Jahon | 13:00 / 02.07.2025
3659
11 daqiqa o‘qiladi

Sulh «shartlariga» rozi bo‘lgan Isroil, Moskva-Boku o‘rtasida keskinlashgan nizo va Maskni deport qilmoqchi bo‘lgan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp: Isroil G‘azoda 60 kunlik sulh uchun «zarur shartlarga» rozi bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun «zarur shartlarga» rozi bo‘lgan. Tramp Truth Social’da yozishicha, ushbu sulh doirasida «urushni to‘xtatish uchun barcha tomonlar bilan ishlaydi», biroq aynan qanday shartlar nazarda tutilgani ochiqlanmadi.

«Sulh bo‘yicha yakuniy taklifni Qatar va Misr yetkazadi. Umid qilamanki, HAMAS bu kelishuvni qabul qiladi, chunki undan yaxshisi bo‘lmaydi — faqat yomonlashadi», — degan Tramp.

Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danonning so‘zlariga ko‘ra, Isroil sulhga «butunlay tayyor», ammo HAMAS bu taklifni qabul qiladimi-yo‘qmi — bu hozircha mavhum. Tramp yaqin kunlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashishi arafasida bu bayonotni berdi. U «Netanyahu sulh istayotganiga» ishonsa-da, HAMAS hanuz muzokaralarda qatnashmayapti.

«Urush faqat garovdagilar uyga qaytgandagina tugaydi», — dedi Danon BBC’ga bergan intervyusida. Hozirda G‘azoda 50 ga yaqin isroillik garovda, ulardan kamida 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

So‘nggi haftalarda HAMAS vakillari vositachilar faollashganini bildirgan, biroq muzokaralar baribir boshi berk ko‘chada qolmoqda. HAMAS esa Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishi va doimiy sulhni talab qilmoqda.

Tramp bayonoti Isroil G‘azoning shimoliy hududlaridan tinch aholini evakuatsiya qilishni boshlagan va G‘azodagi genotsid yana avj olgan kunlarda yangramoqda.

Isroil armiyasi shu haftada gumanitar yordam markazlariga yaqinlashgan tinch aholining «zarar ko‘rganlik holatlarini» tekshirishini bildirgan. Bu markazlar AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Gumanitar jamg‘arma tomonidan boshqariladi, biroq yuzdan ortiq xalqaro tashkilotlar bu guruhni yopishni talab qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha o‘rinbosari Xolid Xiarining ta’kidlashicha, Isroil qariyb 80 kundan beri G‘azoga gumanitar va tijorat yordamlarining kirib kelishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Xiari so‘zlariga ko‘ra, 17 iyundan beri Isroil va AQSh boshchiligidagi G‘azo gumanitar jamg‘armasi yordam karvonlariga yetib borishga harakat qilgan kamida 580 nafar falastinlik halok bo‘lgan: «G‘azoda yordam olishga uringan falastinliklarning o‘ldirilishi va jarohatlanishini keskin qoralaymiz. Bu hodisalar yuzasidan zudlik bilan mustaqil tergov o‘tkazilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak».

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 56 647 nafarga yetdi. So‘nggi 24 soat ichida esa yana 116 falastinlik halok bo‘lgan, 463 kishi jarohat olgan.

Moskva va Boku o‘rtasida nizo davom etmoqda

Ozarboyjon bosh prokuraturasi Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan mamlakatning ikki fuqarosi qasddan o‘ldirilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ozarboyjon ekspertizasi aka-uka Ziyaddin va Husayn Safarov olingan tan jarohatlaridan keyin posttravmatik shokdan vafot etganini ko‘rsatgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi versiyasida qo‘lga olinganlardan birining o‘limiga yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilgandi.

Ozarboyjon prokuraturasiga ko‘ra, hibsga olinganlar «amalda ilojsiz holatda bo‘lib, o‘zlarini zarbalardan himoya qila olmagani, hibsga olish paytida ham, ularni olib ketayotgan transport ichida ham qattiq, o‘tmas narsalar bilan tananing turli qismlariga ko‘plab zarbalar berish orqali qiynoqqa solingani va og‘ir tan jarohati yetkazilgani»ni qayd etilgan.

Ikki kishining o‘limi va Yekaterinburgda ommaviy hibsga olishlar haqidagi xabarlar Boku va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni yana keskinlashtirmoqda. Avval xabar qilganimizdek, Ozarboyjonda Rossiya madaniy tadbirlari bekor qilindi, «Sputnik» agentligining Bokudagi ofisida Rossiya FXX ikki agenti hibsga olindi.

Rossiya kuch ishlatar tuzilmalarining sobiq sovet davlatlari fuqarolariga qilayotgan noinsoniy munosabatlari o‘zlariga qimmatga tushadigan ko‘rinadi. Xususan, Ozarboyjon bilan shunday bo‘lmoqda: ikki tomon ham to‘xtamayapti.

Kecha Ozarboyjonda «rossiyaliklarning ikkita uyushgan jinoiy guruhi» a’zolari qo‘lga olindi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, ushbu shaxslar ikkita jinoiy guruh tarkibida bo‘lgan va ular Erondan kontrabanda mahsulotlari hamda giyohvand moddalar olib kirish, shuningdek, kiberjinoyatlar bilan shug‘ullangan. E’lon qilingan kadrlarda kamida 10 kishi ko‘ringan, ularning barchasi yosh yigitlar. Qo‘lga olinganlardan ayrimlarining yuzida kaltaklash va qon izlari qolgan.

Rossiya tomoni esa kecha Yekaterinburgdagi ozarboyjonliklar diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy, uning o‘g‘li va boshqa ozarboyjonlik tadbirkorlarni qo‘lga oldi.

1 iyul kuni Rossiya va Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida norozilik notalari almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ikkala tomon ham bir-birini huquq-tartibot organlarining noqonuniy xatti-harakatlarida ayblamoqda.

Tramp va Mask o‘rtasida yana ziddiyat

AQShda «Katta va go‘zal qonun» deb nomlangan budjet loyihasi bo‘yicha Senatda qizg‘in tortishuvlar kechmoqda. Loyihada soliq imtiyozlari bilan birga davlat xarajatlarini oshirish taklif qilingan. Bu orada milliarder va sobiq yordamchi Ilon Mask prezident Tramp bilan yana tortishib qoldi.

Mask qonunni tanqid qilib, agar qabul qilinsa, yangi siyosiy «Amerika partiyasi» tuzishini bildirdi: «Agar ushbu aqlga sig‘mas qonun qabul qilinsa, erta tongda yangi partiya tashkil etaman».

Mask, ikki partiyaviy tizimni tanqid qilib, mamlakat markaziy elektorati o‘z manfaatlarini ifodalay olmayotganini ta’kidladi. U ilgari o‘tkazgan so‘rovnomada 80% foydalanuvchi yangi partiyani qo‘llab-quvvatlagan edi.

Tramp o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi va Mask subsidiyalar hisobiga katta yutuqlarga erishganini eslatdi.

«Elektromobillar yaxshi, ammo barchani uni olishga majburlamaslik kerak. Ilon — tarixdagi boshqa istalgan odamga qaraganda ko‘proq subsidiya olgan bo‘lsa kerak va subsidiyalarsiz Ilon katta ehtimol bilan, do‘konini yopib, uyiga, Janubiy Afrikaga qaytib ketishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi», – deydi Amerika prezidenti.

U endi raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar uchirilmasa va elektromobillar ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, mamlakat juda katta mablag‘ tejab qolishini qayd etdi. Shuningdek, DOGE’dan bu holatni yaxshilab tekshirib ko‘rishni so‘rashiga ham shama qildi.

Keyinroq, Tramp jurnalistlar savoliga javoban Ilon Maskni deportatsiya qilishini istisno etmadi: «Bilmadim. Bu masalani ko‘rib chiqamiz», – degan Tramp.

Senatda esa qonun loyihasini ko‘rib chiqish tun bo‘yi davom etmoqda. 1000 sahifali hujjat yuzasidan ko‘plab tuzatishlar muhokamada. Loyihaning qabul qilinishi davlat qarzini 3,3 trillion dollarga oshirishi mumkin. Demokratlar qonun loyihasini sekinlashtirish uchun 940 sahifani ovoz chiqarib o‘qitishga majbur qilishdi. Respublika yetakchilari esa qonun 4 iyulgacha qabul qilinishiga umid bildirmoqda.

Iyun oyi boshida ham Tramp va Mask ijtimoiy tarmoqlarda tortishib, bir-birining shaxsiyatiga o‘tishgandi. Keyinroq tadbirkor AQSh prezidenti haqidagi ba’zi postlaridan afsusda ekani, ayrim hollarda «haddidan oshib ketgani»ni aytib chiqdi.

Isroil va Suriya kelishuvlari bo‘ladimi?

Isroil va Suriya tomonlar o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha maxfiy muzokaralar o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar ortidan kelishmovchiliklarning yangi bosqichiga duch kelmoqda.

Jerusalam Post anonim manbalariga tayanib yozishicha, muzokaralar AQSh vositachiligida BAA, Bahrayn va Marokash bilan 2020 yilda Isroil tomonidan imzolangan «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirish ehtimoli kontekstida o‘tkazilgan. Ushbu tashabbuslar doirasida Tel-Aviv va Damashq go‘yoki normallashtirish shartlarini muhokama qilgan. Biroq Suriya o‘z hududiga zarba berishga imkon beradigan har qanday kelishuvlarga qat’iy qarshilik ko‘rsatgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, Isroil ishg‘ol qilingan bufer zonadan qo‘shinlarini olib chiqib ketish evaziga «tahdidlar»ga qarshi «profilaktik zarbalar berish» huquqini saqlab qolishni talab qilgan. Shu bilan birga, Suriya tomoni bunday shartlarni nomaqbul deb atadi.

Nashrda qayd etilganidek, Isroilning Suriyaga nisbatan ritorikasi yumshaganiga qaramay, kelishuv istiqbollari noaniqligicha qolmoqda. Birinchi bosqichda kelishuvlarga erishilgan taqdirda ham faqat «sovuq tinchlik» va xavfsizlik sohasida cheklangan hamkorlik haqida gapirish mumkinligini ta’kidladi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar avvalroq Tel-Aviv Jo‘lan tepaliklari ustidan nazorat saqlanib qolsa, Suriya va Livan bilan munosabatlarni normallashtirishdan manfaatdor ekanini aytgan edi.

Kuni-kecha AQSh, undan oldinroq Yevroittifoq Suriyaga nisbatan barcha iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilgan edi. Buning shartlaridan biri o‘laroq, Tramp ash-Shar’a bilan uchrashuvida aynan Suriyaning qo‘shnilari, ayniqsa Isroil bilan «yaxshi munosabatda» bo‘lishini so‘ragan edi. 

Mavzuga oid