Jahon | 18:26 / 10.07.2025
1969
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Zelenskiy ishtirokidagi muzokaralarni yozib olgan tarjimonni chetlatdi - Le Monde

Zelenskiyning YeI rahbarlari bilan uchrashuvida chexiyalik tarjimonlar fransuz tilidan ukrain tiliga tarjima qilishga mas’ul hamkasbi suhbat mazmunini yozib olayotganiga e’tibor qaratgan. Yopiq uchrashuvlarda tarjimonlarga biror-bir qaydlarni amalga oshirish qat’iy taqiqlangan.

Foto: AP

Yevropa komissiyasi ukrain tili tarjimoni Volodimir Zelenskiy ishtirokidagi muzokaralarni yozib olish bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘lgach, uni josuslikda gumonlab, akkreditatsiyadan mahrum qildi, deb yozmoqda Le Monde.

Gap Yevropa Ittifoqi yetakchilari va Zelenskiyning 2024 yil 19 dekabrda bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvi haqida ketmoqda. Ushbu uchrashuv AQSh prezidentligi saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozongani fonida bo‘lib o‘tgandi. Muzokaralar davomida yevropalik ittifoqchilar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va qurollar xaridi hamda energetika infratuzilamalari himoyasida moliyaviy yordamni taqdim etishga va’da bergan.

Uchrashuvda chexiyalik tarjimonlar fransuz tilidan ukrain tiliga tarjima qilishga mas’ul hamkasbi suhbat mazmunini yozib olayotganiga e’tibor qaratgan. Le Monde’ning ta’kidlashicha, yopiq uchrashuvlarda tarjimonlarga biror-bir qaydlarni amalga oshirish qat’iy taqiqlangan. Mazkur holat to‘g‘risida xavfsizlik xizmati xabardor qilingan, ular tarjimonni chiqarib yuborib, uning qaydlarini olib qo‘ygan.

Yevrokomissiya ichki tergov o‘tkazib, uning natijasini Belgiya hukumatiga taqdim etgan. Endi ular tergovni davom ettirish yoki ettirmaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi. Yevrokomissiya ushbu tarjimonning xizmatlaridan voz kechganini nashrga tasdiqlagan.

Tarjimon ayolning ismi oshkor etilmagan. Le Monde uni «I. xonim» deb atamoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u rus oilasida dunyoga kelgan, shuningdek, uning singlisi ham tarjimonlik bilan shug‘ullanadi. Ulardan biri Rossiyada tug‘ilgan va ma’lum muddat Ukrainada yashagan. Qariyb 20 yildan beri ular NATO, Yevropa komissiyasi, shuningdek, Fransiya Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklarida shtatdan tashqari tarjimon bo‘lib ishlab keladi.

Ukrainaning Fransiya va Bryusseldagi elchixonalari bir necha yildan beri Zelenskiyning tashriflari vaqtida «I. xonim»ning xizmatlarini rad etib keladi. Parijdagi ukrainalik diplomatlardan birining so‘zlariga ko‘ra, tarjimon rossiyalik amaldorlar bilan professional aloqalarini saqlab keladi.

Ammo Zelenskiyning YeI yetakchilari bilan uchrashuvidagi voqeadan keyin u NATO, Fransiyaning YeIdagi doimiy vakolatxonasi va Fransiya vazirliklari tarjimonlari ro‘yxatida qoldirilgan. Le Monde manbasining ta’kidlashicha, 2024 yilda Fransiya TIV ushbu tarjimonni ikki marta Ukraina bilan bog‘liq bo‘lmagan xalqaro konferensiyaga jalb etgan.

«I.xonim»ning o‘zi «qiziq bo‘lmagan bunday mavzu bo‘yicha savollar berilayotganidan juda hayratda» ekanini ma’lum qilgan. Tarjimonning fikricha, uning NATO va Fransiya vazirliklari bilan davom etayotgan aloqalari Yevropa Ittifoqi yetakchilari hamda Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralarda yuz bergan voqea oddiy tushunmovchilik bo‘lganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid