Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dina Rubinaning g‘azoliklar haqidagi gaplaridan keyin uning Toshkentdagi konsertiga chipta sotuvi to‘xtatildi
Asli o‘zbekistonlik, hozirda Isroilda yashaydigan rus yozuvchisi Dina Rubinaning Toshkentdagi adabiyot konserti uchun chiptalar sotuvi to‘xtatildi. Avvalroq “Dojd” telekanali jurnalisti u bilan intervyudan kesilgan jumlalarni e’lon qilib, Rubina: “Isroil g‘azoliklarning hammasini kislotada eritib yuborishga haqli” deganini iddao qilgandi. Yozuvchiga ko‘ra, uning gaplari “qabihlarcha manipulyatsiya qilingan”.

“Dojd” telekanali YouTube sahifasiga joylangan intervyudan kadr
Isroillik rus yozuvchisi Dina Rubina “Isroil G‘azoni tozalashga haqli” degani iddao qilinishi ortidan, uning Toshkentda o‘tishi belgilangan konserti uchun chiptalar sotuvi to‘xtab qoldi.
Rubina 10 oktyabr kuni “Turkiston” saroyida adabiyot konserti o‘tkazishi haqida o‘tgan haftada e’lon qilingan, saroy kassalari va iTicket.uz saytida chiptalar sotuvi boshlangan edi. Lekin ayni paytga kelib, onlayn sotuv to‘xtab qolgan. Tegishli sahifaga kirganda “404. Sahifa topilmadi” xatoligi ko‘rinadi.
Konsert haqida Afisha.uz saytiga joylangan e’lon ham o‘chirib yuborilgan.
Bu holat – yahudiy millatiga mansub yozuvchining yaqinda bergan intervyusidan kesilgan parchalar e’lon qilinishi fonida ro‘y berdi.
20 iyul kuni “Dojd” telekanali Dina Rubina bilan qariyb 1,5 soatlik intervyuni e’lon qildi. Unda bir qator mavzular sirasida Hamasning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumi vaqtidagi noinsoniy vahshiyliklar va shundan keyin avj olgan urush haqida ham so‘z borgan.
Ushbu intervyuni olgan jurnalist Mixail Kozirev 22 iyul kuni Facebook'dagi sahifasida post qoldirib, Rubina bilan suhbatni efirga uzatishda uning ayrim gaplari kesilganini ma’lum qildi va suhbatning bir qismini o‘zining ta’biricha “butun holatda”, matn shaklida taqdim etdi.
“Biz monologdan uchta eng provokatsion jumlani: “xlorid kislotada eritish”, “avtoturargohga aylantirish” va “hammasini yo‘q qilishlarini xohlayman” degan gaplarni kesib tashlashga qaror qildik. Qolgan barchasini [efirda] e’lon qildik. Quyida – ana shu bo‘lakning to‘liq rasshifrovkasi”, – deya yozdi Kozirev va bir nechta savol-javobdan iborat dialog matnini keltirdi.
U keltirgan dialogda Rubina, jumladan, quyidagicha gaplar aytgani ko‘rsatilgan: “Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Ularning hammasini xlorid kislotada eritib yuborish huquqiga ega. G‘azoni tozalash va u yerni avtoturargohga aylantirish huquqiga ega. Mana Isroil qanday huquqlarga ega. Chunki u yerda tinch aholi yo‘q, yo‘q! Bir o‘qituvchi isroillik askarning boshini muzlatkichda saqlagan, boshqa biri tana qoldiqlarini sotish uchun – ular qimmat turadi – yerto‘lada saqlagan. Shuning uchun menga bu “tinch aholi” haqida gapirishmasin”
Ushbu post ostidagi izohlarda rossiyalik yahudiy musiqachi Andrey Makarevich “eng asosiy joylarini kesib yuboribsizlar” deya yozgan. Bunga javoban Mixail Kozirev faqatgina alohida iboralar olib tashlangani, chunki “bunday gaplar efirda hech kimga nisbatan aytilmasligi kerak”ligini bildirgan.
Kozirevning yozishicha, Rubina intervyuning efirga ketadigan yakuniy variantini “ma’qullagan”. Lekin jurnalist Facebook'dagi postini chiqarishdan oldin yozuvchi bilan kelishib o‘tirmagan.
Postning izohlar qismida foydalanuvchilarning ayrimlari “Dojd” telekanalini senzurada ayblagan, ayrimlar kanalning qarorini to‘g‘ri deb hisoblab, Rubina haqidagi fikri o‘zgarganini yozgan. Izoh yozganlardan yana ba’zilari esa yozuvchining gaplari kontekstdan yulingani, natijada bu gaplar aslidagidan ko‘ra yomonroq eshitilayotganini qayd etgan.
Voqeaga boshqa jurnalistlar ham e’tibor qaratib, muhokamalar kengaya boshlagach, 29 iyul kuni Dina Rubina raddiya bilan chiqdi. U Facebook'ga joylagan postida jurnalist Kozirevni qabihlikda, kesilgan iqtiboslar orqali manipulyatsiya qilganlikda aybladi.
“Intervyu boshlovchiga haddan tashqari yumshoq bo‘lib ko‘ringan shekilli, o‘tkirroq taassurot qoldirish uchun mening turli so‘zlarim va iboralarimdan iflos to‘ldirishlarni yasab, o‘zining feysbukiga joylashga shoshilibdi. [...] Bu – soxtalashtirish ham emas, bu shunchaki o‘ylab chiqarilgan ma’nolar orqali puxtalik bilan manipulyatsiya qilish”, – deya yozdi Rubina.
Bunga javoban Misha Kozirev yozuvchidan uzr so‘rab, post qoldirdi.
“Dina Rubina bilan intervyumizda G‘azo sektori haqdia aytilgan gaplarning to‘liq rasshifrovkasini e’lon qilib, xato qildim. Biz tahririyat bilan intervyudan uchta radikal jumlani olib tashlashga qaror qilgan edik. Lekin feysbuk sahifamda bu bo‘lakni to‘liq holda berish muhim bo‘lib ko‘ringan edi. Bunday qilmasligim kerak edi.
[...] Men har qanday xalqqa nisbatan “ularning hammasi shunaqa” deya umumlashtirish halokatli deb hisoblayman. Yomon millatlar bo‘lmaydi, yomon odamlar bo‘ladi. Yovuzlikning darajasi haddan ortib ketishi ko‘p bo‘ladi, lekin dushmanlarga nisbatan “ularning hammasini yo‘qotish kerak” degan tezisni hatto urush ham oqlay olmaydi”, – dedi Kozirev.
Kozirev ham, Rubina ham videointervyuning bahsli qismi montaj qilinmagan versiyasini taqdim etmadi. “Dojd” telekanali ham hozircha holatga munosabat bildirmadi.
Ma’lumot uchun, Dina Rubina 1953 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U O‘zbekiston SSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan, madaniyat institutida dars bergan. 1984 yilda Moskvaga ko‘chib ketgan. Hozirda Isroilda yashaydi va rus tilida kitoblar yozadi.
Mavzuga oid

10:59
Dpa: Arab davlatlari HAMASni G‘azoda hokimiyatdan ketishga chaqirdi

09:54 / 29.07.2025
G‘azo hukumati: Isroil ocharchilikni kuchaytirmoqda

07:26 / 29.07.2025
G‘azoga gumanitar yordam: Mers Netanyahudan yangi qadamlar talab qildi

20:22 / 28.07.2025