Jahon | 00:57
7412
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev: «Qorabog‘ni tiklashda ilk sovg‘ani O‘zbekiston bergan»

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Qorabog‘ni tiklash yo‘lidagi harakatlaridan minnatdor ekanini aytdi. Aliyev bu haqda Xankendida o‘tkazilgan media-forum doirasida o‘zbekistonlik jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘janing savoliga javoban gapirdi.

«O‘zbek birodarlarimizning qo‘llovi biz uchun juda muhim. Qorabog‘ni tiklash yo‘lidagi ilk sovg‘ani O‘zbekiston bergan. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Fuzulida 960 o‘quvchiga moslashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochgandik», dedi Aliyev.

Sherzodxon Qudratxo‘ja forum davomida Ozarboyjon prezidentiga bir nechta savollar berdi. Xususan, Zangezur korridori va Ilhom Aliyevning otasi Gaydar Aliyev haqida so‘radi. Prezident Zanguzer koridori bir nechta davlatni bog‘laydigan muhim arteriya bo‘lishini aytdi. Otasi haqida savolga esa ta’sirlanib javob berdi.

«Vatanimiz uchun qiyin damlarda xalqimizning baxtiga Gaydar Aliyevdek odam bor edi. U o‘sha vaqt yosh emas, 70 ga kirgandi, salomatligida ham muammolar bor edi. Lekin u vaziyatni iziga tushira oldi. Otam Qorabog‘ ozod qilinishini eng ko‘p istagan odam edi, lekin, afsus, bu kunlarni ko‘ra olmadi», dedi Ilhom Aliyev.

Mavzuga oid