O‘zbekiston | 21:28 / 04.08.2025
2723
8 daqiqa o‘qiladi

Tobora jiddiy tus olayotgan vaziyat, kulfatdagi navoiyliklar va yolg‘onchi Ekovazirlik – Navoiyda zahar saqlanib qolmoqda

2025 yil 4 avgust – Ekovazirlik “aybdor korxonani topdik, faoliyatini to‘xtatdik” deganidan 4 kun o‘tdi. Ammo navoiyliklar bu tongni ham zahar yutib qarshi olishdi. Bu holat kecha ham, undan oldingi kun ham bo‘lgan va bo‘lishda davom etmoqda. Navoiyliklarni bu balodan kim qutqaradi?

Navoiy shahrida 20 kundan buyon kuzatilayotgan va sababi hamon aytilmayotgan smog odamlarni zaharlashda davom etmoqda. Ekologiya vazirligining o‘rganish yakunlari esa yolg‘on bo‘lib chiqdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vaziyat hamon jiddiy

Shaharni zaharli tutun qoplash holati bugun, 4 avgust kuni tongda ham kuzatilgan. Bu haqda Kun.uz’ga shahar va shahar atrofida yashovchi aholidan bir nechta murojaatlar kelib tushdi.

Ekologiya vazirligi o‘rgandik, 20 dan ortiq korxonani yopdik, degandi. Biroq bugun tongda juda kuchli zaharli moddalar atmosferaga qo‘yib yuborildi. Buni odamlar o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, burni bilan nafas olib sezib turibdi. Mas’ullar esa shuncha odamni aldashga urinyapti hammasi joyida deb. Shahar aholisida allergik kasalliklar ko‘payib bormoqda”, deydi murojaatchilardan biri.

Yana bir murojaatchi esa nafas olish qiyin bo‘lib qolganini, atrofni achchiq, ko‘mir yonganda chiqadiganga o‘xshash hid qoplab olganini ma’lum qildi.

Odamlar odatda har tong uyga toza havo kirsin, deya xonadonining derazalarini ochadi. Biz esa uyga zaharli havo kirmasin, deya derazalarni yopib yurishga majbur bo‘lyapmiz. Hammaning ham uyida konditsioner yo‘q. Havo issiq, qiyin bo‘lyapti. Ayniqsa, yosh bolalar va yoshi katta nuroniylar sog‘ligiga jiddiy ta’sir qilmoqda bu zaharli tutun”, deydi u.

Ekovazirlik aldadi

Zaharlanayotgan shahar va shahar atrofi aholisi “o‘pkasi bilan birga sabr kosasi ham to‘lganini” aytmoqda. Holatni o‘rgangan Ekologiya vazirligi hududda havoni ifloslantirgan 20 dan ortiq korxona faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirgandi. Ro‘yxatda g‘isht, shifer, beton plita, ohak zavodlari, kimyoviy moddalar saqlash ombori, sutni qayta ishlash, fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish korxonalari bor. Hatto “Navoiyazot” ham jarima va kompensatsiya to‘lovlariga tortilgan. Biroq vazirlik shaharni qoplab olayotgan zaharli tutun aynan qaysi korxonadan chiqayotganini aniq aytmadi.

“Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 ta guruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.

Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talablariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlandi.

Shu bilan bir qatorda o‘rganish davomida faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, atmosfera, yer va suv muhofazasi bilan bog‘liq talablar qo‘pol ravishda buzilgani, betartib chiqindixonalar yaratilgani sababli 22 korxona faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu korxonalarga 10 kunlik muddat berildi. Kamchiliklarini bartaraf etmagan 19 ta korxonalarning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritildi” deyiladi vazirlikning 31 iyul kunidagi xabarida.

Shuningdek, vazirlik atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirgani va belgilangan qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgani uchun sobiq “Elektrokimyo” zavodi xududidagi “Sogda kimyo zavod”, “Ferrosplav” va “Zarafshon industrial technology” MChJlar faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirgandi. Mazkur korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berilgan.

Qolaversa, o‘rganishda “Navoiyazot” korxonasi ham atmosfera havosini ifloslantirgani aniqlangan. Xususan, 29 iyul kuni korxonaning karbamid sexida olingan tahlil natijasida ammiak belgilangan me’yoridan 1,08 marotaba yuqoriligi, 29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi zavod atrofida o‘tkazilgan tahlillar natijasida ammiak miqdori 1,5 marta, vodorod sulfidi 36 marta yuqori chiqishi holati aniqlangan.

Ammo Ekologiya vazirligining xabaridan so‘ng ham vaziyat o‘nglanmadi. Bu navoiyliklarning xavotirini va e’tirozini oshirmoqda.

Ekolog nima deydi?

Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi vakili o‘rganish hamon davom etayotganini bildirdi.

Ekologga ko‘ra, aybdorni topish ular uchun qiyin kechmoqda.

Tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalarini qo‘ymagani uchun biz ekologlar juda qiynalyapmiz. Zavodga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirolmaymiz, havo iflosligini uning atrofidan o‘lchak, zavodlar ko‘pligi sababli bir-biriga to‘nkayapti.

Stansiyalar qo‘yilsa, biz kompyuterda qaysi korxona qachon atmosferaga me’yoridan ortiq kimyoviy modda chiqarganini ko‘rib o‘tiramiz. Birdan signal keladi. Keyin biz osongina isbotlab beramiz sening korxonang havoni ifloslantirdi deb. Va birdan o‘sha muammoni hal qilmaguncha faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma beramiz. Birorta korxona avtomatik stansiya qo‘ymayapti. Majburlash kerak buni yuqoridan”, deydi u.

Tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyasi atmosfera havosining ifloslanishini kuzatish va tahlil qilish uchun o‘rnatiladi. Ular atmosferaga chiqayotgan zararli moddalarning miqdorini aniqlab, atrof-muhitga ta’sirini baholash imkonini beradi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi manbalarni nazorat qilishdir.

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi vakilining tushuntirishicha, bu stansiyalar atmosferaga chiqayotgan turli zararli gazlar va moddalarni aniqlab, ularning miqdorini o‘lchaydi. Ular I va II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga o‘rnatilgach, vazirlikka integratsiya qilinadi. Ya’ni ekologlar qaysidir zavod havoga belgilangan me’yordan ortiq miqdorda zaharli gaz yoki modda chiqarsa, stansiya uzatgan ma’lumot va signaldan bilib olishadi.

Bu turdagi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish I toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar, II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun 2026 yil 1 iyulga qadar belgilangan.

Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I toifaga yirik zavodlar kiritilgan. Ro‘yxatga ko‘ra, Navoiy viloyatida I toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari soni 71 tani, II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari soni esa 218 tani tashkil etadi. Ushbu ro‘yxat yakuniy emas. Bu korxonalarning 122 tasi Navoiy shahri atrofida joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, 13, 19, 21 va 22 iyul kunlari Navoiy shahrini o‘tkir hidli qalin tutun qoplab, odamlarda yo‘tal va boshqa asoratlarni keltirib chiqargan. “Navoiyazot” bir necha bor bayonotlar berib, bu tutunga zavodning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Zavodda o‘rnatilgan kamera tasvirlaridan changsimon tutun sobiq elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotganini ko‘rish mumkin. Viloyat Ekologiya boshqarmasi avvaliga holat bo‘yicha “Navoiyazot”ni ayblayotgan edi, lekin kompaniyaning qat’iy raddiyalaridan keyin ekologiya organi asl sababchilarni qidirishga kirishgandi.  

Mavzuga oid