Jamiyat | 17:12
5800
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda yangi piyodalar yo‘lagi ustidan «bruschatka» to‘shalmoqda

Chilonzor tumanida Novza ko‘chasi va Bo‘rijar kanali oralig‘idan o‘tgan, taxminan 600 metrlik yangi qurilgan yo‘lakchaga «bruschatka» yotqizilmoqda. Mas’ullar bundan ko‘zlangan maqsadni ochiqlashni istamayapti. Shaharda abgor yo‘laklar ko‘paygan bir mahalda, yaroqli, qolaversa yangi yo‘lakchani «qayta ta’mirlash» kimga va nega kerak bo‘lib qoldi? Kun.uz ushbu masalani o‘rgandi.

Paydo bo‘lganiga bir yil ham to‘lmagan piyodalar yo‘lakchasi ustiga yo‘lg‘isht yotqizish boshlandi. Uni «Monument stroy» MChJ amalga oshiryapti. Jamiyat vakilining aytishicha, ta’mirlash ishlari bitgach, yo‘lkaning yon-atrofiga suv favvoralari o‘rnatiladi.

«Biz ijro etuvchi odam, uyoqdan qanaqa buyruq bo‘lsa, shuni bajaramiz. Tender chiqqan, shahar hokimligi buyurtmachi. Loyihani qiymatini aniq bilmayman. Bo‘lak-bo‘lak bo‘ladi, avval 600 metrga yotqiziladi. Keyin bu yerga chiroqlar qo‘yiladi. Gazonlar olib tashlanib, boshqatdan qilinadi. Hozir shuning loyihasini ko‘rib chiqyapmiz», deydi u.

U bu birinchi bosqich hisoblanishi, kanalning narigi tomoni, ya’ni Baynalminal ko‘chasi bo‘ylari ham avval betonlashtirlib, so‘ng yo‘lg‘isht yotqizilishini aytib o‘tgan.

«Agar buni buzib tashlab, keyin qaytadan beton qilganimizda, antiqqa to‘g‘ri kelmasdi, bu ishimizning iqtisodiy minusi deyarli yo‘q», – deydi ish boshqaruvchi.

Yo‘lakchada olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yuzasidan jurnalist Bobur Akmalov ham fikr bildirdi.

«Hozir bruschatka yotqiziladigan bo‘lsa, yer sathidan kamida yarim metr ko‘tariladi. Jarga yaqin, bu xavfli-ku, keyin shuncha mehnat, soliqchilarning puli nima uchun, qayerga ketyapti? Seul Mun tomon bilan bitta yo‘l qilamiz deyishibdi, buning nima farqi bor. O‘tgan yili keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Yana nimaga kerak bu isorofgarchilik, shundoq ham shaharda abgor yo‘laklar ko‘p», – deydi jurnalist.

Kun.uz Toshkent shahar hokimi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovadan ushbu loyiha bo‘yicha izoh so‘ragan. Oradan ikki kun o‘tsa-da, matbuot kotibi qilinayotgan ishlar yuzasidan izoh bermadi. Hokimlik anchadan buyon Kun.uz’ning so‘rovlarini javobsiz qoldirib kelmoqda.

Mavzuga oid