O‘zbekiston | 14:14 / 10.07.2025
618
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi tashkil etildi

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Uzbek Law Day (O‘zbekiston huquq kuni) forumi tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Unda O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning yetakchi yuridik hamda investitsion kompaniyalari, xalqaro moliyaviy tuzilmalari va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan huquqiy kafolatlar, sud mustaqilligi va adolatli biznes muhitini ta’minlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Toshkent xalqaro arbitraj markazi, PraeLegal Uzbekistan hamda Britaniyaning Barnes Law, Curtis, Latham & Watkins, Eldwick Law, Steptoe International kabi bir qator yuridik kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida muzokaralar tashkil etildi.

Tomonlar xalqaro huquqiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, Britaniyaning yetakchi yuridik kompaniyalari va konsalting agentliklari bilan amaliy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish, investitsion loyihalarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va qonuniy kafolatlar masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilar Uzbek Law Day tashabbusini yuqori baholab, uni ikki mamlakat o‘rtasidagi huquqiy muloqotni rivojlantirish, biznes hamkorlikni kengaytirish va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholadi.

Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi tashkil etildi.

Uning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Britaniya huquqshunoslari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, yurisprudensiya sohasida ilmiy, ta’lim va amaliy dasturlarni ishlab chiqish, huquqiy amaliyotda tajriba almashish, O‘zbekiston va Britaniya huquq tizimlarini o‘rganish, shuningdek, har ikki mamlakatdagi qonunchilik va huquqiy amaliyotning holati hamda mavjud muammolarini tahlil qilishdan iborat.

Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Britaniya kompaniyalari o‘rtasida huquqiy hamkorlikka oid bir qator kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid