Jahon | 20:08 / 06.07.2025
4929
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qilishda davom etdi

Kremenchugda harbiy komissariat binosi, Mikolayivda – ko‘p qavatli uy zarbaga uchragan.

Vladyslav Sodel / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qurolli kuchlari 6 iyulga o‘tar kechasi dronlar va raketalardan foydalangan holda Ukraina hududlariga hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, ertalab soat 08:30 gacha Rossiya harbiylari Ukrainaga 157 ta dron (zarbdor «Shaheed»lardan tashqari imitator dronlar bilan ham), shuningdek, S-300 kompleksining to‘rtta raketasini uchirgan. Ukraina harbiylari 117 ta dronni zararsizlantirgan. 19 ta nuqtada uchuvchisiz uchish apparatlari zarbalari qayd etilgan, bundan tashqari, ikkita joyga urib tushirilgan dronlar parchalari tushgan. Ukraina qurolli kuchlari zarbalar oqibatlari haqida hisobot berganidan keyin ham Rossiya hujumi davom etdi.

Xarkiv oblasti. Ukraina politsiyasi Xarkiv oblastiga hujum oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lib, 11 kishi yaralangani haqida xabar bergan. Dronlar tunda Xarkivning bir necha rayonlari, shuningdek oblast sharqidagi Kupyansk rayoniga hujum qilgan, fuqarolik korxonasi, sport kompleksi binosi hamda turar joyga zarbalar kelib tushgan. Bogoduxovskiy rayonidagi Odnorobovka qishlog‘ida avtomobilga zarba oqibatida sakkiz yoshli bola halok bo‘lib, to‘rt yoshli bola hamda 40 yoshli erkak yaralangan, 36 ayolda stressga o‘tkir reaksiya qayd etilgan. Politsiya regionga hujum oqibatlari aks etgan fotosuratlarni e’lon qilgan.

Poltava oblasti. Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya droni ertalab soat 09:35 da Poltava oblastidagi Kremenchug shahriga hujum qilib, hududiy to‘ldirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi (harbiy komissariat muqobili) binosiga zarba bergan. Shuningdek, yaqin atrofdagi uy ham zarbaga uchragan. Harbiylar va komissariat xodimlari orasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q, deya ma’lum qildi quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi. Poltava oblasti ma’muriyati ma’lum qilishicha, Rossiya hujumi oqibatida Kremenchug rayonidagi uylardan birida yong‘in chiqqan. Kremenchugga berilgan zarba oqibatlari aks etgan suratlarni mahalliy jurnalist Oleg Bulashev e’lon qildi. «Truxa» telegram-kanali hujumdan keyin Kremenchugda olingan videoni tarqatdi, unda bir qavatli binoda yong‘in chiqqanini ko‘rish mumkin.

Mikolayiv oblasti. Rossiya dronlari 6 iyulga o‘tar kechasi Mikolayiv oblasti va shu nomdagi oblast markaziga zarba berdi, deb xabar qildi hudud ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mikolayivda port infratuzilmasi zarbaga uchragan, omborlar va elektr tarmoqlari shikastlangan, jabrlanganlar yo‘q. Mikolayiv rayonidagi Ribakovka qishlog‘ida 13 ta xususiy uy, bir nechta dam olish maskanlari, pochta bo‘limi, do‘kon, elektr uzatish liniyasi shikastlangan. Hech kim jabrlanmagan. Aholining bir qismi elektrsiz qoldi. Bundan tashqari, dronlar 6 iyul kuni ertalab soat 09:23 dan 09:40 gacha Mikolayiv shahriga hujum qilgan. O‘nta turar joy binosi, ovqatlanish shoxobchalari va bank zarbaga uchragan. Hujum oqibatida ikki kishi jarohatlangan. Vitaliy Kim ertalabki hujum oqibatlari aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Kiyev oblasti. Kiyev oblastining Vishgorod rayonida Rossiya dronlari hujumi oqibatida uch kishi jabrlandi, dedi hudud ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnik. Ikkita ko‘p qavatli uy va bolalar bog‘chasi shikastlangan. Yong‘in oqibatida to‘rtta garaj vayron bo‘lgan, uchta avtomobilga zarar yetgan. Shuningdek, omborda yong‘in sodir bo‘lgan. Oltita xususiy uy va xo‘jalik binolariga zarar yetgan. Kalashnik va Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Kiyev oblastiga uyushtirilgan hujum oqibatlari aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Zaporijjya oblasti. Rossiya harbiylari Zaporijjya shahri va shu nomli rayonga dronlar bilan hujum qildi, dedi oblast ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov. Uchta ko‘p qavatli bino, xususiy uy, korxona, fermer xo‘jaligi, omborxona shikastlangan. Bir necha joyda yong‘inlar sodir bo‘lgan. Zaporijjya rayonida 89 yoshli ayol yaralangan.

Mavzuga oid