Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jinoyat olamida bunaqasi kam uchraydi: yashirin ustaxona va g‘oyib bo‘lgan 276 ta mashina
9 oy oldin Namanganda yuzlab avtomobillar davlat ro‘yxatidan noqonuniy o‘tkazilgani haqida yozgandik. Ushbu ish tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Eshitgan odam yoqa ushlaydi: jinoyatchilarda otning kallasiday yurak bo‘lganiga “qoyil qolmay” iloji yo‘q. Hatto IIB xodimlari bilan til biriktirib, 1 yilda 300 ga yaqin mashinani gumdon qilgan bu shovvozlarni Gollivud filmlarida ham ko‘rmagansiz. Qonunlar bilan boshqariladigan O‘zbekistonda bunday ishlar bo‘layotgani odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Maqolani o‘qing va o‘zingiz xulosa chiqaring.

Foto: Kun.uz
Odatda mashina savdosi bilan bog‘liq aksariyat firibgarlik ishlarida oluvchi chuv tushadi. Buni turli avtolizingchi firmalar, oson shartlarda mashina olib berishni va’da qilgan soxta avtosalonlar misolida ko‘p ko‘rganmiz. Biroq ushbu uyushgan guruh faqat mashinasini sotmoqchi bo‘lganlarni aldagan. Ularning jinoiy sxemasi to‘riga ko‘plab oddiy odamlar ham ilingan.
Uyushgan guruh
Ushbu uyushgan guruh ancha katta. Ular orasida Toshkent va Namangan viloyatlari yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektorlari ham bor. Shu sababli jinoiy ish ikkiga ajratilgan. Biz bugun ushbu ikki “delo”ning birinchisi haqida hikoya qilamiz.
Jinoyat ishining boshlanish nuqtasi vodiy viloyatlariga borib taqaladi. Guruhga 1991 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Akmalxon Hoshimov rahbarlik qilgan. Uyushgan guruhda Habibullo Matisayev, Abror Zaynutdinov, Umid Mamadaliyev, Shuhrat Dalimov, Murodillo Bayatov, Zuxruddin Chalov, Sevara Ahmadjonova kabi shaxslar bo‘lgan.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, guruhning har bir a’zosi o‘ziga ajratilgan vazifani bajargan. Guruhdagi asosiy vazifalardan birini Navoiy shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Ixtisoslashgan auksion avto-mulk markazi” MChJ rahbari Murodillo Bayatov amalga oshirgan.
Ishonchni oqlamagan xaridor
Uyushgan guruh mashinasini sotmoqchi bo‘lganlarni topib, chuv tushirgan holda avtomobilini boshqa shaxsga o‘tkazishni va noqonuniy daromad ko‘rishni maqsad qilishgan. Guruh bu ishni amalga oshirish uchun bir necha usuldan foydalangan.
Usullardan biri sifatida mashinasini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ham avtomobilga, ham kreditga chuv tushirishgan.
Jumladan, Akmalxon Hoshimov sheriklari bilan 2023 yil 8 aprel kuni Toshkent tumani hududida fuqaro Akbar Abduxabirov bilan uchrashib, uning Lasetti mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan 11 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishgan. Akmalxon Hoshimov mashina egasiga boshlang‘ich to‘lov sifatida 2 ming AQSh dollari bergan. Qolgan pulni 2 oy davomida to‘lab berishni va’da qilgan. So‘ngra o‘zaro ijara shartnomasi tuzgan holda og‘zaki kelishib, mashinani qabul qilib olgan. Akbar Abduxabirov xaridorga transport vositasini boshqarish huquqini taqdim etuvchi ishonchnoma rasmiylashtirib bergan.
Biroq Akmalxon Hoshimov bergan va’dasini bajarmagan. U qolgan pulni to‘lamasdan Lasetti’ni vodiy viloyatlarida mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar orqali boshqa shaxslarga sotib yuborgan.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu mashina, uning davlat raqam belgilari va qayd etish guvohnomalari qayerda ekanligi aniqlanmagan.
“Go‘shti ham, moyi ham o‘zidan”
Uyushgan guruh “o‘ljasini” asosan Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi mashina bozoridan izlagan. Ularning qarmog‘iga 2023 yil 24 may kuni Solijon Hasanboyev ilingan. U Captiva mashinasini sotish niyatida edi.
Zuxruddin Chalov Solijon Hasanboyevni o‘z nomiga ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirishga ko‘ndirgan. U kredit to‘lovlarini uning nomidan 6 oy ichida o‘zlari to‘liq to‘lashini va’da qilgan. Shu tariqa Solijon Hasanboyev nomiga “Kapitalbank”ning Mirzo Ulug‘bek filialidan 317 mln so‘m miqdorida ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirilgan.
So‘ngra Solijon Hasanboyevning 2018 yil ishlab chiqarilgan Captiva’sini Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan hamda yangi davlat raqam belgisi va qayd etish guvohnomasi olgan. Mashina notarial tartibda bank tomonidan garovga qo‘yilgan.
Zuxruddin Chalov mashinani ijaraga berish bahonasida hujjatlarni egallab, uni keyinchalik noqonuniy sotish uchun Akmalxon Hoshimovga topshirgan. Shu tariqa Captiva haqiqiy egasidan uning o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan kredit orqali sotib olingan. Biroq va’da qilinganidek kredit to‘lovlari to‘lanmagan.
Mashina esa davlat raqam belgisi, kuzov va motor raqamlari o‘zgartirilgan holda boshqa shaxslarga sotib yuborilgan. Ushbu Captiva ham tezkor-qidiruv tadbirlari davomida topilmagan.
300 dollarlik “xo‘rak”
Uyushgan guruh kam ta’minlangan va pulga muhtoj insonlarni ham ayab o‘tirmagan. Ularning yana bir usuli shunaqa insonlar bilan bog‘liq. Ya’ni guruh iqtisodiy jihatdan pulga muhtoj odamlarni topib, 200-300 dollar bergan holda ularning nomiga kredit rasmiylashtirib, mashina olishgan.
Masalan, ular 2023 yil 7 sentabr kuni mavsumiy ishchi bo‘lgan Gulsanam Qurbonovani ayni shu usulda chuv tushirishgan. Ayolning ishonchiga kirgan erkaklar uni 300 dollar evaziga nomiga ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirishga ko‘ndirishgan. Va albatta, kredit to‘lovlarini ayolning nomidan o‘zlari to‘lashlarini aytishgan.
So‘ngra Gulsanam Qurbonovaning fuqarolik pasporti olinib, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsga oid ma’lumotlari modifikatsiya qilingan. Ya’ni portalga o‘zini-o‘zi band qiluvchi shaxs sifatida yolg‘on ma’lumotlar kiritilgan. Shundan keyin ayolning nomiga “Kapitalbank”ning Sergeli filialidan 195,5 mln so‘m miqdorida ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirishgan. Bu pulga olingan Lacetti Sirdaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda yangi davlat raqam belgisi va qayd etish guvohnomasi olingan. Mashina olingan kredit uchun garov ta’minoti sifatida ta’qiqqa qo‘yilgan.
Rasmiylashtirilgan hujjatlar taksi xizmati olib borish bahonasida Gulsanam Qurbonovadan olingan. Shu tariqa kredit to‘lovlari ayolning zimmasida qolgan, mashina esa olib ketilgan.
Ushbu Lacetti tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan avtomashina ta’mirlash ustaxonalarning biriga olib borilgan. U yerda mashinaning dvigatel va kuzov raqamlari joylashgan yuzalari qo‘lbola usulda charxlanib, boshqa raqam va belgilarga o‘zgartirilgan. So‘ngra soxta hujjatlar orqali Lacetti noqonuniy tarzda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va o‘zga shaxslarga sotib yuborilgan.
Mashina, uning davlat raqam belgilari va qayd etish guvohnomalari o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida topilmagan.
G‘oyib bo‘lgan mashinalar
Uyushgan guruh ushbu usullar orqali ko‘plab fuqarolarni chuv tushirgan. Ular 2024 yil 9 aprel kuni soat 15:00 da tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud hujjatida guruh tomonidan 276 ta mashina jinoiy yo‘l bilan egallab olingani qayd etilgan. Ularning aksariyati Lasetti, Cobalt, Nexia, Malibu, Monza, Equinox rusumidagi mashinalar. Shuningdek, ular orasida Spark, KIA, Labo, Hyundai, Tracker va Captiva kabi avtomobillar bor.
