Jahon | 08:15 / 16.07.2025
1263
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dronlarining Xarkivga hujumida kamida 3 kishi jabrlandi

Rossiya armiyasi Xarkivga 15 iyul kuni kechqurun "Geran-2" dronlari bilan hujum qildi. 20 daqiqa ichida shaharda 17 ta portlash sodir bo‘ldi. Uch kishi jarohatlangan.

Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati

Rossiya Qurolli kuchlari 15 iyul, seshanba kuni kechqurun Xarkivga uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Bu haqda Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, 20 daqiqa ichida shaharda kamida 17 ta portlash sodir bo‘lgan. Zarbalarning aksariyati, deb yozadi u, shaharning Kiyev tumanidagi fuqarolik korxonasiga to‘g‘ri keldi. Hujum yong‘inga sabab bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik harbiylar "Geran-2" (Shahed) uchuvchisiz uchoqlaridan foydalangan. Ma’lum bo‘lishicha, uch kishi jarohat olgan – ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

15 iyul, seshanbaga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Voronej viloyatiga uchuvchisiz uchoqlardan zarba berdi. Hujum natijasida 27 kishi tan jarohati oldi, dedi viloyat gubernatori Aleksandr Gusev. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlar orasida to‘rt nafar voyaga yetmaganlar ham bor. Bir necha kishining ahvoli og‘ir.

Mavzuga oid