Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilning G‘azoga zarbasi oqibatida suv uchun navbatda turgan bolalar halok bo‘ldi
Favqulodda xizmatlar xodimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Isroilning G‘azo markazidagi havo hujumi oqibatida o‘n kishi halok bo‘lgan, ulardan olti nafari bolalar bo‘lib, ular suv idishlarini to‘ldirish uchun navbat kutayotgandi.

Foto: Getty Images
Ularning jasadlari Nusayratdagi «Al-Avda» kasalxonasiga yuborilgan. Shuningdek, 16 nafar yarador, jumladan yetti nafar bola kasalxonaga yotqizilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, dron al-Nusayrat qochqinlar lageridagi suv to‘ldirilgan sisterna yonida bo‘sh idishlar bilan turgan odamlar ustiga raketa uchirgan.
Isroil harbiylari hozircha hodisaga izoh bermadi.
Zarbadan keyin paydo bo‘lgan videoyozuvlarda qonga bo‘yalgan bolalar va jasadlarni ko‘rish mumkin. Aholi voqea joyiga shoshilgan va jarohatlanganlarni avtomobillarda, shuningdek eshak qo‘shilgan aravalarda shifoxonaga olib borgan.
G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligi vakilining ma’lum qilishicha, yakshanba kuni anklav markazi va G‘azo shahridagi turar joy binolariga uchta alohida zarba berilishi oqibatida yana 19 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi xabar berishicha, shanba kuni uning Rafahdagi dala shifoxonasiga «o‘qotar quroldan yaralangan» 132 nafar bemor olib kelingan, ulardan 31 nafari vafot etgan.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, bemorlarning aksariyati o‘qotar quroldan jarohat olgan, ular oziq-ovqat tarqatish punktlariga yetib borishga harakat qilishganini aytishgan.
Qizil Xoch ma’lumotlariga ko‘ra, 27 may kuni yangi oziq-ovqat tarqatish punktlari ochilganidan beri kasalxonada 3400 dan ortiq yarador davolangan, 250 dan ortiq o‘lim qayd etilgan. Bu o‘tgan yildagi jabrlanganlar sonidan ko‘p.
«Ommaviy qurbonlar bilan bog‘liq bu hodisalarning xavotirli chastotasi va ko‘lami G‘azodagi tinch aholi qanday dahshatli sharoitda ekanini ko‘rsatadi», – deyiladi qo‘mita bayonotida.
Shanba kuni G‘azo janubidagi «Nosir» kasalxonasi gumanitar yordam tarqatish punkti yaqinida 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, odamlar oziq-ovqat olmoqchi bo‘lganida Isroil qo‘shinlari o‘t ochgan.
Isroil mudofaa kuchlari ushbu hudud yaqinida o‘qqa tutilishi oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgan. Isroil harbiy amaldorining alohida ta’kidlashicha, ogohlantiruvchi o‘qlar harbiylar xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan odamlarni tarqatish uchun otilgan.
Juma kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi hozirgi vaqtda gumanitar yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq 789 ta o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 615 tasi 27 may kuni AQSh va Isroil ko‘magida ochilgan hamda G‘azo janubidagi va markazidagi harbiy hududlarda Amerika xususiy qo‘riqlash kompaniyalari tomonidan boshqariladigan G‘azo gumanitar fondi (GHF) obektlari yaqinida sodir bo‘lgan.
Yana 183 ta o‘lim BMT va boshqa gumanitar tashkilotlar konvoylari yaqinida qayd etilgan.
Isroil harbiylari tinch aholi jabrlangan voqealar sodir bo‘lganini tan oldi va TsAXAL «aholi va [Isroil] kuchlari o‘rtasidagi ehtimoliy to‘qnashuvlarni minimallashtirish» ustida ishlashini bildirdi.
GHF BMTni Hamas tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan «yolg‘on va chalg‘ituvchi» statistik ma’lumotlardan foydalanganlikda aybladi.
Tashkilot rahbari Jonni Mur avvalroq BBC uchun bergan intervyusida yordam punktlari yaqinida odamlar halok bo‘lganini inkor etmasligi, biroq «bu qurbonlarning 100 foizi GHF punktlari atrofida bo‘lgani aytilishi», bu esa «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni ma’lum qilgandi.
Isroil xalqaro axborot agentliklarini G‘azoga kiritmaydi.
Isroil 2023 yil 7 oktyabrda Hamas hujumiga javoban G‘azoda harbiy operatsiya boshlagandi.
Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shandan beri G‘azoda kamida 57 882 kishi halok bo‘lgan.
G‘azo aholisining katta qismi bir necha bor o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, anklavdagi uylarning 90 foizdan ortig‘i shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti, kanalizatsiya va gigiyena tizimlari izdan chiqqan, oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon va uy-joy yetishmaydi.
Bu hafta Isroil 130 kun ichida birinchi marta G‘azoga 75 ming litr yoqilg‘i olib kirishga ruxsat berdi, BMTning fikricha, bu «aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish va tinch aholiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha hayotiy muhim operatsiyalarni o‘tkazish uchun yetarli emas».
Shanba kuni BMTning to‘qqizta agentligi G‘azoda yoqilg‘i tanqisligi «kritik daraja»ga yetgani, agar yoqilg‘i tugab qolsa, bu kasalxonalar, suv ta’minoti tizimlari, sanitariya tarmoqlari va novvoyxonalarga ta’sir qilishi haqida ogohlantirdi.
«Shifoxonalar allaqachon chiroqsiz qolmoqda, tug‘ruq, neonatal va reanimatsiya bo‘limlari ishlamayapti, tez yordam mashinalari harakatlana olmayapti», – deya ta’kidladi BMT.
Mavzuga oid

23:05 / 11.07.2025
Isroil armiyasi HAMASning olti nafar qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi

12:46 / 10.07.2025
AQSh Isroilning asosiy tanqidchisi - Francheska Albanezeni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

07:13 / 10.07.2025
Makron G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

21:27 / 09.07.2025