O‘zbekiston | 15:04 / 14.07.2025
1990
2 daqiqa o‘qiladi

2030 yilgacha asfalt qilinmagan ichki yo‘l qolmaydi - transport vaziri

Ilhom Mahkamov so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha ichki yo‘llarning barchasini ta’mirlash ambitsiyali maqsad bo‘lsa-da, dastur Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan.

Foto: Qonunchilik palatasi

2030 yilgacha mahallalardagi barcha asfaltlanmagan ichki yo‘llar tartibga keltiriladi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov 11 iyul kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida ma’lum qildi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov vazirdan mahallalar va aholi punktlaridagi yo‘llarning holati haqida so‘radi. Kuz-qish mavsumida fuqarolardan yo‘llarning qoniqarsiz ahvoli yuzasidan murojaatlar ko‘payib borayotgani aytildi.

«Mahalla, qishloq ichki yo‘llarida 2030 yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Bu bo‘yicha aniq dastur bor. Ya’ni bugungi kunda biz loy, tuproq yo‘llari 70 foizining ayrimlarini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foizini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030 yilgacha bunday yo‘lli aholi punkti qolmaydi. Bu ambitsiyali maqsad bo‘lsa-da, Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan birga bo‘ynimizga olgan tizim», deb javob berdi Ilhom Mahkamov.

Shuningdek, deputat ichki yo‘llarni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazish masalasi turganini qayd etib, bir tumanga qo‘shimcha jamg‘armadan tashqari 4 milliard so‘m ajratiladigan bo‘lsa, bu yo‘l infratuzilmasini saqlash uchun yetarlimi, deb so‘radi.

Transport vaziri bunga javoban, aniq dastur borligini, ba’zi yo‘llar Transport vazirligi balansida bo‘lmasa ham, baribir umumiy siyosatni vazirlik yuritishini, budjet parametrlarida yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish belgilanishini aytdi.

Mavzuga oid