Biznes | 12:30 / 22.07.2025
1214
3 daqiqa o‘qiladi

Netflix’da norozilik, shahar bankrotligi va Bruneyni boy qilgan kompaniya – 22 iyul biznes tarixida

Dunyo biznesi tarixida 22 iyul sanasi quyidagi muhim voqealar bilan yodda qolgan:

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Netflix’da eng katta norozilik to‘lqini

2011 yilning 22 iyulida kompaniya DVD va onlayn striming xizmatlarini bir-biridan ajratishga qaror qiladi. Bu qaror mijozlar orasida ommaviy norozilikni keltirib chiqardi – kompaniya bir necha hafta ichida 800 mingga yaqin obunachilarini yo‘qotdi va aksiyalari 30 foizga tushib ketdi. Lekin kompaniya baribir ortga qaytmagan. Uzoq muddatda bu qaror Netflix’ning raqamli transformatsiyasiga yordam berdi.

AQSh tarixidagi eng yirik shahar bankrotligi

2013 yil 22 iyul kuni Detroit shahri bankrot deb e’lon qilindi. Shahar hukumati 18 mlrd dollarlik qarzi bilan bankrotlik jarayonini boshlab berdi. Bu voqea AQShdagi eng yirik munitsipal moliyaviy qulashlardan biri bo‘lib tarixda qoldi va jamiyatda katta rezonans uyg‘otdi. AQSh bankrotlik sudi buni qabul qildi va keyingi yillarda shaharni tiklash davom etdi. Pensiyalar qisqartirildi, ayrim kreditorlarga to‘lovlar kamaytirildi. Eng katta yutuq – yangi sarmoyalarda. Bankrotlikdan keyingi yillarda shahar yangi texnologik startaplar, kichik bizneslar, ijtimoiy loyihalar bilan jonlana boshladi.

WorldCom kompaniyasi bankrotlikka yuz tutdi

AQShdagi eng yirik telekom kompaniyalaridan biri bo‘lgan WorldCom 2002 yil 22 iyul kuni 107 milliard dollarlik aktivlar bilan bankrotlik jarayonini boshladi. Bu moliyaviy hisobotlardagi 11 milliard dollarlik soxta ma’lumotlar bilan bog‘liq bo‘lgan eng yirik moliyaviy firibgarliklardan biri edi. Natijada bu voqea AQShda Sarbanes Oxley Act qabul qilinishiga olib keldi – bu qonun korporativ moliyaviy oshkoralikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

AQShda Federal omonat sug‘urtasi korporatsiyasi tuzildi

1933 yil 22 iyulda AQShda Federal Deposit Insurance Corporation (FDIC) – federal omonat sug‘urtasi korporatsiyasi tashkil topdi. Buyuk depressiyadan so‘ng bank tizimiga bo‘lgan ishonchni tiklash maqsadida FDIC – bank depozitlarini sug‘urtalovchi mustaqil federal agentlik tashkil etildi. Bugungi kunda bu tashkilot minglab banklar faoliyatini nazorat qiladi va AQSh bank tizimi barqarorligini ta’minlab turadi.

Bruney sultonligini boy qilgan ingliz kompaniyasi tuzildi

Bugungi Bruney sultonligining kichkina davlatchadan dunyoning eng boy mamlakatlaridan biriga aylanishiga sabab bo‘lgan “British Malayan petroleum company” neft kompaniyasi 1922 yil 22 iyul sanasida tuzilgan edi. Tashkilot Bruneyda neft qazib olish va eksport qilish, ayniqsa, Seria mintaqasidagi boy neft konlaridan foydalanishni maqsad qildi. Neft sanoati tez orada Bruney iqtisodiyotining asosiy tayanchiga aylandi. Neftdan tushgan daromad yangi maktablar, kasalxonalar, infratuzilma barpo etilishiga yordam berdi.

Mavzuga oid