Jahon | 08:05
7122
2 daqiqa o‘qiladi

BP 25 yil ichida eng yirik neft-gaz konini topdi

Britaniyaning BP kompaniyasi Braziliya qirg‘oqlari yaqinida «so‘nggi 25 yildagi eng yirik» neft-gaz koni topilganini ma’lum qildi. Kompaniya avvalroq Ozarboyjonda rekord darajadagi konlarni topgandi.

Foto: REUTERS

Britaniyaning BP (British Petroleum) neft-gaz kompaniyasi korxona Braziliya qirg‘oqlari yaqinida so‘nggi 25 yildagi eng yirik neft-gaz koni topilganini e’lon qildi. «Bumerang» nomini olgan kashfiyot mamlakat janubi-sharqida, Rio-de-Janeyrodan 404 kilometr uzoqlikda joylashgan Santos havzasida qilingan.

Kon Atlantika okeanida, tuz qatlami ostida joylashgan. BP 2022 yil dekabrida kimoshdi savdosida topilgan hududda foydali qazilmalarni qazib olish huquqini oldi. Kompaniya chuqurligi 5855 metr bo‘lgan quduq burg‘iladi va umumiy maydoni 300 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan foydali qazilma zaxiralari ochildi.

Qayd etilishicha, karbonat angidrid konsentratsiyasining ortishi ishlab chiqarishni murakkablashtirishi va qayta ishlash xarajatlarini oshirishi mumkin. BP hozirda konning imkoniyatlarini to‘g‘ri aniqlash imkonini beruvchi qo‘shimcha laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazmoqda.

«Bumerang» BP tomonidan 2025 yilda ochilgan o‘ninchi neft-gaz konidir. Bungacha kompaniya mutaxassislari nafaqat Braziliyada, balki Trinidad, Misr, Meksika ko‘rfazi, Liviya, Namibiya va Angolada ham konlarni aniqlagan.

Mavzuga oid