Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bir oyda ikki marta kelishi kerak, ikki oyda bir marta kelyapti” – joylarda chiqindi tashish qanday ishlamoqda?
Kun.uz suhbatida bo‘lgan Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlarida yashovchilarga ko‘ra, vaqtida ko‘rsatilmagan xizmat sabab odamlarning hovlilarida 10-15 qoplab ham chiqindilar yig‘ilib ketadi. Yurtdoshlarimiz shunday bo‘lsa-da, to‘lovlarni vaqtida undirib olishlarini, aks holda qarzdorlik yozilishini aytishyapti. Odamlar chiqindi xizmatida sifat yaxshilanmay, elektr energiyasi bilan bog‘liq yangi tartib ishga tushishiga ijobiy fikrda emas.

1 avgustdan boshlab chiqindidan qarzi borlar elektr toki uchun to‘lov qilolmaydigan amaliyot ishlay boshlaydi. Yangi tartibga ko‘ra, chiqindini olib chiqib ketish xizmatidan qarzi bor iste’molchilarga har oyning 5-sanasigacha SMS yuboriladi. Shundan keyin 5 kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.
Ayni tartibdan odamlar qanchalik xabardor va umuman, hozirgi kunda chiqindi xizmat ko‘rsatish sifatini aholi qanday baholaydi? Kun.uz shu savollar bilan Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota hamda Farg‘ona viloyatining Quva tumanlarida yashovchi fuqarolarga mikrofon tutdi. Quyida intervyulardan ayrim qiziq parchalar keltiriladi.
Tahririyat muxbiri suhbatlashgan aksariyat respondentlarga ko‘ra, maxsustrans xizmati 2 hafta, 1 oyda bir marta kelgani sabab hovlilarda qoplab chiqindilar yig‘ilib ketadi. Odamlar xizmat mashinalari kelganini transport vositasining signali yoki qo‘shnilar orqali bilib olishadi.
“Xullas, musorimiz bir oyda ikki marta kelishi kerak edi, ikki oyda bir marta kelyapti. Shu muammomiz.
[Chiqindi] Bir yig‘ilsa, bir xil payt kamroq, bir xil payt 7-8 qop bo‘ladi. Hovli bo‘lganidan keyin supuriladi, boshqa qilinadi, chiqib keladi. [Chiqindi qoplarini] Eshikning tagiga olib chiqib qo‘yamiz. Kuchuklar talab yotadi bekorga”, – deydi erkak suhbatdoshlardan biri.
“To‘g‘risini aytsam, qachon kelishini ham bilmaymiz. Unutib ham qo‘yamiz. Endi hech bo‘lmasa bir haftada bir marta kelishsa ham yaxshi bo‘lardi. 15 kun, 20 kun bo‘lib ketadi.
Hali ham mashinamiz bor, goh paytlar mashinamizda chiqaramiz. O‘zimizning yengil mashinada. Shaharga olib ketamiz, nima qilaylik? Boshqa iloj yo‘q”, – deydi bir ayol.
“[Chiqindi xizmat ko‘rsatish sifati] nol. Biz zo‘rlab chaqirsak kelishadi. Yaqinda hokimiyatdan, hokimimiz keldilar. Shu mavzuni ko‘tardik, lekin baribir nol. Chiqindi, svet, suv bizda umuman yo‘q.
Bir oyda janjal qilsak, zo‘rg‘a keladi. [Chiqindi] qoplab yig‘ilib ketadi. 10 ta ham bo‘ladi. Turaveradi. Nima qilamiz boshqa? Goh-gohida o‘zimiz kichkina mashinalarda tashlaymiz. Boshqa payt uyda sasib, issiq kunda, hamma yog‘imiz rasvo bo‘lib turadi. Chunki kelmaydi-da, zo‘rlab chaqiramiz, aytyapman-ku. Yengil mashinasi borlar ko‘chaga olib chiqib qo‘ysa, solib yuboramiz. Yo‘l-yo‘lakay tashlab ketishadi. Endi ko‘p axlatlarni baribir tashlay olmaysiz-ku.
Instagramʼda ko‘rdim, kelmagan oyiga biz pul to‘lamaslikka haqqimiz bor ekan. Lekin unaqa bo‘lmaydi, to‘laymiz. Oyma-oyiga [chiqindini] tashlasak-tashlamasak pul to‘latishadi. Tashlamagan oylarimiz juda ko‘p bo‘ladi. Ikki oyda ham bitta kelishadi. Pulga chaqirtirsak”, – deydi yana bir ayol.
“Kanalizatsiya yo‘q. Issiq kunda o‘shanga chiqindimizning ham hidi qo‘shiladi. Mana hozir necha gradus bo‘lyapti. Shunaqa haligi ikkalovi duxan-da. O‘shanga yana plyus bolalarni qo‘shib olib o‘tiramiz.
Qishda-chi, ikki oylab olib ketmagan vaqtlari bo‘ldi. Hozir endi bir oyda bitta kelyapti. Rahmat o‘shanga ham, deymiz. Bir oyda qovun-tarvuzlaringiz qay ahvolga keladi, po‘choqlaringiz-chi? Mayli, uni ajratib, ko‘chaga olib chiqib, ilib qo‘yamiz. Mol boqadiganlar olib ketishadi. Endi issiqda o‘shalar ham osilib, oqib, chak-chak bo‘lib, shunaqa bo‘ladi-da. Juda ahvol og‘ir.
To‘lovni agar qilmay ko‘raylik-chi! Mahallamizda janjal, urush bo‘ladi. Bizning ko‘chaga chiqindi keldi degani, janjal keldi degani. “Sen to‘lamagansan, chiqindini to‘kmaysan”, deydi. Oyma-oy to‘laymiz. Masalan, ikki oy chiqindi to‘kmagan oyimizga ham to‘latib olishdi.
To‘lamaguningizcha chiqindingizni olishmaydi. Uni bahona qilishdi: mashina yo‘q deyishdi, haydovchi yo‘q deyishdi. Qishning kechasi sovuqlarda mashinalar buzilibdi. Biz ham tushunamiz ularning ahvoli, tirikchilikni. Yana nima deyishdi? Gaz olisha olmayapti deyishdi. Qishda mashinalar gaz ololmaydi-da. Bular gazda yuradi-ku. Gazning hisobidan mashinalar kelmadi”, – dedi yana bir respondent.
Aksariyat fuqarolar intervyu davomida 1 avgustdan ishga tushadigan yangi tartibdan xabari borligini, ammo hali sifat yaxshilanmay turib, uning ishga tushirilishini ijobiy qabul qilolmasliklarini aytishdi.
Ta’kidlanishicha, ko‘rsatilmagan chiqindi xizmati uchun ham to‘lovlar undiriladi, pul berilmasa, odamlarga qarzdorlik yoziladi. Ayrim iste’molchilar to‘lovlarni naqd pul shaklida xizmat ko‘rsatuvchilarga berishini, biror tizimdan foydalanmasligini bildirishdi.
“Endi odamlar vaqtida to‘laydi deb aytiladi-yu. Qani endi to‘lashsa hammalari. Qani bizlarga ham chiroyli xizmat qilib qo‘yishsa, biz ham ularga salomga alik deganday, ko‘namiz. Lekin svet ham vaqtida kelmasa... o‘chib qolaveradi. Mana yozda ham, mana ertalab ham yoqmaydi. Uch mahal, to‘rt mahal svet o‘chadi”, – dedi ayol.
“Bizga chiqindi bo‘yicha bir oyda bir marta keladi, bo‘lmasam kelmaydi. Musor postoyanno hidlanadi. Bir oyda bir marta keladi, lekin pul olganda zo‘r oladi. Qish kuni uch oylab ham kelmadi. Nega desak, “yo‘q” deydi. “Pul to‘laysizlar”, deydi. Lekin pul oladi. Mana shunaqa bizda, musor yaxshi ishlamaydi. O‘sha musorning yonida bir ayol yuradi, yozadi, telefoniga s’yomka qiladi. Shunaqa qiladi-da, oyma-oy to‘lanadi”, – dedi yana bir erkak.
Bu poytaxt biqinidagi ayrim tumanlardan qilingan so‘rovnomadan parchalar edi. Kun.uz bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 3 ta: Turk, Namuna hamda Qaqir mahallalarida yashovchilarining ham fikrini o‘rgandi. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ushbu so‘rovnoma orqali shahar markazidan biroz uzoqroqda joylashgan tumanlardagi ahvolni ko‘rdingiz. Haftalab chiqindi tashilmaydigan joylarda qarz hisoblanishi, kamiga to‘lanmasa, elektr tokidan uzib qo‘yilishi qanchalik adolatli? bu haqidagi fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring
Ma’lumot uchun, Kun.uz studiyasida suhbatda bo‘lgan Chiqindilarni boshqarish agentligi rahbariyatiga ko‘ra, avgustdan boshlanadigan tartib ichki identifikatsiyadan o‘tgan abonentlarga tatbiq etiladi va faqat iyul oyidan boshlab shakllangan qarzlarga taalluqli bo‘ladi. Iqtisodchi Otabek Bakirov yangilikni amalga kiritishdan oldin qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor edi deb hisoblagandi.
Dilshoda Shomirzayev,
Sarvar Ziyoyev tayyorladi.
Mavzuga oid

11:40 / 23.07.2025
Senat chiqindidan qarz sabab elektrga to‘lov qilolmaslik mexanizmini tanqid ostiga oldi

14:16 / 14.07.2025
Chiqindidan qarzdor chiroqsiz qoladi: rasmiylar va jamoatchilik faoli bahsi

19:07 / 11.07.2025
Chiqindidan qarzi borlar 1 avgustdan boshlab svet uchun pul to‘lolmaydi

12:15 / 10.07.2025