Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
Vazir Aziz Abduhakimovning aytishicha, havoga qo‘yib yuborilgan zaharli modda “Navoiyazot”dan chiqmagan. Asosiy manba “Elektroapparat” hududidagi korxonalar ekani aytilmoqda. Abduhakimov ekoinspektorlarning o‘rganishi tugagach, o‘sha korxonaning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga ariza kiritilishini ma’lum qildi. Qolaversa, rasmiy vakil zavodlarning havo ifloslanishining oldini olishdagi rejalarini ochiqladi.
19 iyul kuni Navoiy shahrini qalin tutun qoplab, shaharda o‘tkir hid paydo bo‘lgandi. Shahar aholisi bu yo‘tal qo‘zg‘aganidan shikoyat qilishgandi. Tarmoqlarda vaziyatga oid surat va videolar tarqalgach, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi bunda “Navoiyazot”ni aybladi. Zavod vakillari esa tutun shaharga g‘arbiy hududdan kirib kelganini aytishgandi.
23 iyul sanasida o‘tgan matbuot anjumanida Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bu boradagi o‘rganishlar haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, havo ifloslanishidagi asosiy manba “Navoiyazot” AJ bo‘lmagan.
“U yerda “Elektroapparat” degan korxona hududida, eski hududda bir nechta korxonalar mavjudligi aniqlandi. Hozir endi xulosalar chiqib, mutaxassislar uni tasdiqlamaguncha men aytib qo‘ysam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin biz shu manbasini topib, albatta, uni jazolaymiz.
Shu, ko‘proq kechasi havoga [zaharli moddani] qo‘yib yuborgan. Bizning inspektorlarimiz tezkor ravishda ham shu joyga chiqqan holda o‘sha vaziyatni o‘rganishdi va oldini olish nuqtayi nazaridan, hozir o‘sha aniqlangan korxonaning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha men topshiriq berdim. [Bu bo‘yicha] sudlarga o‘zimizning [arizamizni] kiritamiz”, – dedi u.
Shuningdek, vazir Kun.uz muxbirining umuman respublikada havo sifatini buzishda asosiy hissador bo‘lgan zavodlar soni qanchaligi va buni kamaytirishda qanday ishlar qilinayotganiga oid savoliga javob berdi.
Ta’kidlanishicha, buning uchun korxonalarga avtomatik o‘lchash monitorlari o‘rnatish talabi qo‘yilgan. Endilikda bu talabni bajarmaganlar uchun jarima va kompensatsiya to‘lovlari oshirilishi kutilyapti. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqilgani va Oliy Majlisga taqdim qilingani aytildi.
“Boshqa yo‘li yo‘q. Shuning uchun biz Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bu talabni korxonalarga qo‘yamiz. Lekin bu monitorlar – o‘ziga yarasha xarajat. Shuning uchun ko‘p korxonalar bosh tortyapti. Ko‘p holatlarda ularga qulay [zaharli moddani havoga] qo‘yib yuborish, ya’ni tabiatga zarar yetkazish.
Monitorlar o‘rnatilgandan keyin ular juda ham katta miqdorda kompensatsiya to‘lovlarini yoki jarimalar to‘lashga majbur. Shuning uchun shu yo‘llardan qochishga harakat qiladi. Hozirgi kungacha o‘sha jarimalar bilan kompensatsiya to‘lovlari juda ham past edi. Biz taklif kiritib, uni karra-karra ko‘tardik.
Hozir Oliy Majlisda qonunimiz turibdi. Shu ko‘tarilgandan keyin monitor o‘rnatish yoki o‘sha yerda chang ushlaydigan uskunalarni o‘rnatish afzalroq bo‘ladi. Hozirgi kunda, ming afsus, shu jarimalar bilan kompensatsiya to‘lovlari miqdori past bo‘lgani uchun ko‘proq tadbirkorlar o‘rnatishdan bosh tortyapti”, – dedi Abduhakimov.
Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi xo‘jalik sub’yektlariga atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi tashlanmalar tahlilini qiladigan avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish talabi 2024 yil qabul qilingan hukumat qarori bilan ham belgilab berilgan.
Bundan avvalroq, 2023 yil maydagi prezident farmoni bilan ham shu masala mustahkamlab qo‘yilgandi.
“Bu yerda muammo nimada? O‘ylashimcha, bir vaqtlar tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berilib, shu to‘siqlarni olish nuqtayi nazaridan ekologik ekspertizalarni bekor qilib yuborishgan edi. O‘shanda juda ham ko‘p korxonalar filtrsiz qurilgan, ya’ni o‘sha talablar qo‘yilmagandi. Hozirga kelib ularga talab qo‘yilsa, “bu talab o‘sha davrda bo‘lmagan-ku. Biz investormiz”, – deb ko‘plab tortishuvlar bo‘ladi. Shu holatlarda qonunchilikni o‘zgartirib, hozir talabni kuchaytiryapmiz”, – dedi u.
Vazir bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda birinchi toifada taxminan 2 mingta, ikkinchisida esa 8 mingta korxona mavjud.
Mavzuga oid

21:40 / 24.07.2025
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi - ekologiya vaziri

15:33 / 24.07.2025
Daraxtlar kesilishi sizga qanday ta’sir qilyapti? Ijtimoiy so‘rov

15:26 / 24.07.2025
BMT Xalqaro sudi: Davlatlar iqlimni himoya qilish majburiyatiga ega

15:17 / 24.07.2025