Jahon | 12:04
1659
2 daqiqa o‘qiladi

Rostov yaqinidagi Tatsinskaya stansiyasiga yana dronlar hujum qildi

Bir qator Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, Rostov viloyatidagi Tatsinskaya stansiyasiga dronlar hujumidan keyin sodir bo‘lgan yong‘in tez orada o‘chirilgan.

Foto: Telegram / astrapress

Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatidagi Tatsinskaya temiryo‘l stansiyasiga 6 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi yana dronlar tomonidan hujum qilindi. Bu haqda mahalliy aholiga tayanib, bir qator Telegram-kanallari xabar berdi.

Shot Telegram-kanali yozishicha, «taxminan soat 1:00 larda Tatsinskiy tumanida kuchli portlashlar eshitila boshladi, kamida 5-7 marta kuchli portlashlar eshitildi, bundan oldin tepada uchib o‘tgan UUAning xarakterli ovozi eshitildi». «Eto Rostov Novosti» Telegram-kanaliga ko‘ra, dron qulaganidan keyin daraxt yonib ketgan, biroq tez orada yong‘in o‘chirilgan. Astra va Exilenova Telegram-kanallari ham bino yaqinidagi alanga ichida qolgan daraxtni ko‘rish mumkin bo‘lgan kadrlarni e’lon qildi.

Rostov viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Yuriy Slyusarning so‘zlariga ko‘ra, Tatsinskaya stansiyasida yashovchi uch oila turar joy binosi yaqinidagi yong‘inlar tufayli evakuatsiya qilingan.

Tatsinskaya stansiyasiga qilingan bu hujum bir sutkada ikkinchisi bo‘ldi — avvalgisi 5 avgustga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Ukrainaning «Obozrevatel» nashri ta’kidlashicha, bu stansiya mahalliy neft bazasiga olib boruvchi strategik muhim temiryo‘l liniyasida joylashgan.

Mavzuga oid