Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Svet o‘chmagan kun yo‘q: Toshkent elektrsiz qiynalmoqda
Poytaxt yana elektr energiyasi uzilishlari girdobida qoldi. Yoz chillasida minglab iste’molchilar soatlab toksiz qolyapti. Butun shahar bo‘ylab «shaxmat tartibida o‘chirish» boshlangan. Shifoxonalar, bog‘chalar va davlat tashkilotlari ham vaqti-vaqti bilan ta’minotdan uzilyapti.

Oxirgi kunlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar muttasil ravishda kuzatilyapti. Mahallalar navbati bilan elektrdan uzib qo‘yilyapti. Buning oqibatida aholi va tadbirkorlar turli muammolar bilan yuzlashmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar soatlab elektrsiz qolayotgani, suv ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida yozishyapti. Shifoxonalar, bog‘chalar va davlat tashkilotlari ham vaqti-vaqti bilan toksiz ishlayotgani haqida xabarlar bor. Svetoforlar ishlamasligi oqibatida shaharda harakatlanish qiyinlashgan.
Taniqli aktyor Mehriddin Rahmatov o‘z xonadonida svet ko‘p o‘chayotgani sabab maishiy texnikalari kuyib qolayotganini aytib, mas’ullardan tushuntirish berishni talab qildi.
Shundan keyin “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” havo issiqligi sabab bosim ortayotgani, yong‘in kelib chiqishining oldini olish uchun svet tez-tez o‘chirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, poytaxtning barcha hududlarida keng ko‘lamli tarmoqlarni yangilash, podstansiya quvvatlarini oshirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ketayotgani qo‘shimcha qilingan.
Kuniga bir necha marta, ogohlantirishsiz elektr ta’minoti uzilishlarining yuz berayotgani nafaqat aholiga, balki biznes muhitiga ham jiddiy ta’sir qilyapti. Masalan, Ipak yo‘li banki ish faoliyatidagi texnik nosozliklarga aynan elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.
1055 kommunal dispetcherlar telegram-kanalida ham poytaxtning deyarli barcha tumanlarida kuniga bir necha marta svet o‘chayotganidan norozi iste’molchilar minglab shikoyat qoldirganini ko‘rish mumkin. Kanal adminlari murojaatchilarning aksariyatiga uzilishlar rejali ta’mirlash ishlari boshlangani yoki texnik nosozlik ortidan ro‘y berayotganini bildirmoqda.
Eskicha ishlash tizimi
Iyul oyining boshlarida Toshkent shahri va viloyatlarda kuzatilgan svet o‘chishlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” rejali ta’mirlash ishlari va tarmoqlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bilan izohlagandi. Kompaniya uzilishlar haqida aholini xabardor qilish ishlarini yaxshilashga va’da ham bergandi.
Statistik raqamlarga e’tibor berilsa, O‘zbekistonda elektr energiyasining eng kam iste’moli bahorgi vaqtga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bu davrda yoz faslidagidek issiq kuzatilmaydi. Mana shu davrda oldinda turgan jazirama kunlarda elektr iste’moli keskin ortishiga tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Amalda esa rejali o‘chirishlar, ta’mirlashlar yoz chillasida amalga oshirilyapti.
Narxlar karrasiga oshdi, muammolar tugagani yo‘q
2024 yil 1 maydan boshlab energiya iste’molida ijtimoiy norma joriy etilgandi. O‘shanda aholi uchun 1 kWh elektr energiyasining bazaviy narxi 295 so‘mdan 450 so‘mgacha ko‘tarildi. Iste’mol hajmi oshib borishi bilan, tarif bir necha barobar qimmatlashishi amaliyotga kiritildi.
2025 yil 1 maydan boshlab tariflarda yangi o‘sish kuzatildi. Elektr energiyasining bazaviy qiymati yana 33,3 foizga oshib, 1 kWh uchun 600 so‘mga yetdi. 2026 yildan elektr va gaz tariflari har yili 1 maydan inflatsiyani hisobga olib, ammo 10 foizdan oshmagan miqdorda ko‘tariladi.
Shunday bo‘lsa-da, gaz va elektr energiyasi narxlarini subsidiyalash davom etyapti. 2025 yilda davlat budjetidan gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalar ko‘rinishida 12,3 trln so‘m ajratish reja qilingan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot 2028 yilga boribgina to‘xtashi mumkin.
Rasmiylar tariflarning oshishini eskirgan infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya kompaniyalarining zararlarini kamaytirish va sohaga investitsiyalarni jalb qilish zarurati bilan izohlashgandi. Amalda vaziyat ko‘p ham ijobiylashmadi, ta’minotda mavjud muammolar hali saqlanib qolyapti.
Mavzuga oid

11:29
Bosh reja o‘zgartirilishi mumkin, faqat tadbirkorning g‘oyasi bilan emas – Qurilish vazirligi

18:40 / 25.07.2025
Vazir o‘rinbosari Toshkentning bosh rejasi o‘zgarishini rad etdi. Lekin aks bayonotlar va loyihalar ko‘p

17:48 / 25.07.2025
Toshkentda 670 mingdan ortiq xonadonga aqlli suv hisoblagichlar bepul o‘rnatiladi

22:49 / 24.07.2025