O‘zbekiston | 13:30
1873
10 daqiqa o‘qiladi

Xususiy OTM uchun litsenziya talablari o‘zgardi, bu yaxshimi yoki yomon? – mutaxassislar bilan suhbat

Nodavlat ta’lim tashkiloti ochishda dastlabki ustav fondi 2 mln dollardan kam bo‘lmasligi, investor 350 ming dollar depozit qo‘yishi, birinchi 5 yilda sof foydasining kamida 80 foizini ta’limga yo‘naltirishi belgilandi. Kun.uz mutaxassislar bilan yangi talablarni tahlil qilishga urindi. Xususiy universitet ta’sischisi Bekzod Jalilovga ko‘ra, bu shartlar tadbirkorlar uchun og‘irlik qilmaydi, ammo ta’lim sifatini yaxshilamaydi ham. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa oliy ta’lim bozoridan davlat chiqib ketishi kerakligini, aks holda universitetlar degradatsiyasi davom etishini aytmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

30 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda xususiy OTM ochishda yangi litsenziya talablari ishlaydi.

Ya’ni bu bilan nodavlat ta’lim tashkilotining dastlabki ustav fondi 2 mln dollar ekvivalentdan kam bo‘lmasligi, investor bankka 350 ming dollar depozit qo‘yishi va bino-inshootlarining maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi belgilandi.

Xo‘sh, o‘zi aslida bu qanday talablar? Ularni yangilashga ehtiyoj bormidi? Mutaxassislar va bozor ishtirokchilari bunga qanday munosabatda? Kun.uz shuni tahlil qilish maqsadida xususiy OTM ta’sischisi Bekzod Jalilov hamda iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

Qaror bilan sifatni ko‘tarishning iloji yo‘q”

Bekzod Jalilovga ko‘ra, avvalgi litsenziya olish tartibida ustav fondi, depozit bilan bog‘liq shartlar bo‘lmagan. U yangi shartlar hech bir tadbirkor uchun og‘irlik qilmasligini, ammo ta’lim sifatini oshirib ham qo‘ymasligini aytmoqda.

Tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasining qarorida qo‘yilgan, masalan, ustav fondini 2 million dollar qilish yoki bankda 350 ming dollarni ushlash qiyin emas va maqsad sifatni ko‘tarish bo‘lgan bo‘lsa, bu Vazirlar Mahkamasi qarori bilan sifatni ko‘tarishning iloji yo‘q deb bilaman”, – dedi u.

Jalilovning fikricha, bundan keyin universitetlar nodavlat va notijorat shaklda ochilishi va asosiy maqsadi foyda olishga qaratilmasligi kerak.

150 yillik, 200 yillik tarixi bor universitetlarni oladigan bo‘lsangiz, ularda bakalavriat, magistratura, PhD sohasidagi o‘quvchilari bo‘lsa, ko‘pi bilan 25 mingdan oshiq talabasi bor. Lekin bizda shunday bo‘ldiki, 2019 yilda xususiy sektorda, umuman, xususiy universitetlarni ochishga ruxsat berilgandan keyin bir yilning o‘zida 20 ming talaba olgan universitetlar bo‘ldi.

Bu o‘z-o‘zidan ko‘rinishi mumkinki, foyda uchun qilingan. [Bizda] foyda solig‘i ham yo‘q. Bu tadbirkor uchun juda zo‘r sharoit. Chunki o‘sha yillarda talab juda katta bo‘lgan, masalan, 2016-2017-yillargacha 1 milliondan oshiq abituriyent universitetlarga topshirardi, atigi 8 foizi universitetga kirardi. Shunga ham bir vaqtning o‘zida 20 mingta talabani qabul qilib, keyin ertaga sifatsiz kadrlarni bozorga chiqarish bilan maqsad faqat foyda olish bo‘lgan deb o‘ylayman. Hozirgi Vazirlar Mahkamasi qarori ham sifatga qaratilgan, lekin belgilangan o‘sha chegaralov summalari u sifatni to‘g‘rilab bermaydi deb o‘ylayman”, – dedi Jalilov.

U bugungi kunda xususiy OTM faoliyatida sifat bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotganini, ammo ularga moliyaviy majburiyatlar qo‘yish orqali yechim izlash xato ekanini qo‘shimcha qildi.

Huquqiy protseduralarga amal qilinmayapti

Iqtisodchi Otabek Bakirov umumiy kartinada o‘zi ko‘rayotgan bir qancha masalalar haqida gapirdi. Uning tushuntirishicha, jarayonda dastlab huquqiy protseduralarga amal qilinmayotganiga e’tibor qaratish lozim.

Bakirov anchadan beri xususiy OTM litsenziya ololmayotgani va ayni masaladagi hukumat qarori loyihasining muhokamasi tugamay turib, muddatidan avval qabul qilinganini tanqid ostiga oldi.

Ikki yarim yil bo‘ldi, xususiy ta’lim muassasalariga litsenziya berish og‘zaki ravishda to‘xtatib qo‘yilgan. Amal qilmayapti. O‘zimiz qabul qilgan tartibimiz ikki yarim yil davomida to‘xtatib qo‘yilgan edi. O‘nlab tadbirkorlar inshooti bo‘lishiga qaramasdan, puli bo‘lishiga qaramasdan, bitimlari tuzilgan bo‘lishiga qaramasdan litsenziya ololgani yo‘q. Ya’ni ularga ikki yarim yil davomida aniqlik berilgani yo‘q. Bu bozor uchun juda yomon signal. Buni alohida aytib o‘tish kerak. Shu mutasaddilar nima sababdan ikki yarim yil davomida litsenziya berishni og‘zaki ravishda to‘xtatib turganiga javob bergani yo‘q haligacha. Ya’ni qonun ikki yarim yil ishlamadi.

Endi ikki yarim yil o‘tib turib, yangi tartib o‘zgarishlar bilan 20 iyunda muhokamaga kiritilyapti va 5 iyulgacha qoida bo‘yicha kamida 15 kun muhokamada, jamoatchilik muhokamasida bo‘lishi kerak. 15 kunni kutmasdan turib, 10 kunning sanasi bilan hukumat qarori imzolanyapti. Nima uchun 30 iyun kuni imzolanganiga hozir yana bir bor to‘xtalamiz. U yerda taklif etilgan loyihadagi o‘zgarishlardan umuman boshqa o‘zgarishlar qarorda imzolanib yuborilgan. Men mohiyatga to‘xtalmoqchi emasman, lekin ana shu qo‘shib yuborilgan o‘zgarishlar tizzada yozilganga o‘xshaydi. Uch soatda yoki 30 daqiqada mana shuni qo‘shib ber degan paytda yozilganga o‘xshaydi”, – dedi u.

Iqtisodchi nima sabab qaror favqulodda imzolanganini tushuntirishga harakat qildi. Uning aytishicha, bu shu yil 25 martdan kuchga kirgan prezident farmoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ya’ni unga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilingan.

Agar 1 iyuldan kuchga kirganda, bular 15 kun davomida muhokama qilib turib, 5 iyulda qabul qilishganda, moratoriyni buzgan bo‘lardi. Shuning uchun men 10 kun, ikki hafta davomida bu qaror to‘g‘risida hech narsa demadim. Demadimki, o‘zlari o‘zlarining qarorlariga qani amal qilarmikan, qilmasmikin, deb. Chunki agar 5 iyul yoki 6 iyul sanasi bilan qaror qabul qilinganda, mening munosabatim aniq edi: sizlar moratoriyni buzdingizlar degan munosabat bilan javob berilishi bilan bog‘liq bo‘lardi”, – dedi mutaxassis.

Bakirov nima sabab qaror muhokama tugamay turib qabul qilingani, qolaversa, salkam 2 yarim yildan beri nodavlat ta’lim tashkilotlari litsenziya ololmayotgani yuzasidan mas’ul tashkilotlar javob berishi kerakligini bildirdi.

Iqtisodiy talablar tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari bilan bog‘liq normalarga zid

Lisenziya olish tartibiga oid qarorda, shuningdek, oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilishi ham belgilanmoqda.

Iqtisodchining aytishicha, O‘zbekistonda biror bir tadbirkorlik sub’yektiga yoki segmentga nisbatan sof foydaning qanchasini qayerga yo‘naltirishga oid majburiyat yuklatilmaydi.

Neft-gaz sohasida bormi? Anavi gaz konlarimizni egallab olgan o‘g‘rilarga nisbatan olgan foydangning 80 foizini yana konni burg‘ilashga sarflaysan degan qoidalar bormi? Yoki farmatsevtikada bormi? Yoki IT kompaniyalarga bormi? Yo‘q, bunaqa qoidalar, chunki bu O‘zbekiston qonunchiligiga zid, o‘z ruhiyatiga zid.

Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari bilan bog‘liq bo‘lgan, qabul qilingan normalarimizga zid. Ya’ni o‘zimiz qoidalarni buzib qo‘yapmiz. Aytyapmiz, anavi Mirzabek Xolmedov aytgandek: “Joy yo‘q, o‘rtoqlar, joy yo‘q”, deyapmiz. O‘sha tizzada yozilgan qoidangni shuncha qismini shu yoqqa tiqasan, shuncha yildan keyin shuncha qismini yana shuncha tiqasan, degan qoidalar, o‘rtoqlar, joy yo‘q bu yerda, kirishga ma’no yo‘q, degan tahdid bilan barobar. Tadbirkorlik sub’yektlariga aytilyapti, bu soha endi senga manfaatli emas, marginallik bermaydi, bu sohaga pul tikib sen pulingni qaytarib olishing dargumon, deb ochiq-oydin aytilyapti”, – deydi Otabek Bakirov.

Shuningdek, u intervyuda ta’lim bozori muhitida “o‘yin qoidalari” barcha uchun teng bo‘lishi kerakligini, talab va shartlar davlat hamda xorijiy OTMga ham tatbiq etilishi, imkon darajasida barcha oliygohlarni xususiylashtirib, undan davlat regulyatsiyasi qisqaririshi lozimligini aytib o‘tdi.

Videoning to‘liq shaklini yuqoridagi havoli orqali tomosha qiling, unda bu kabi tendensiyalar fonida mutaxassislar keyingi vaziyatni prognoz qilishga harakat qilishgan.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid