Biznes | 20:54 / 18.07.2025
2451
4 daqiqa o‘qiladi

Netflix xarajatlarni kamaytirish uchun birinchi marta sun’iy intellektdan foydalandi

Foto: Netflix

Netflix o‘zining original teleko‘rsatuvlaridan birida generativ sun’iy intellekt yaratgan vizual effektlardan birinchi marta foydalanganini e’lon qildi. Bu esa kompaniyaga budjetni tejashga yordam bergan, SI maxsus effektga qaraganda 10 baravar tezroq ushbu sahnani yasab bergan. Biroq boshqa kinostudiya asoschilari buni “hunarni oyoqosti qilish” deb baholamoqda.

Kompaniyaning bosh ijrochi va asosiy kontent direktori Ted Sarandosning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatmalar asosida video va tasvirlar ishlab chiqaradigan sun’iy intellektdan Argentinaning “Eternautlar” ilmiy-fantastik shousida binoning qulashi sahnasini yaratish uchun foydalanilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan sun’iy intellekt ishlab chiqarish guruhiga ketma-ketlikni tezroq va arzonroq narxda bajarishga imkon berdi.

Biroq generativ sun’iy intellektdan foydalanish ko‘ngilochar industriyada bahsli mavzu. Chunki boshqalarning ishlaridan ularning roziligisiz foydalanish muammosi – ya’ni mualliflik huquqini inobatga olish kerak bo‘ladi.  

Direktor Sarandos bu borada Netflix daromadlari haqida qilgan chiqishida gapirib o‘tgan. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya  iyun oyining oxirigacha bo‘lgan davrda o‘tgan yilgiga qaraganda 16 foiz ko‘p daromad qilgan. Shu davrda foyda 2,1 mlrd dollardan 3,1 mlrd dollarga oshgan.

Netflix’ning qo‘shimcha qilishicha, kutilganidan yaxshiroq foyda olinishiga Janubiy Koreyaning “Squid Game” (“Kalmarlar o‘yini”) trillerining uchinchi va yakuniy seriyasi muvaffaqiyati sabab bo‘lgan, bu esa hozirgacha 122 million tomoshani jalb qilgan.

Direktorning ta’kidlashicha, “The Eternauts” filmida qo‘llanadigan Buenos-Ayresdagi binoning qulashini ko‘rsatuvchi ketma-ketlikni sun’iy intellekt maxsus effektlarga qaraganda 10 baravar tezroq bitkazib bergan.

“Maxsus effektning narxi bu budjetdagi shou uchun imkonsiz bo‘lar edi. Bu Netflix’ning original seriali yoki filmini suratga olishda ishlatilgan birinchi sun’iy intellekt mahsuloti bo‘ldi. Shunday qilib, ijodkorlar natijadan hayratda qolishdi”, dedi Ted Sarandos.

Sun’iy intellekt 2023 yilda Gollivuddagi ish tashlash paytida ko‘tarilgan asosiy tashvishlardan biri edi. Amerika televideniye va radio san’atkorlari uyushmasi SIdan foydalanishni qattiqroq tartibga solishga chaqirdi. Sanoatdagi ba’zilar kinoda sun’iy intellektdan foydalanishni tanqid qilib, uni “hunarni kamsituvchi” deb atadi.

2024 yilda kinomagnat Tayler Perri SI tomonidan yaratilgan videolarning tez rivojlanishi ish joylariga ta’sir qilishidan qo‘rqib, Atlantadagi studiyasini 800 million dollarga kengaytirish rejalarini to‘xtatdi.

O‘sha paytda OpenAI’ning Sora kabi sun’iy intellekt vositalari e’lon qilingan edi, bu oddiy matnli ko‘rsatmalardan yaratilishi mumkin bo‘lgan kadrlar sifatini hayratda qoldirdi, shuningdek, ish xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqardi.

Singapurdagi “CraveFX” animatsiya studiyasi asoschisi Daviyer Yunning ta’kidlashicha, Netflix’ning generativ sun’iy intellektni qabul qilishi ajablanarli bo‘lmagan, chunki ko‘proq yirik studiyalar texnologiyani olqishlamoqda.

Generativ SI vizual effektli rassomlar g‘oyalarni hayotga tatbiq etish uchun tanlashi mumkin bo‘lgan raqamli vositalar ro‘yxatiga qo‘shiladi, deydi u.

“Bu vaqt masalasi. Sun’iy intellekt, albatta, kichikroq studiyalarga katta budjetli ko‘rinishdagi vizuallarga erishish uchun eshiklarni ochadi”, deydi singapurlik kinochi.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid