O‘zbekiston | 15:15 / 28.07.2025
7425
1 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ikki o‘smir kanalda cho‘kib ketdi

Namangandagi «Shimoliy Farg‘ona» kanaliga cho‘milishga tushgan olti boladan 2 nafari cho‘kib ketdi. 16 yoshli bolalardan birining jasadi oradan 3 kun o‘tib topildi. Ikkinchisini Namangan, Chust va Pop tumanlari bo‘ylab qidirish davom etmoqda.

Foto: Namangan viloyati FVB

Namangan viloyatida ikki nafar o‘smir kanalda cho‘kib, vafot etdi.

Viloyat FVB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 23 iyul kuni soat 13:48 atrofida 112-yagona dispetcherlik xizmatiga hodisa haqida xabar kelib tushgan. 6 nafar bola «Shimoliy Farg‘ona» kanaliga suzish uchun tushgan, biroq ulardan ikki nafari suvdan qaytib chiqmagan.

O‘smirlardan birining jasadi 26 iyul kuni topilgan. Ikkinchi o‘smirning jasadi olti kundirki qidirilmoqda.

28 iyul kuni berilgan xabarda Namangan, Chust va Pop tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limlari yong‘in qutqaruvchilar tomonidan suv usti va boshqarma yong‘in qutqaruv otryadi g‘avvoslari tomonidan suv osti qidiruv ishlari davom ettirilayotgani ma’lum qilingan.

23 iyul kuni Qoraqalpog‘istondagi Aqchako‘l suv havzasida ham bir oilaning uch nafar a’zosi ham cho‘kib ketgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid