Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va Putinning ehtimoliy uchrashuvi. Bu haqda nimalar ma’lum?
Oq uy rahbari urushni tugatish bo‘yicha ishlar yaqin kunlar va haftalarda davom etishini ma’lum qildi.

Foto: UPI/Bloomberg/Getty Images
Chorshanba kuni kechqurun, Amerika prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvadan uchib ketishi bilanoq, g‘arbdagi nashrlar o‘z manbalariga tayanib keyingi haftada Donald Tramp va Vladimir Putinning o‘zaro uchrashuvi, keyin esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida uchtomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligi haqida yoza boshladi.
Tramp muzokaralar yakunida avvaliga Uitkoff Moskvada Putin bilan juda samarali uchrashuv o‘tkazganini aytdi, keyinroq jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilish uchun yaqin orada Rossiya rahbari bilan uchrashishi mumkinligini tasdiqladi.
BBC prezidentlarning ehtimoliy uchrashuvi haqida nimalar ma’lumligini ko‘rib chiqdi.
Ikki tomondan signallar
Uitkoffning Putin bilan Kremldagi beshinchi uchrashuvi, aprel oyi oxiridagi so‘nggi uchrashuvda bo‘lgani kabi taxminan uch soatga yaqin davom etgan. Uitkoff Moskvaga Donald Trampning Ukrainadagi sulh bo‘yicha ultimatumi tugashiga ikki kun qolganida tashrif buyurdi.
«Sezilarli yutuqlarga erishildi! Shundan so‘ng, ba’zi yevropalik ittifoqchilarimizni xabardor qildim. Hamma bu urushni tugatish kerak degan fikrga qo‘shiladi va biz yaqin kunlar va haftalarda buning ustida ishlaymiz. Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur!» – deb yozdi Tramp muzokaralardan so‘ng Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuvdan so‘ng «Ukraina inqirozi» hamda «Rossiya va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ehtimoliy rivojlanish istiqbollari» haqida «juda foydali va konstruktiv suhbat bo‘lib o‘tgani»ni qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Amerika ma’muriyatiga «ba’zi signallar»ni yuborgan hamda AQShdan tegishli signallarni olgan, u hozircha batafsil izoh berishdan tiyilishini qo‘shimcha qilgan.
Fox News telekanalining Amerika ma’muriyati vakiliga tayanib ta’kidlashicha, Uitkoff Moskvadagi muzokaralarda Putindan Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligi va xohishi haqida signal olgan.
«Vladimir Putin bugun Moskvada Stiv Uitkoffga Tramp bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi», – dedi telekanal muxbiri efirda.
CNN telekompaniyasi ham Oq uyning ikki vakiliga tayanib Putinning o‘zi Kremlda Uitkoff bilan muzokaralar chog‘ida Tramp bilan uchrashuv o‘tkazishni taklif qilganini xabar qildi.
OAV Oq uyda Uitkoffning Putin bilan muloqoti «kutilganidan ko‘ra samaraliroq» bo‘lgani haqida yozgan.
Tramp va uning ma’muriyatidagilar Putin bilan uchrashuv haqida nima deyishmoqda?

Chorshanba kuni kechqurun jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Donald Tramp Putin bilan tez orada uchrashishi mumkinligini tasdiqladi.
«Uchrashuv yaqin orada bo‘lib o‘tishi mumkinligi yaxshi», – dedi Tramp. U Rossiya va AQSh chorshanba kuni «yaxshi muzokaralar» o‘tkazgani haqidagi gapni takrorladi, shu bilan birga, Moskvaning savdo hamkorlariga qarshi keyingi ikkilamchi sanksiyalarni istisno qilmadi.
Biroz oldin AQSh davlat kotibi Marko Rubio Rossiya va AQSh yetakchilarining ehtimoliy uchrashuvi yo‘lidagi «ko‘plab to‘siqlar»ni yengib o‘tish uchun katta ishlar qilinishi kerakligini aytgandi.
«Bugun yaxshi kun bo‘ldi, lekin oldinda bizni ko‘p ish kutmoqda. Hali ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tish kerak va biz buni yaqin kunlar, soatlar, balki haftalar ichida amalga oshirishga umid qilamiz», – dedi Rubio Fox Business telekanaliga.
Oq uydagi jurnalistlar uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqlagandi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Tramp avval Putin bilan, keyin esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida uchtomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi mumkin.
«Rossiyaliklar prezident Tramp bilan uchrashish istagini bildirishdi va prezident ham prezident Putin, ham prezident Zelenskiy bilan uchrashish uchun ochiq. Prezident Tramp bu shafqatsiz urush tugashini istaydi», – deya Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning bayonotidan iqtibos keltiradi CNN.
Logistik murakkabliklar
New York Times gazetasi Trampning Ukraina va Rossiya prezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejasi uning Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida ma’lum bo‘lganini yozgan.
Suhbatda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Germaniya kansleri Fridrix Mers, NATO bosh kotibi Mark Ryutte, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, Stiv Uitkoff, shuningdek, Volodimir Zelenskiy ishtirok etgan.
Chorshanba kuni kechqurun qilgan murojaatida Ukraina rahbari Rossiya «endi o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil ko‘rinayotgani»ni aytdi.
New York Times manbalariga ko‘ra, uchrashuvlar – agar ular bo‘lib o‘tsa – yevropalik hamkasblar ishtirokisiz o‘tkaziladi.
CNN Oq uy xodimlaridan biriga tayanib xabar berishicha, Tramp kelasi hafta Putin bilan uchrashish istagida bo‘lsa-da, logistika qiyinchiliklarini hisobga olgan holda bunday muddatda uchrashuv o‘tkazish qiyin bo‘lishi mumkin.
Telekompaniya manbalariga ko‘ra, Trampning yordamchilari uchrashuvlarni rejalashtirish va tayyorlashga allaqachon kirishgan.
«Prezidentning safari va ikki yetakchi bilan muhim uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish odatda vaqt talab qilsa-da, rasmiylar Tramp o‘z jamoasini tezkor harakat qilishga chaqirganini ta’kidladi», – deyiladi CNN xabarida.
CNN Oq uyda uchrashuv kelasi hafta yoki yaqin ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi. Uchrashuv joyi hali aniq qilinmagan, biroq bir necha variant muhokama qilinmoqda, deya xulosa qiladi telekompaniya.
Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakatini AQSh, Rossiya va Ukraina yetakchilarining muzokaralari uchun maydon sifatida taklif qilgandi.
Tramp Putin bilan oxirgi marta 2019 yilda Osakada bo‘lib o‘tgan G20 sammitida uchrashgandi. Bundan bir yil oldin yetakchilar Helsinkida ikki tomonlama sammit o‘tkazgan edi.
Mavzuga oid

10:00
Tramp agar kelishuv bajarilmasa, YeIga tariflarni oshirish bilan tahdid qildi

21:18 / 06.08.2025
Tramp Rossiya neftini sotib olayotgan Hindistonga sanksiya joriy qildi

18:21 / 06.08.2025
Putin va Uitkoff Ukraina inqirozi va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi

16:52 / 06.08.2025