Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiy birlik darvozasi – Zangezur koridori atrofida nimalar bo‘lmoqda?
AQShning Turkiyadagi elchisi Zangezur koridorini 100 yil muddatga Amerika kompaniyasi ixtiyoriga topshirishni taklif qildi. Bu taklif nega aytilmoqda, unga mintaqa davlatlarining munosabati qanaqa bo‘ladi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritdi.
Kamoliddin Rabbimov: Armaniston bosh vaziri Pashinyan o‘z jamoatchiligini tinchlantirish uchun: “Biz xalqaro konsorsium tuzamiz, Zangezur koridoridagi suverenitetimizni yo‘qotmagan holda, faqatgina uni ma’lum bir shartlarda xalqaro konsorsium boshqaruviga beramiz, u bizga hisobot berib, iqtisodiy foydani ham o‘zimizga yo‘naltirib turadi”, degandi.
Aslida bu – Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi kelishuv shartlaridan bittasi. Ertaga Pashinyan ketadigan bo‘lsa, siyosiy vaziyat o‘zgarib, har safar muammo qaytalanmasligi uchun, Ozarboyjon va Turkiya turkiy dunyoni o‘zaro bog‘lovchi koridor masalasida Armaniston bilan uzoq muddatli kelishuvga erishmoqchi.
Amerikaning Turkiyadagi elchisi Pashinyanning bayonotidan kelib chiqib, agar xalqaro kompaniyaga beradigan bo‘lsanglar, o‘shani bizga beringlar, deyapti. Lekin bunga Armaniston, Ozarboyjon, Eron, Turkiya va Rossiya ham rozi bo‘lmaydi.
Balki bu yerda qandaydir bir detallar, o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Armaniston va Ozarboyjon ikkisi birgalikda Yevropada qandaydir bir konsorsium tuzishi yoki oldindan neytral, vazmin tashqi siyosat yuritadigan Skandinaviya kabi davlatlarning biror bir kompaniyasiga berishi mumkin. Lekin AQSh elchisi so‘rayotgan narsa, bu aslida butun bir mintaqadagi eng katta loyihani nazorat qilmoqchi.
Bunga hattoki NATOning a’zosi bo‘lgan Turkiya ham hech qachon rozi bo‘lmaydi. Chunki vaqti-vaqti bilan Erdo‘g‘an NATOning ichkarisida yoki Amerika prezidentlari bilan ham konfliktga borib turadi. Hozir Tramp bilan munosabatlar yaxshi, lekin kechagi Bayden bilan-chi? Bayden hokimiyatga kelayotganda aytgandi: “Men hokimiyatga kelsam, uchta odamni yo‘qotaman: Putin, Muhammad bin Salmon va Erdo‘g‘an” deb. Menimcha, Amerika elchisining so‘rayotgan narsasi qandaydir kattaroq bir rejaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Shavkat Ikromov: Rossiyaning pozitsiyasi qanday bo‘ladi, degan masalaga ham to‘xtalsak. Umuman olganda, Zangezur koridorining ishga tushishi Rossiyaning iqtisodiy loyihalari uchun xalaqit beradigan masala emas. Agar chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, Moskva Kavkaz, Markaziy Osiyo, Eron va Yevrosiyo mintaqasi bo‘ylab transport liniyalarining bog‘lanishidan manfaatdor. Lekin geosiyosiy nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu yerda Rossiya manfaatlariga mos kelmaydigan jihatlari ham bor, bu jihatlar Rossiyaning Eron bilan ittifoqchiligiga bog‘liq.
Zangezur koridori qurilishi turkiy birlikni 100 foiz ta’minlaydigan asosiy loyiha hisoblanadi va Turkiyaning Kavkazdagi harakat erkinligini ta’minlab berishi mumkin, bundan esa Eron xavotirda. Sababi uning iqtisodiy loyihalari va mintaqadagi asosiy transport o‘tkazuvchi davlat sifatidagi mavqeyiga putur yetadi, ya’ni iqtisodiy zarar ko‘radi. Qolaversa, xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham, mamlakatda katta turkiy diaspora borligini ham inobatga olganda, Tehron bundan manfaatdor emas.
Eron manfaatlariga zid harakatlar bo‘layotgani uchun, eronlik tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Tehron bu joyda Rossiya bilan hamkorlikka va Rossiyani ko‘proq bu yerga jalb etishga harakat qiladi. Rossiya ham Qo‘shma Shtatlar tomonidan berilgan taklifning amalga oshmasligiga qattiq harakat qiladi.
Farhod Karimov: Birinchi navbatda, Armaniston bosh vazirining intervyusi va bergan bayonotidan kelib chiqaylik. U “32 km karidorni sifatli qilib ishga tushirish uchun o‘zimizda iqtisodiy imkoniyatlar yo‘q, shuning uchun tashqaridan boshqa tashkilot yollaymiz” dedi. Shunday bo‘lsa-da, koridor Armanistonning mulki sifatida qoladi. Koridor o‘tadigan hududni ijaraga berish haqida gapirgani yo‘q. Lekin boshqa tomondan, o‘sha kompaniyani tanlab olishda qanaqadir tender e’lon qilinadimi degan masala ochiq qoldi. Shuning uchun ham AQSh agar tender bo‘ladigan bo‘lsa, biz ham qatnashamiz, bizga bering, degan masalani ko‘tardi.
Haqiqatan ham, agar bu tender bo‘ladigan bo‘lsa va bu yerda AQSh kompaniyalari qatnashadigan bo‘lsa, unga raqobat qila oladigan boshqa kompaniya o‘zi topilmasligi aniq. Shuning uchun bu masala yopildi.
Bu koridor agar haqiqatan ham ishga tushib ketadigan bo‘lsa, dengizda Suvaysh kanalining o‘rni qanchalik muhim bo‘lsa, quruqlikdagi Zangezur mana shunaqa ahamiyatli koridorga aylanadi. Chunki bu faqatgina mintaqa davlatlari uchun xizmat qilmaydi. Bu Xitoy uchun dengiz yo‘li yopilib qolgan taqdirda Yevropaga o‘tadigan yagona o‘rta koridoriga aylanadi. Xitoylik siyosatshunoslar, iqtisodchilar ham qayta-qayta: “O‘rta koridorga asosiy urg‘u berishimiz kerak, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘lini tezlashtirishimiz kerak, shu orqali Zangezur koridorigacha chiqadigan infrastrukturani tayyorlab qo‘yishimiz kerak” deyishyapti.
Rossiya esa bloklangan, sanksiyalar davrida bu yo‘ldan faqatgina imkoniyat sifatida qarashi mumkin. Shuning uchun bu loyihani amalga oshirish hali qanday bo‘lishi bilan bog‘liq rejalari ochiqlanmagan. Lekin Rossiyaning bu loyihani amalga oshirishga qattiq qarshilik ko‘rsatishi uning manfaatlariga zid bo‘lib qoladi.
Suhbatni batafsil YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

22:12 / 19.07.2025
Ozarboyjon AZAL samolyoti halokati bo‘yicha Rossiyaga qarshi xalqaro da’vo tayyorlamoqda

18:41 / 18.07.2025
O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida Transafg‘on temir-yo‘li bo‘yicha bitim imzolandi

10:42 / 18.07.2025
“Isroil mintaqada boshqa qudratli davlat shakllanishini xohlamaydi” - siyosatshunos

13:05 / 17.07.2025