Sport | 12:32
13064
20 daqiqa o‘qiladi

Shomurodov «Roma»ni qutqardi, «Liverpul» yutqazdi. Kun o‘yinlari

Eldor «Yuventus»ga qarshi uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Husanov yana zaxirada qoldi, «Siti» «MYu»ni yenga olmadi va YeChL uchun kurashda ortda qolmoqda. APLni tark etgan ilk jamoa nomi ma’lum. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: «Liverpul»da noqulay raqib

«Fulhem» — «Liverpul» 3:2
Gollar:
Sessenon (23), Ivobi (32), Muniz (37) — Mak Allister (14), Dias (72). 
«Fulhem» — Leno, Kastan, Andersen Bessi, Robinson, Lukich (Rid, 76), Berg, Sessenon (Traore, 82), Pereyra (Smit-Rou, 76), Ivobi (Tete, 82), Muniz (Himenes, 76). 
«Liverpul» — Kelleher, Jons, van Deyk, Konate (Bredli, 67), Roberson (Kiyeza, 83), Mak Allister, Gravenberh, Saloh, Soboslai (Elliot, 55), Gakpo (Dias, 55), Jota (Dias, 66). 
Ogohlantirishlar: Lukich (46), Smit-Rou (86), Leno (90+5). 

«Liverpul» futbolchilari diqqatini maksimal darajada jamlashi qiyin bo‘lmoqda. Qizillar Chempionlar ligasidan ham, milliy kubok turnirlaridan ham erta chiqib ketgan, chempionatda esa ikkinchi o‘rin bilan farq juda katta. Turnir jadvalidagi eng yaqin ta’qibchidan 11 ochko oldinda ketayotganda jamoa bo‘shashishi tabiiy, qolaversa, tur o‘yinini bir kun oldin o‘tkazgan «Arsenal» ham ochko yo‘qotgandi («Everton» bilan durang), «Fulhem»ga qarshi o‘yinda esa Mak Allisterning uzoq masofadan to‘qqizlikka aniq yo‘llangan zarbasi bilan tezkor gol urildi.

Lekin shundan keyin favoritlar uchun dahshatli o‘n besh daqiqalik ro‘y berdi. Avvaliga Jonsning jarima maydoni ichidagi xatosidan keyin to‘p Sessenonga kelib tushdi va u yaqin masofadan darvozani «o‘qqa tutdi». Keyin Ivobi rikoshet yordamida jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi, «Liverpul» mudofaasidagi navbatdagi xato esa odatda zaxiradan tushib gol uradigan Rodrigo Munizning birinchi bo‘limdayoq gol urishiga olib keldi. Bu qizillar APL o‘yinlarida hisobda oldinga chiqib olganidan keyin tanaffusgacha uchta gol o‘tkazib yuborishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi. Mehmonlar ikkinchi bo‘limda tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay, faqat Luis Dias gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Elliotning zarbasi to‘singa tekkanida esa mersisaydliklar mag‘lubiyatsiz seriyasini 26 turga uzaytirishi uchun so‘nggi imkoniyatdan ham foydalana olmadi. Slot shogirdlari sentabr oyidan buyon ilk bor mag‘lubiyatga uchradi.

«Fulhem» esa «Liverpul» uchun noqulay raqibga aylanib bormoqda. Qizillar so‘nggi to‘rt o‘zaro o‘yindan ikkitasida durang o‘ynab, bir marta yutqazdi. Bu mavsumda hozircha faqat «Fulhem» va «Nottinghem» bo‘lajak chempionlardan to‘rt ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Holbuki so‘nggi yillargacha o‘zaro o‘yinlarda «Liverpul» mutlaq favorit bo‘lib kelgan, londonliklar «Kreyven Kottej»da bu raqibni 2011 yildan buyon yenga olmayotgandi. Endilikda 48 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda borayotgan Marku Silva shogirdlari ochkolarining teng yarmini 1-10-o‘rinlardagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritgani ham jamoaning bu mavsumi haqida ko‘p narsani ko‘rsatib turibdi.

«Tottenhem» — «Sauthempton» 3:1
Gollar:
Jonson (13, 42), Tel (90+5, penalti) — Fernandesh (90+1). 
«Tottenhem» — Vikario, Porro, Romero, Devis, Spens, Bergvall (Grey, 80), Bentankur (Sarr, 57), Meddison (Bissuma, 80), Jonson, Solanke (Tel, 87), Son (Odober, 57). 
«Sauthempton» — Ramsdeyl, Uoker-Piters, Bednarek, Menning (Vellington, 64) Harvud-Bellis, Ugochukvu (Styuart, 83), Aribo (Smolbon, 64), Dibling (Sugavara, 73), Fernandesh, Sulemana, Archer (Onuachu,  73). 
Ogohlantirishlar: Ugochukvu (26), Porro (60). 

O‘tgan mavsum chempionshipdan elitaga ko‘tarilgan «avliyolar» yana ortga qaytib ketishi kuzdayoq ayon bo‘lgandi. «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ham ilojsiz ko‘ringan jamoa Jonsonning birinchi bo‘limdagi dublidan keyin taqdirga tan berdi va chempionat yakunlanishiga 7 tur qolganida chempionshipga tushib ketishi rasman tasdiqlandi.

Jamoa mavsum davomida faqat ikki o‘yinda g‘alaba qozondi va 4 bor durang o‘ynab, 23 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. To‘plar nisbati 23-74. Agar mavsum oxirigacha boshqa ochko olinmasa, Ivan Yurich shogirdlari «APLning eng yomon jamoasi» maqomini 2007/08 yillar mavsumini 11 ochko bilan yakunlagan «Derbi Kaunti»dan bu maqomni tortib oladi. Endi janubliklar qolgan turlarda «Aston Villa», «Vest Hem», «Fulhem», «Lester», «Siti», «Everton» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilishadi.

«Brentford» — «Chelsi» 0:0
«Brentford» — Flekken, Ayyer (Kayode, 83), Kollinz, van den Berg, Lyuis-Potter, Nyorgor, Yarmolyuk (Yanelt, 66), Mbeumo, Damsgor (Yyensen, 83), Shade, Vissa. 
«Chelsi» — Sanches, Gyusto, Chaloba, Adarabioyo, Jyeyms (Kukurelya, 77), Kaysedo, Fernandes, Madueke (Netu, 59), Dyuzberi-Holl (Palmer, 59), Sancho, Nkunku (Jyekson, 46). 
Ogohlantirishlar: Gyusto (26), Adarabioyo (45), van den Berg (77), Fernandes (87).

«Chelsi» haftani turlicha o‘tkazdi. Bir tomondan, ko‘klar ikki o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqladi, ammo derbida «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alaba (1:0) ortidan «Brentford» bilan nursiz durang qayd etildi. Lekin o‘yinda yaratilgan vaziyatlarga qaralsa, Enso Mareska jamoasi g‘alabadan ko‘ra mag‘lubiyatga yaqinroq edi. Sanches bir necha vaziyatda jamoasini qutqardi, jumladan o‘zi bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Damsgorning tahdidini bartaraf etdi. O‘yin oxirlarida esa «asalarilar» darvozabon hududidan zarba berib ham gol ura olishmadi. Olingan bir ochko «Chelsi»ga hamon turnir jadvalida «Manchester Siti»dan yuqorida, YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rinda qolish uchun yetarli bo‘ldi, uchinchi o‘rindagi «Nottinghem» esa bu turda yutqazganiga qaramay to‘rt ochkolik farq bilan oldinda.

«Manchester Yunayted» — «Manchester Siti» 0:0
«Manchester Yunayted» — Onana, Dalot, Mazraviy, Maguayr (Lindelyof, 58), Yoro, Dorgu, Kazemiro, Fernandesh, Ugarte (Maunt, 71), Garnacho, Hoylund (Zirkze, 71). 
«Manchecter Siti» — Ederson, Nunesh, Gvardiol, Diash, O'Rayli (Lyuis, 74), Kovachich, Gundo‘g‘an (Grilish, 74), Silva, de Bryuyne, Marmush, Foden (Doku, 58).
Ogohlantirishlar: Diash (1), Silva (46), Dalot (67), Maunt (75), Yoro (84).

Manchester derbisi — APLda so‘nggi o‘n yillikning asosiy brendlaridan edi. B jamoalarning o‘zaro uchrashuvi «qizil iblislar»ning ulkan muammolariga qaramay, o‘tgan mavsumda ham katta ajiotaj keltirib chiqarardi. Ammo hozir vaziyat boshqacha, qo‘shnilarning ikkisi ham og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

Jamoalarning oldidagi vazifalar oddiyroq: «Siti» Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishdan umid qilmoqda (imkoniyatlar yomon emas), «Yunayted» esa bu haqda faqat orzu qilishi mumkin — jamoa mavsumni turnir jadvalining dastlabki o‘nligida yakunlashi ham qiyin masala. Shuning uchun, uchrashuv ko‘proq APLning ikki o‘rtamiyona jamoasi uchrashuvi maqomiga kelib qolgan.

«Shaharliklar» so‘nggi vaqtlarda o‘ziga kelmoqda, ammo keng ko‘lamli qayta qurishga tayyorlanmoqda. Masalan, jamoaning so‘nggi o‘n yillikdagi asosiy futbolchisi bo‘lgan Kevin De Bryuyne yozda jamoani tark etadi. Belgiyalik yarimhimoyachi «MYu» bilan o‘yinning boshlang‘ich tarkibidan o‘rin oldi, lekin «Siti» hujumidagi asosiy kuch — Holand yo‘qligida uning uzatmalaridan foydalanadigan futbolchi yo‘q. Fil Foden, Marmush va Bernardu ham ajoyib ijrochilar, ammo butun tizim yaxshi ishlamayotganida ular yorqin o‘yin ko‘rsata olmaydi. Gvardiola barcha chiziqlar bo‘ylab tajribalar o‘tkazishda davom etmoqda — bu o‘yinda ham yosh va tajribasiz Abduqodir Husanov zaxirada qoldirilib, Yoshko Gvardiolni mudofaa markaziga qo‘ydi (Stounz, Ake va Akanji yo‘qligida majburiy chora), so‘nggi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgan Niko O'Rayli esa chap qanot himoyasida tushdi.

«Yunayted» esa jarohat tufayli safdan chiqqan Martines, Diallo, Shou va Evanssiz mavsumni yakunlab qo‘yishi kerak, qolaversa, de Liht ham tiklanishga ulgarmagan, shunday ekan, o‘yin uchun tanlangan tarkib optimaldan yiroq edi. Jamoada ayniqsa maydon markazida kreativ yetishmayapti, Kazemiro — Ugarte bog‘lami esa — bunyodkorlik emas, ko‘proq buzg‘unchilikka qaratilgan.

Bunday yo‘qotishlar o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy edi. Mankunianliklar ilk daqiqadayoq jarima zarbasi ishlashdi, ammo Brununing zarbasi jonli devordan o‘tmadi. Mezbonlar asosan Dorguning chap qanotida faollik ko‘rsatishdi, ammo bo‘lim davomida e’tiborga arzigulik hujumlar ko‘p bo‘lmadi — faqat Dalotning uzatmasidan keyin Garnachoda yuzaga kelgan vaziyatni eslash mumkin, ammo argentinalik vinger xavfli zonada turib kerakli darajada zarba berolmadi.

«Siti» futbolchilari odatdagi kabi o‘yinning ko‘p vaqti davomida to‘pga egalik qilishdi, faqat ish xavfli vaziyatlargacha yetib bormadi. «Shaharliklar»ning hujumlari ko‘p hollarda uzoq masofadan yo‘llangan zarbalar bilan yakunlandi — ammo Foden, De Bryuyne va Gundo‘g‘anning urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi. Marmushda yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo misrlik hujumchining zarbasini Maguayr to‘sib qoldi.

Ikkinchi bo‘lim biroz intensiv va qiziqarliroq tus oldi. Tanaffusdan keyin Foden hisobni ochish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo Mazraviy to‘p yo‘liga tashlandi. Keyingi 20 daqiqa davomida Onana ham o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi — «MYu» posboni Marmushning standartdan yo‘llagan xavfli zarbasini qaytardi, keyin esa qanotdan berilgan xavfli uzatmaga chiqib bordi.

Ederson esa deyarli butun o‘yin davomida ishsiz o‘tirdi, ammo kerakli pallada qahramonlik ko‘rsatib, ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Zirkzeyening to‘sin ostiga ketayotgan zarbasini qaytarib qoldi. Shuningdek, Kovachich va Kazemironing jarima maydonidagi to‘qnashuvidan keyin «Yunayted» futbolchilari penalti so‘rashdi, vaziyat bahsli edi, ammo hakam videotakrorni ko‘rish uchun bormadi.

Oxirgi o‘n daqiqada «MYu» shturm uyushtirishga urinib ko‘rdi, ammo oldingi 80 daqiqada bo‘lgani kabi bunga kuchi yetmadi. 2017 yil aprelidan buyon ilk bor 0:0 hisobida yakunlangan ushbu derbidagi yaqqol ko‘rinib turgan jihat - ikki jamoaning ham kuchsizligidir. O‘yinda har ikki jamoaning naqadar yomon ahvolda ekani ko‘rindi. Muxlislar ham o‘yin tezroq tugashini kutishdi. Bu durangdan keyin «Siti» kuchli to‘rtlikka kirib olish imkoniyatini yo‘qotdi, «MYu» esa 13-o‘rinda qoldi.

