Jahon | 10:59 / 30.07.2025
2210
2 daqiqa o‘qiladi

Dpa: Arab davlatlari HAMASni G‘azoda hokimiyatdan ketishga chaqirdi

Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni va Iordaniya G‘azo sektorida HAMASni hokimiyatdan ketishga chaqiruvchi hujjatni imzolagan davlatlar qatoriga kiradi, deb xabar beradi dpa.

Foto: Reuters

Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni va Iordaniya HAMAS guruhining G‘azo sektoridagi hukmronligini to‘xtatishga chaqiruvchi hujjatni imzoladi, deb xabar bermoqda dpa 29 iyul, seshanba kuni o‘z qo‘lidagi hujjatga tayanib. Hujjatni, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Braziliya, Italiya, Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya ham imzolagan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Germaniya yangilik e’lon qilingan paytda ushbu chaqiriqni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatoriga kirmagan.

Yaqin Sharqdagi mojaroga barham berish uchun aniq qadamlar qo‘yishga chaqiruvchi yetti sahifalik hujjatda HAMAS eksklavdagi hukmronligini to‘xtatib, xalqaro ko‘mak bilan qurollarni Falastin ma’muriyatiga topshirishi kerakligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, dpa ta’kidlaganidek, u Falastin guruhining 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan teraktini qoralaydi.

Agentlikning tushuntirishicha, Nyu-Yorkdagi ikki davlat yechimi bo‘yicha konferensiya chog‘ida imzolangan hujjat sentabrgacha BMT tomonidan rasman qabul qilinishi kerak. Ungacha yana bir qancha davlatlar uni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Hujjatda Isroil tomoniga chaqiruvlar ham bor, deb yozadi dpa. Xususan, imzo chekkanlar yahudiy davlatidan G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni va G‘arbiy sohildagi yahudiy ko‘chmanchilar faoliyatini to‘xtatishni talab qilmoqda. Boshqa narsalar qatori, guruh mintaqada BMTning barqarorlashtiruvchi kuchlarini yaratishni qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid