Sheremetevo va Pulkovo faoliyati dronlar va shamol tufayli cheklandi
Aeroportlarda 200 dan ortiq reyslar kechiktirilgan, o‘nlab reyslar bekor qilingan.

Foto: Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA
Moskvaning Sheremetevo aeroportida 5 iyul kuni ertalab parvozlar uchun cheklovlar joriy etildi. Rosaviatsiya bunday chorani «Moskva havo hududining bir qator sektorlaridagi cheklovlar va shamol kuchayishi» bilan izohladi. Cheklovlar Ukraina dronlari hujumlari haqidagi xabarlar fonida e’lon qilindi. Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi va Moskva meri Sergey Sobyanin Moskva oblasti hududida ham dronlar urib tushirilgani haqida xabar bergan.
Soat 14:38 da Rosaviatsiya rasmiy vakili telegram-kanalida Sheremetevo faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, ayrim reyslar cheklovlar amalda bo‘lgan vaqtda ham uchib ketgani ta’kidlandi.
5 iyulga o‘tar kechasi Pulkovo aeroportida ham cheklovlar joriy etilgandi. 5 iyul kuni ertalab Leningrad oblasti osmonida dronlar urib tushirilgani haqida xabar berildi. Soat 16:30 dan 17:40 gacha ham Pulkovoda reyslar qabul qilinmadi va jo‘natilmadi, deb xabar berdi Rosaviatsiya.
5 iyul kuni tushdan keyin telegram-kanallarda Sheremetevo va Pulkovodagi kollaps haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, «Baza»ning yozishicha, Sheremetevo aeroportida 170 dan ortiq reys kechiktirilgan, 50 ga yaqin reys bekor qilingan. Pulkovoga 30 dan ortiq reyslar bekor qilindi, yana 100 ga yaqini qoldirildi. Pulkovo ma’muriyatining «Kommersant»ga ma’lum qilishicha, zaxira aerodromlarga 10 ta bort jo‘natilgan, Moskvaga parvozlarning bir qismi bekor qilingan, ular katta sig‘imli samolyotlarda amalga oshiriladi.
«Ostorojno, novosti» Sheremetovoda kun bo‘yi ham xalqaro, ham Rossiya ichidagi reyslar kechiktirilgani haqida yozgan. Xususan, Olmaotaga uchayotgan samolyot yo‘lovchilari ertalab samolyotga o‘tirgani va u yerda bir yarim soat ushlab turilganini aytishgan. Keyin ular aeroportga qaytarilgan, keyin parvoz yakshanba kuni soat 0:40 gacha kechiktirildi. Sheremetevodan Pulkovoga reyslardan biri dastlab besh soatga kechiktirildi, keyin Sankt-Peterburgga qo‘na olmadi va Moskvaga – Vnukovo aeroportiga qaytarib yuborildi. Ushbu reys yo‘lovchilari Sankt-Peterburgga faqat 5 iyul kuni kechqurun yetib kelishdi.
Rossiyaning boshqa aeroportlarida ham reyslar bekor qilindi va kechiktirildi. Xususan, Sotavision Kaliningradda sakkizta reys bekor qilingani va o‘ttizga yaqin reys kechiktirilgani, Nijniy Novgorodda beshta reys bekor qilingani va o‘nta reys kechiktirilgani, kamida yettita samolyot Yekaterinburg, Qozon, Samara va Saratov aeroportlaridan ucha olmagani haqida yozgan.
Sheremetevo va Pulkovoga bekor qilingan va ko‘chirilgan reyslar yo‘lovchilari o‘z reyslari haqida ma’lumot ololmayotganidan, aviakompaniyalar esa ularni turar joy va normal ovqat bilan ta’minlamagani, parvozning muqobil variantlarini taklif qilmaganidan shikoyat qilishdi, deb yozgan «Fontanka». Nashrning ta’kidlashicha, Moskva va Sankt-Peterburg o‘rtasidagi poyezd chiptalari tezda sotib bo‘lingan va faqat eng qimmat yoki vaqt uchun noqulay variantlar qolgan. Nashr suhbatdoshlaridan biri boshqa yo‘lovchilar bilan birga Moskvadan Peterburgga taksida ketishga majbur bo‘lganini aytdi. «Bu Leningrad vokzalidan qolgan har qanday poyezd chiptasidan arzonroqqa tushdi», – degan u.
Moskvaa hududlararo transport prokuraturasi «havo transporti yo‘lovchilari huquqlari ta’minlanishi va ularga tegishli xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida» aeroportlarda reyslar kechishi bilan bog‘liq vaziyat monitoring qilinayotgani to‘g‘risida xabar bergan.
Mavzuga oid

20:08 / 06.07.2025
Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qilishda davom etdi

16:00 / 29.06.2025
Rossiyaning Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbasi: Lviv va Cherkassda vayrongarchiliklar, yana bir F-16 quladi

19:45 / 15.06.2025
Kiyevda Boeing ofisi zarbaga uchragan, Tataristonda dron zavodiga hujum qilindi

12:54 / 08.06.2025