Hukmga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mashinalarning faqatgina 25 tasi topilgan, 158 tasi topilmagan. Bundan tashqari, 49 ta mashina G‘ishtko‘prik hamda 44 ta avtomobil Yallama bojxona chegara posti orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketilgani va qaytib O‘zbekiston hududiga kirmagani aniqlangan.
Sud majlisida qo‘shimcha guvoh sifatida so‘ralgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti katta tergovchisi jinoyat ishi doirasida 100 ta mashina bo‘yicha ayblov e’lon qilinganini, sud muhokamasiga qadar 24 ta mashina topilganini, jinoyat ishi doirasida 100 dan ortiq mashina chet davlat hududida ekani aniqlanganini ma’lum qilgan.
Hukmda dastlabki tergov organi tomonidan Akmalxon Hoshimov jinoiy yo‘l bilan egallangan mashinalar sotuvidan 2023-2024 yilar davomida 40 mlrd 792 mln so‘m topgani aniqlangani keltirilgan.
Soxta auksion
Ushbu jinoyat ishida Murodillo Bayatov asosiy vazifalardan birini bajarganini aytgandik. Gap shundaki, u jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mashinalarni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda soxta hujjatlar tayyorlab bergan. Bu qanday amalga oshirilganini bir holat misolida keltirib o‘tamiz.
Uyushgan guruh muqaddam jinoiy yo‘l bilan egallab olgan Lacetti mashinasini tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan avtomashina ta’mirlash ustaxonasiga olib borilgan. Eshiklari berkitilgan ustaxonada mashinaning qat’iy hisobdagi dvigatel va kuzov raqamlari joylashgan yuzalari maxsus texnika vositalari bilan qo‘lbola usulda charxlangan. So‘ngra raqam uruvchi maxsus moslama yordamida kuzovga kelib chiqish manbasi aniq bo‘lmagan XWB5V31BDPA927295 raqami tushirilgan.
Bu orada fuqaro Bahodir Normatovning aldov yo‘li bilan olingan shaxsiga oid ma’luomotlari Murodillo Bayatovga taqdim qilingan. U ushbu ma’lumotlardan qonunga xilof ravishda foydalangan. Ya’ni dvigatel va kuzov raqamlari o‘zgartirilgan Lacetti mashinasini go‘yoki Bahodir Normatov auksion savdolarida sotib olgani haqida soxta g‘oliblik bayonnomasi va unga asos bo‘lgan oldi-sotdi shartnomasini tayyorlagan. Ushbu hujjatlarda sotuvchi va sotib oluvchining imzolari qalbakilashtirilgan. Murodillo Bayatov hujjatlarni o‘z imzosi, yumaloq muhri va QR-kod bilan tasdiqlagan.
Shundan so‘ng ushbu soxta hujjatlar Bahodir Normatov nomidan soxta imzo qo‘yilgan ariza asosida Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasiga taqdim qilingan. Shu tariqa mashina davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va yangi qayd etish guvohnomasini hamda 10 Y 081 QA davlat raqam belgisi berilgan. So‘ngra mashina sotib yuborilgan.
“Jinoiy uyushma tashkil qilmadim”
Akmalxon Hoshimov sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan hamda jinoiy uyushma tashkil qilmaganini bildirgan.
“Bir necha yillardan beri avtomashina savdosi bilan shug‘ullanib kelaman. Ta’mirlangan mashinalar savdosi bilan ham shug‘ullanganman. Faoliyatim davomida juda ko‘p mashina olib sotdim. Ularning hammasini eslay olmayman.
Men jinoyat sodir etish uchun uyushgan guruh tashkil etmadim va unga rahbarlik qilmadim. Ba’zi hollarda hujjatlari bo‘lmagan avtomashinalarga auksion bayonnomalarini rasmiylashtirib, ularni sotganman. Ushbu mashinalarni Abdulaxad ismli shaxsdan olganman.
Abdulla ismli shaxs bilan tanishib qolganimda u menga auksion orqali avtomashinalarga hujjat tayyorlab berishini aytgan. Tekshirganimda ushbu hujjatlar ishonarli bo‘lgan. Ushbu hujjatlar bilan keyinchalik notarial idoralarda ham hujjatlar rasmiylashtirilgan. Asosan Qoraqalpog‘istondan ta’mirtalab mashinalarni olib kelib, uyda ta’mirlab sotganman. Ushbu mashinalarning kuzov raqami va rangini Abdullaga xabar qilib jo‘natganman, u esa menga auksion orqali hujjatlar rasmiylashtirib bergan. Shu usulda taxminan 50 tacha mashina sotdim. Abdulahaddan ham 6 yoki 7 ta mashina olib sotganman.
Haqiqatan ham Abdulahad mashinalarning kuzovidagi raqamini o‘zgartiradigan uskuna olib kelgan. Uni ishlatib ko‘rganmiz, ammo ko‘zlangan maqsadga erisha olmaganmiz. Olib sotgan mashinalarimning kuzov raqamlarini o‘zgartirmaganman”, degan o‘z ko‘rsatmasida Akmalxon Hoshimov.
Shuningdek, u mashinalarga banklardan kredit ajratilishiga umuman aloqasi yo‘qligini, tergov davrida 5-6 ta mashinani tergovchiga topshirganini bildirgan hamda suddan odilona hukm chiqarishni so‘ragan.
Sud ishida Akmalxon Hoshimovga oid yana bir epizod bor. Bu Akmalxon Hoshimov o‘zining voyaga yetmagan o‘gay qizi bilan jinsiy aloqa qilib kelgani haqida. Tergov organi ushbu ayblovni 118-moddasi 4-qismi, ya’ni 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish bilan kvalifikatsiya qilgan. Biroq sud tergov organi noto‘g‘ri xulosaga kelgan, deb hisoblab, Akmalxon Hoshimovning bu qilmishini Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a, b” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilishni lozim topgan.
Qiz sudda o‘gay otasi nomusiga tegib, bir yil davomida jinsiy aloqa qilib kelganini, unga lirika va regapen kabi dorilarni berib kelgani bois ushbu dorilarga o‘rganib qolganini aytgan.
Jazo
Sud hukmi bilan Akmalxon Hoshimovga 9,5 yil, Habibullo Matisayev va Shuhrat Dalimovga 9 yildan, Abror Zaynutdinov, Murodillo Bayatov va Umid Mamadaliyevga 8 yil 3 oydan, Zuxruddin Chalovga 9 yil 1 oy, Sevara Ahmadjonovaga 6 yil 8 oy, Komil Yo‘ldoshevga 3 yil 3 oy, Sardor Ergashevga 8 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Hukmda jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash maqsadida:
- Akmalxon Hoshimov, Zuxruddin Chalov va Sevara Ahmadjonovadan solidar tartibda 10 ta jabrlanuvchiga jami 2 mlrd 952 mln so‘m;
- Akmalxon Hoshimov, Shuhrat Dalimov va Abror Zaynutdinovdan solidar tartibda bir nafar jabrlanuvchi foydasiga 256 mln so‘m;
- Akmalxon Hoshimov, Shuhrat Dalimov, Abror Zaynutdinov, Habibullo Matisayev va Umid Mamadaliyevdan solidar tartibda 157 nafar jabrlanuvchidan jami 25 mlrd so‘mdan ortiqroq;
- Akmalxon Hoshimov, Shuhrat Dalimov, Abror Zaynutdinov, Habibullo Matisayev va Murodillo Bayatovdan solidar tartibda 2 nafar jabrlanuvchiga 458,4 mln so‘m;
- Akmalxon Hoshimov, Shuhrat Dalimov, Abror Zaynutdinov, Habibullo Matisayev, Murodillo Bayatov va Umid Mamadaliyevdan solidar tartibda 37 nafar jabrlanuvchiga jami 8,5 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, 17 ta mashina ularni qonunda nazarda tutilgan tartibda sotib olgan va jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan shaxslarga qaytarilgan. Ashyoviy dalil sifatida olingan va qonuniy egasi ma’lum bo‘lmagan 4 ta mashina esa jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiali asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid

11:57 / 15.07.2025
“Mehnatlarim havoga uchyapti” - To‘raqo‘rg‘onda bog‘ yaratgan tadbirkorning yeri olib qo‘yilyapti

14:34 / 14.07.2025
Toshkent va Namanganda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar ushlandi

14:24 / 14.07.2025
“Ular xalq xizmatiga qaytarilishi kerak” – SSV “qizamiq epidemiyasi” bo‘yicha qamalgan namanganlik vrachlar haqida

17:15 / 10.07.2025