Jahon | 20:58 / 08.07.2025
1624
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya USAID muqobilini tashkil qilmoqchi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xalqaro taraqqiyotga ko‘maklashish agentligi to‘g‘risida federal qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

«Rossotrudnichestvo» rahbari Yevgeniy Primakov Rossiyaning xalqaro taraqqiyotga ko‘maklashish agentligini — Amerikaning USAID tashkiloti muqobilini tashkil qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Primakovning qayd etishicha, Rossiyadagi USAID muqobili tezkorlik muammosini hal qilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiyaning xorijdagi har qanday loyihasi uchun «hukumatning alohida qarori chiqarilishi kerak». «Rossotrudnichestvo» rahbari yaqin xorijning ham muhimligini ta’kidlab, shunday dedi:

«Agar biz to‘satdan, masalan, Lyuksemburgda o‘z ta’sirimizni yo‘qota boshlasak, qandaydir yo‘l bilan buni hal qilamiz. Ammo agar biz yaqin xorij mamlakatlarida ta’sirimizni yo‘qota boshlasak - afsuski, hozir bu ro‘y bermoqda - bu halokatli bo‘ladi».

Primakov so‘zlariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi xalqaro taraqqiyotga ko‘maklashish agentligi to‘g‘risida federal qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

«Rossotrudnichestvo tashkilotining budjeti taxminan 5,5 milliard rublni tashkil etadi, shundan taxminan 25 foizi loyihalar uchun ajratiladi. Taqqoslash uchun: USAID budjeti 50 milliard dollardan ortiq bo‘lgan va agentlik dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida ishlagan. USAID 1961 yilda tashkil etilgan va demokratiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dasturlarni amalga oshiruvchi Amerika tashqi siyosatining asosiy vositalaridan biriga aylandi.

USAID Rossiyada 1992 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan, biroq 2012 yil oktyabr oyida Rossiya hukumati uni «grantlar taqsimlash orqali siyosiy jarayonlarga, jumladan, turli darajadagi saylovlarga va fuqarolik jamiyati institutlariga ta’sir ko‘rsatishga urinishlarda» ayblab, faoliyatini to‘xtatishni talab qilgan.

2025 yil mart oyida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio USAID dasturining 83 foizi yopilishini e’lon qildi. Agentlikning Vashingtondagi bosh qarorgohi yopildi. AQSh yangi ma’muriyati bu qarorni mablag‘larning samarasiz sarflanishi va tashqi siyosat ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqish zarurati bilan izohladi.

Avvalroq, Qirg‘izistondagi «Russkiy dom» («Rossotrudnichestvo» vakolatxonasi) xodimi Rossiya armiyasiga noqonuniy yollash bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

2025 yil fevralida Ozarboyjonda «Rossotrudnichestvo» vakolatxonasi faoliyati to‘xtatildi. Rasmiylar buni tashqi yordamga muhtoj emasligi bilan izohladi, ayniqsa, «agar u noaniq sxemalar asosida va tuzilmasi aniq razvedka xarakteriga ega bo‘lgan tashkilotlar orqali taqdim etilsa».

Mavzuga oid