O‘zbekiston | 14:31
2879
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining 13 ta bekatida kassa yopildi

Bunga naqd pulga chipta harid qilish ko‘rsatkichi keskin kamaygani sabab bo‘ldi. Metropoliten to‘lov turlarining boshqa usullaridan foydalanishni tavsiya qildi.

Toshkent shahri metrosining 13 ta bekatidagi (Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin, Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahriston, Bodomzor, Minor hamda Abdulla Qodiriy stansiyalari) kassa yopildi, bunga chipta harid qilish ko‘rsatkichi keskin kamaygani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, uzoq vaqt davom etgan kuzatuv va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra bir qancha metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar harid qilish ko‘rsatkichi keskin kamaygani aniqlangan. Shu boisdan, naqd pul ko‘rinishida to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar soni kam bo‘lgan metro bekatlaridagi kassa yopilgan.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar kassa yopilgan vestibyullarda avtomatlashtirilgan to‘lov turlarining boshqa usullari orqali to‘lov qilish imkoniyatiga ega (ATTO kartalari, bank kartalari, turli mobil ilovalar, kaft orqali va boshqa to‘lov usullari).

«Toshkent metropoliteni» yo‘lovchilariga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida metrodan foydalanishda yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Jumladan, QR-kodli bir martalik chiptalar 3000 so‘mni tashkil qilsa, boshqa to‘lov usullari 1700 so‘m va undan ham arzon... Hozirgi vaqtga kelib yo‘lovchilarning kam sonli qismi naqd pul ko‘rishida, ya’ni kassadan QR-kodli chipta harid qilib yo‘l haqini to‘lamoqda. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yo‘lovchilarining 45-50% foydalangan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib 6-7% ni tashkil qilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid