Jahon | 18:58 / 21.07.2025
779
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda elektron sigaretalar taqiqlandi

Mamlakatda veyp va boshqa nikotin moddasi mavjud mahsulotlarga qarshi kurash choralari kuchaytirildi.

Qozog‘iston prezidenti 2024 yil 19 aprelda imzolagan Qonunga muvofiq, 20 iyundan boshlab elektron sigaretalar, nikotinli xushbo‘ylashtiruvchi moddalar va shunga o‘xshash nikotinli mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish to‘liq taqiqlandi.

Qozog‘iston Respublikasining «Aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi to‘g‘risida»gi Kodeksining 110-moddasiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, quyidagilar taqiqlandi:

- chekilmaydigan tamaki mahsulotlari;

- elektron iste’mol tizimlari (veyplar);

- veyp uchun xushbo‘y moddalar va suyuqliklar;

- nikotin va qatron miqdori belgilangan me’yordan oshgan tamaki mahsulotlari hamda kalyan aralashmalari;

- sanitariya talablariga javob bermaydigan mahsulotlar.

Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartishlar kiritilib, yangi 301-1-moddaga muvofiq, taqiqlangan mahsulotlarni sotish yoki tarqatish uchun javobgarlik belgilandi. Jumladan, qonunbuzarlarga jarima, 200 soatgacha axloq tuzatish yoki jamoat ishlari yoki 50 kungacha qamoqqa olish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Taqiqlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki olib kirish uchun jarima yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etish (mol-mulkni musodara qilish bilan) jazosi nazarda tutilgan.

Agar qonunbuzarlik takroran yoki guruh bo‘lib sodir etilgan bo‘lsa, jazo 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etishgacha kuchaytiriladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasini taqiqlovchi qonun qabul qilingan edi. Bu mahsulotlarni muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik ham belgilanmoqda.

Mavzuga oid