YHXX xodimining o‘zi belgilangan manzilga keladi (qo‘shimcha to‘lov asosida).
  • Xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan to‘lovlar quyidagicha:
  • ro‘yxatdan o‘tkazish — BHMning 6,84 barobari (2,56 million so‘m), elektromobil, motolar, tirkamalar uchun — 1,5 barobar (562,5 ming so‘m);
  • davlat raqami — BHMning 3,5 barobari (1,31 million so‘m);
  • qayd etish guvohnomasi (texpasport) — BHMning 0,7 barobari (262,5 ming so‘m);
  • texnik ko‘rik — BHMning 0,1 barobari (37,5 ming so‘m).

Sayyor xizmat uchun (10 kilometrga):

  • 1 kunda kelsa — BHMning 4 barobari (1,5 million so‘m);
  • 3 kunda — BHMning 3 barobari (1,125 million so‘m);
  • 5 kunda — BHMning 2 barobari (750 ming so‘m).

10 kilometrdan ortiq masofa uchun har kilometrga BHMning 0,05 barobari (18 ming 750 so‘m) qo‘shib boriladi.

Ariza my.gov.uz orqali yuborilganida, talabgorga davlat raqam belgisi va to‘lov uchun invoys taqdim etiladi. To‘lov amalga oshirilgach, «Fayzobod» RO‘ va IOga borib, arizadagi davlat raqam belgisi aytiladi, YHXX inspektori transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazadi va sizga davlat raqami hamda texpasportni taqdim etadi.

Mavzuga oid