O‘zbekiston | 19:50 / 22.04.2025
3030
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migrantlariga subsidiya va kompensatsiya ajratish tartibi belgilandi

Subsidiya va kompensatsiyalar «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga ajratiladi.

Foto: RIA Novosti

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, «Xorijga ishga tayyorlash markazi» tashkil etiladi va unda «Yagona darcha» tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yo‘lovchi avtobuslar sonini ko‘paytirish orqali xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan «Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan hamda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, subsidiya va kompensatsiyalar «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi xarajatlarni qoplash bo‘yicha ajratiladi, jumladan:

  • chet tillari va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlarini qoplash uchun, ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — BHMning 3 baravarigacha;
  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 5 baravarigacha;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun — BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
  • nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga — 50 million so‘m miqdorida.

Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chiqib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 10 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2 yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.

Mavzuga oid