Ispaniya: «Atletik» foydasiga nollar

«Sevilya» – «Atletiko» 1:2
Gollar:
Agume 7 – Alvares 25 (pen), Barrios 90+3.
«Atletiko»: Oblak, Molina (Galan, 46), Le Norman, Langle, Aspilikuyeta (Koke, 55), Simeone (Rikelme, 68), Lorente, Barrios, Gallaher (Lemar, 78), Alvares, Grizman (Syorlot, 56).
Ogohlantirish: Simeone 51, Langle 57, Le Norman 85, Kalas 90+6, Syorlot 90+6.

«Ramon Sanches Pisxuan»dagi o‘yin yakunlanganida «Atletiko» muxlislari o‘tgan turlardagi ochko yo‘qotishlarni afsus bilan eslashgani tabiiy. So‘nggi turlardagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin madridliklar amalda chempionlik poygasini tark etgandi. Agar o‘sha o‘yinlardagi yo‘qotishlar bo‘lmaganida peshqadamlarning bu turdagi qoqilishlari («Real» yutqazdi, «Barselona» o‘z uyida durang o‘ynadi) qizil-oqlarni poygaga qaytargan bo‘lardi.

«Matraschilar» jiddiy raqibga qarshi sifatli o‘yin o‘tkazishdi. Birinchidan, xarakter ko‘rsatib, irodali g‘alabaga erishildi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Gallaher jarima maydonida yiqitilgach belgilangan penaltini Alvares benuqson ijro etdi. Ikkinchidan, Pablo Barrios hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urib, jamoaga xos an’ana haqida eslatib qo‘ydi. Bu «Atletiko» joriy mavsumda beshinchi bor 90-daqiqadan keyin g‘alaba golini urishi bo‘ldi. Ammo bu g‘alabadan keyin ham birinchi o‘rindagi «Barsa» bilan oradagi farq yetti ochkoni tashkil etmoqda.

«Vilyarreal» — «Atletik» 0:0
«Vilyarreal» — Luiz, Foyt, Femeniya, Kosta (Kambvala, 78), Kardona (Pedrasa, 77), Byukenen (Pino, 57), Komesanya, Parexo (Guyye, 63), Baena, Barri, Peres (Moreno, 57). 
«Atletik» — Simon, Berchiche (Boiro, 35), Paredes (Nuniyez, 73), Vivian, Gorosabel, Prados (Gomes, Jauregizar, N.Uilyams (Sanset, 63), Gomes (Berengiyer, 64), I.Uilyams, Guruseta (Sannadi, 73). 

Bu YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin uchun kurashdagi muhim o‘yin bo‘ldi. O‘yin boshlanishi arafasida turnir jadvalidagi qo‘shnilar bo‘lgan «Atletik» va «Vilyarreal»ni olti ochko ajratib turgandi (ammo «sariq submarinalar»da «Espanol»ga qarshi qoldirilgan o‘yin ham bor). O‘yinning ahamiyati — juda katta edi, bu esa tomoshaboplikka ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Jamoalar kurashga asosiy e’tiborni qaratishdi va vaziyatlar juda kam bo‘ldi. Agar birinchi bo‘lim oxirida aka-uka Uilyamslar o‘z vaziyatlaridan foydalana olganida, o‘yin boshqacha tus olishi ham mumkin edi. Pinaning zarbasidan keyin to‘p baribir darvoza to‘riga borib tushganida esa, vaziyatga VAR aralashib, to‘p mezbonlarning boshqa futbolchisining qo‘liga tekkanini ko‘rsatdi. O‘yin oxirida esa zaxiradan tushgan Guyye qizil kartochka olib, «Vilyarreal»ni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bu strategik durang qatorasiga uch turda o‘z darvozasini saqlagan va olti bo‘limda bitta gol urgan «Atletik» foydasiga bo‘ldi — eng yaqin ta’qibchi bilan olti ochkolik farq saqlab qolindi.

Italiya: «Atalanta» inqirozda

«Atalanta» — «Latsio» 0:1
Gol:
Isaksen (54).
«Atalanta» — Karnezekki, Jimsiti, Hin, Kolashinats, Bellanova, de Ron, Ederson (Breshianini, 78), Zappakosta, Kuadrado (de Ketelare, 58), Lukman (Samarjich, 74), Retegi (Maldini,  75). 
«Latsio» — Mandas, Lazzari, Xila, Jigo (Provsgaard, 68), Tavaresh (Pellegrini, 34), Belahian, Rovella, Chauna, Dele-Bashiru, Zakkani (Noslin, 69), Dia (Vesino, 84). 
Ogohlantirishlar: Rovella (40), Kolashinats (77), Lazzari (87).

O‘tgan turda Florensiyada yutqazgach, «Atalanta» amalda skudetto uchun kurashdan chiqib ketgandi. Qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urmasdan yutqazish (2014 yildan buyon eng yomon seriya) bergamoliklarning Chempionlar ligasi istiqbollarini ham xavf ostida qoldirdi. Dushanba kuni «Bolonya» o‘z uyida «Napoli» ustidan g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni tortib olishi mumkin. Hozircha esa «Latsio» Jan Piyero Gasperini jamoasi bilan oradagi farqni uch ochkogacha qisqartirdi, bu o‘yinda ham Xinning qo‘pol xatosi jamoani qiyin holatga soldi. Oldingi turda ham ushbu himoyachi «Fiorentina» to‘purari Moyze Kinga gol sovg‘a qilgandi. Endi — o‘z jamoadoshini tepib yiqitdi va hal qiluvchi gol muallifi Isaksenga assistentlik qilgan Dele-Bashirga yeta olmadi. «Latsio» uchun bu og‘ir haftalar oldidan muhim g‘alaba bo‘ldi, Marko Baroni jamoasini Yevropa Ligasi chorakfinalida «Bude-Glimt»ga qarshi o‘yinlar, ular orasida — «Roma» bilan derbi kutmoqda.

«Roma» — «Yuventus» 1:1
Gol:
Shomurodov 49 — Lokatelli 40. 
«Roma» — Svilar, Manchini, Hummels (Shomurodov, 46), Ndika, Chelik (Nelsson, 72), Kone, Kristante (Paredes, 61), Anxelinio, Soule, Al-Sha’roviy (Gurna-Duat, 61), Dovbik (Baldanzi, 85). 
«Yuventus» — Di Gregorio, Kalulu, Veyga, Kelli, Makkenni, Lokatelli (Savona, 76), Tyuram, Vea (Kambiyasso, 68), Gonsales (Kopmeyners, 69), Yildiz, Vlahovich (Kolo-Muani, 68). 

Rimdagi o‘yin turning markaziy uchrashuvi maqomini to‘la oqladi. Tiagu Motta Igor Tyudorga almashtirilgach, ko‘tarinki ruhda o‘ynay boshlagan «Yuventus» birinchi bo‘limni kuchli o‘tkazdi. Turinliklar soddaroq, lekin aniqroq o‘ynashmoqda. Hisobni ochuvchi goldan oldinroq Niko Gonsalesning bosh bilan to‘sin ostiga yo‘llagan zarbasini Svilar qaytarib yubordi. Mezbonlar safida esa Al-Sha’roviyning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi.

Kalyulyuni birinchi bo‘lim qahramoni deyish mumkin. Byankonerilarning ushbu himoyachisi avvaliga Kristantening yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi yo‘liga o‘zini otdi, uning hujumga qo‘shilishi esa Lokatellining goli bilan yakunlandi. Ammo Klaudio Raniyeri «Roma»ning 15 uchrashuvlik mag‘lubiyatsiz seriyasi (so‘nggi yetti uchrashuvdagi g‘alaba seriya) nimaning hisobiga ekanini eslab qoldi. Ikkinchi bo‘limda «bo‘rilar» safida himoyachi Hummels o‘rniga hujumchi Eldor Shomurodov maydonga tushdi va hisobni tenglashtiruvchi golni urdi.

O‘zbekistonlik forvard o‘tmishda «Kalyari»da ham o‘ziga ustozlik qilgan Raniyerining ishonchini oqlashda davom etmoqda. U jamoaga kelganidan keyin maydonga tusha boshlagan futbolchi yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasida 6 (4+2) samarali ball ishladi va bir necha bor, jumladan, turinliklarga qarshi o‘yinda ham eng yaxshi futbolchi deb topildi. Ammo durang natija ikki tomonni ham qoniqtirmaydi. «Yuventus» — ayni vaqtda beshinchi o‘rinda va YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda ortda qolmoqda, «Roma» esa — asosiy yevrokuboklarga yo‘llanma bermaydigan yettinchi o‘rinda qolmoqda va derbi arafasida «Latsio» bilan tenglashib ololmadi.

Mavzuga oid