O‘zbekiston | 14:18
8472
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Kun.uz tanqid qilgan masala bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlashni buyurdi

Prezident Namanganda maktab o‘quvchilariga avtomobilni ijaraga berish avj olganini tanqid qilib, oqibatda ko‘plab yoshlar majruh bo‘lib qolayotgani, o‘lim holatlari ham ko‘pligini aytdi. Bunday qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladigan bo‘ldi. Avvalroq Kun.uz bu mavzuda bir nechta tanqidiy materiallar e’lon qilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolyapti. O‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi sohasi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan selektorda aytib o‘tdi.

Prezident ichki ishlar boshliqlari, viloyat va tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini aytdi.

Shu munosabat bilan bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Namanganda maktab o‘quvchilariga avtomobilni ijaraga berish “biznesi” gullayotgani haqida Kun.uz bir necha bor yozgandi. Xususan, 17 aprel kuni “Namanganda “biznes”ga aylanayotgan “yezda” va halok bo‘layotgan bolalar: mas’ullar nazoratni yo‘qotdimi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan.

Maqolada namanganlik maktab o‘quvchilari ijaraga olingan mashinada yana avtohalokatga uchragani, mashinasini bir necha soatga ijaraga berish orqali oson pul topayotganlar bu noqonuniy ishini hammaning ko‘z o‘ngida qilayotgani, viloyat IIB va YHXB mas’ullari esa negadir ularga nisbatan jiddiy chora ko‘rolmayotgani ta’kidlangan edi.

Keyinroq viloyat YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyev avtomobillarni ijaraga beruvchilarning Telegram-guruhlarida a’zolarning 90 foizi o‘quvchilar ekanini aytgandi.

Yuqori sinf o‘quvchilari 8 soatgacha vaqtini telefonda o‘tkazyapti

Davlat rahbariga ko‘ra, hozirda 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktori va muallimni ham, ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarur.

“Biz maktabgacha va maktab ta’limi tizimida katta o‘zgarish qila oldik. Lekin hali yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar bor”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazriligiga butun tizimi bilan “favqulodda 90 kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirildi.

O‘tgan yili 1,5 mingta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning ta’lim dasturi joriy qilingan, lekin hozir shundan 300 tasida zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari yo‘q.

Shuningdek, ikki yil oldin tarmoqlar talabi asosida 289 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilariga 60 turdagi kasblarni o‘rgatish boshlangan. Shundan 114 ta maktabga tadbirkorlar biriktirilib, 4 ming o‘quvchi 2 milliondan 5 million so‘mgacha oylik olyapti.

Dehqonobod, G‘uzor, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Guliston, Sardoba, Xovos, Boysun, Denov, Sho‘rchi, Muzrabot, Buvayda, Dang‘ara, Hazorasp, Xonqa tumanlari hokimlariga bittadan maktabni ushbu tizimga moslashtirish topshirig‘i berilgan edi. Lekin, ular kasbga o‘qitish uchun na zarur jihoz, na xomashyo olib bergani tanqid qilindi.

Mavzuga oid