G‘arbiy Qozog‘istonda sayg‘oqlarni ovlash boshlandi
Sayg‘oqlarni ovlash 2025 yil 30 noyabriga qadar davom etadi. Asosiy maqsad tabiiy muvozanatni saqlash, yaylovlar va qishloq xo‘jaligi yerlarini asrash ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: gov.kz
G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida sayg‘oqlar sonini tartibga solish bo‘yicha ishlar boshlandi, deya xabar berdi Tengrinews viloyat ma’muriyatiga tayanib.
Sayg‘oqlarni ovlash 2025 yil 30 noyabriga qadar davom etadi. Asosiy maqsad tabiiy muvozanatni saqlash, yaylovlar va qishloq xo‘jaligi yerlarini asrashdir.
Operatsiyaga 40 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan. To‘rtta jamoa tuzildi, ularning har biri uchta texnika birligi bilan ta’minlangan - jami 12 ta texnikadan foydalaniladi.
Joriy yilgi monitoringga ko‘ra, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida 2,3 millionga yaqin sayg‘oq bor. Hisob-kitoblarga qaraganda, 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan yoki 460 mingga yaqin sayg‘oqni bezarar ovlash mumkin.
Ovlangan hayvonlarning go‘shti qayta ishlash uchun maxsus korxonalarga yetkazib beriladi.
G‘arbiy Qozog‘iston viloyati ma’muriyatining tushuntirishicha, sayg‘oq populyatsiyasining nazoratsiz o‘sishi qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazadi va ekologik muvozanatni buzadi. Bu boradagi ishlar hukumat qarori asosida barcha huquqiy va ekologik me’yorlarga rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Qozog‘istonda sayg‘oqlarni otish 2024 yil fevralida to‘xtatilgan, shunda amaldorlar sayg‘oqlar soni yana 40 foizga ko‘payishini bashorat qilgan edi.
Avvalroq Qozog‘istonda sayg‘oqlar populyatsiyasi haddan ziyod ko‘paygani, mahalliy fermerlar bundan aziyat chekayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sayg‘oqlar hatto Rossiya hududlariga ko‘chib o‘tib, ekinlar, yaylovlar, pichanzorlarni payhon qilayotgani tufayli, rossiyalik fermerlar prezident Vladimir Putindan yordam so‘ragan edi.
Keyinroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qo‘shni davlatdagi populyatsiyani tiklash maqsadida Xitoyning g‘arbiy qismiga qo‘yib yuborish uchun Xitoy hukumatiga 1,5 ming bosh sayg‘oqni sovg‘a qildi.
Mavzuga oid

18:08 / 03.07.2025
Dronlar Everest yonbag‘irlarini chiqindilardan tozalashni boshladi

15:28 / 03.07.2025
YeI 2040 yilga borib CO2 tashlamalarini 90 foizga qisqartiradi

20:13 / 01.07.2025
Qozog‘istonning Rossiya bilan chegarasida yuk mashinalari to‘planib qoldi

20:14 / 30.06.2025