Jahon | 22:11 / 16.07.2025
1262
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa bo‘ylab hujumlarda ishtirok etgan rossiyalik hakerlar guruhi qo‘lga olindi

Hakerlar guruhi Yevropa infratuzilmasiga uch yil davomida mingdan ortiq hujum uyushtirgan.

Foto: Shutterstock

Rossiyaparast NoName057(16) hakerlar guruhining butun dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq serveri Yevropa Ittifoqining Eastwood nomli keng ko‘lamli operatsiyasidan so‘ng o‘chirib tashlandi. Bu haqda Yevropol va Yevroyust bayonotlariga tayanib Bloomberg xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 15 iyul kuni Yevropa infratuzilmasiga uch yil davomida mingdan ortiq hujum uyushtirgan hakerlarga qarshi operatsiya o‘tkazildi.

Muvofiqlashtirilgan xalqaro operatsiya «dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq kompyuter tizimlaridan iborat kiberhujum infratuzilmasining barbod qilinishiga olib keldi», deyiladi Yevropol xabarida.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi rasmiylarining harakatlari natijasida «guruhning markaziy server infratuzilmasi muhim qismi» o‘chirib qo‘yilgan.

Shuningdek, operatsiya natijasida Fransiya va Ispaniyada ikki kishi hibsga olingan, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Chexiya, Fransiya va Polshadagi yigirmaga yaqin uylarda tintuv o‘tkazilgan va Rossiyaning olti nafar fuqarosi, jumladan, guruh hujumlarining «bosh ijrochisi» bo‘lgan ikki nafar shaxs ushlangan.

Mavzuga oid