Jahon | 14:12
2898
11 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda sulh “shabbodasi”, F-16’sidan ayrilgan Ukraina, TikTok’ka xaridorlar topgan Tramp va Rossiya bilan “sovuqlashayotgan” Ozarboyjon – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda ham sulh bo‘ladimi?

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Erondagi harbiy operatsiyalaridan so‘ng «ko‘plab imkoniyatlar ochilganini», jumladan, G‘azoda asirlikda qolayotgan garovdagilarni uyga qaytarish imkoniyati ham yuzaga kelganini aytdi.

«Ehtimol, bilasiz, bu g‘alabadan so‘ng hozir ko‘plab imkoniyatlar ochildi. Avvalo, garovdagilarni qutqarish. Albatta, biz G‘azo muammosini ham hal qilishimiz, HAMASni yengishimiz kerak, ammo men har ikkala vazifani bajarishga ishonaman», — deya Netanyahuning so‘zlarini keltirmoqda CNN.

Netanyahuning bu izohi garovdagilarni ozod qilishni HAMASni tor-mor etishdan ustun qo‘yganini ochiq aytgan ilk holatlardan biridir. Bir necha oylar davomida Netanyahu G‘azodagi HAMASni mag‘lub etishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatib kelgan va «to‘liq g‘alaba» haqida gapirgan edi.

Netanyahuning bayonotlari AQSh prezidenti Donald Trampning Isroildan sulhga erishishni talab qilayotgan bir paytda yangradi. Eron bilan urush yakunlangach, vositachilar HAMAS bilan G‘azoda muzokaralarni tiklashga urinmoqda.

Xususan, yakshanba oqshomida Netanyahu G‘azo bo‘yicha yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi ikki isroillik manba. Unda u strategik ishlar vaziri Ron Dermer, mudofaa vaziri Israel Kats va boshqa eng yaqin maslahatchilari bilan Isroilning Falastin anklaviga nisbatan harbiy operatsiyasi bo‘yicha so‘nggi vaziyatni muhokama qildi.

Dushanba kuni Dermer Vashingtonda Tramp ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda. Tramp G‘azodagi urushni tugatish va HAMAS qo‘lida asirlikda qolayotgan, kamida 20 nafari tirik bo‘lgan 50 garovdagi shaxsni uyga qaytarish maqsadida sulh bitimiga erishishni istayotganini ochiq bildirgan.

Yakshanba kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda «G‘AZODA KELIShUVGA ERIShING. GAROVDAGILARNI QAYTARING!!!» degan post qoldirdi.

HAMAS doimiy sulh bo‘yicha qat’iy kafolatlar talab qilmoqda. Hozirgacha Isroil bu kabi shartlarga rozi bo‘lmay kelgan, chunki uning maqsadi HAMASni hukumatdan chetlatish va G‘azoni qurolsizlantirish edi. Ammo Eron bilan urush bu boradagi muzokaralar uchun yangi imkoniyat oynasini ochgan bo‘lishi mumkin va vositachilar aynan shu imkoniyatdan foydalanishga urinmoqda.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Isroil zarbalari va harbiy operatsiyalari oqibatida 56 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning 17 000 dan ortig‘i bolalar ekani aytilmoqda.

Bundan tashqari, Isroilning bosib olingan G‘arbiy sohildagi qochqinlar lagerlariga bir necha oy davomida uyushtirgan hujumlari oqibatida 47 mingdan ortiq falastinlik uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Rossiya Ukrainaga hujumlarni kuchaytirmoqda

Rossiyalik harbiylar yakshanbaga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta raketalar va dronlar ishtirokida kombinatsiyalangan hujum uyushtirdi. Ukraina havo kuchlari yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari turli xildagi 477 ta dron, jumladan, 250 dan ortiq «Shaheed» apparatlari yordamida Ukrainaga hujum qilganini bildirdi.

Bundan tashqari, harbiy-havo kuchlari «Kinjal» rusumli 4 ta aeroballistik raketa, «Iskander-M» majmuasining 7 ta ballistik raketasi, X-101 rusumli 41 raketa, «Kalibr» rusumli 5 ta raketa (ular Qora dengiz hududidan uchirilgan), shuningdek, S-300 tizimining uchta ballistik raketasi bilan zarba berilganini ma’lum qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi yirik zarba haqida qisqa xabar e’lon qildi, biroq unda Rossiya raketalari va dronlari aynan qaysi nishonlarga zarba berishga uringani haqida batafsil ma’lumot yo‘q.

Xujumda dastlab dronlar, keyin Qora dengiz hududidan uchirilgan «Kalibr» qanotli raketa guruhlari, so‘ngra Tu-95MS bombardimonchi samolyotlaridan X-101 qanotli raketalari bir necha to‘lqin bo‘lib Ukrainaga uchib kirdi. Shuningdek, Rossiyaning MiG-31K samolyotlari «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchirgan. Raketa hujumi deyarli ertalab soat 5 gacha davom etgan.

29 iyunga o‘tar kechasi Rossiyaning yopirilma hujumini qaytarish uchun F-16 samolyotlari jalb qilindi, ularning uchuvchilari o‘nlab dronlarni yo‘q qilgan. Shuningdek, ulardan biri halok bo‘lgan.

«Afsuski, hozir bizda yana bir og‘riqli yo‘qotish bor. Bugun tunda dushmanning yopirilma havo hujumini qaytarishda F-16 samolyotida 1-darajali uchuvchi, 32 yoshli podpolkovnik Maksim Ustimenko halok bo‘ldi», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari xabarida.

Ma’lum qilinishicha, uchuvchi bort qurollarining butun majmuasini qo‘llab, yettita havo nishonini urib tushirgan. Oxirgisiga qarshi ishlash paytida uning samolyoti shikastlangan va balandlikni yo‘qota boshlagan. Maksim katapulta qilishga ulgurmagan va halok bo‘lgan.

So‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainaga hujumlarini kuchaytirdi. Juma kunidan shanbaga o‘tar kechasi Odessa dronlar hujumiga uchragandi, 27 iyun kuni Dnipropetrovsk oblastidagi shaharlar ballistik raketa hujumiga uchradi.

Eron bir necha oy ichida boyitilgan uran ishlab chiqarishga qaytishi mumkin

Eron boyitilgan uran ishlab chiqarishni qayta tiklash imkoniyatini saqlab qolgan va «bir necha oy ichida» bunga qaytishi mumkin. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi CBS’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Ularda imkoniyatlar bor», — deydi Grossi. «Aytish mumkinki, ular bir necha oy ichida yoki undan ham oldinroq yana bir necha sentrifuga kaskadlarini ishga tushirib, boyitilgan uran ishlab chiqarishni boshlay oladi. Ammo oldin aytganimdek, barchasi yo‘q qilingani va hech narsa qolmaganini tasdiqlab bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qiladi MAGATE rahbari.

Grossining so‘zlariga ko‘ra, Eronda «hanuz sanoat va texnologik salohiyat mavjud» va «agar ular xohlasa, hammasini yana ishga tushira oladi». Avvaliga Isroil, so‘ng AQSh bombardimonchilari tomonidan Eron yadro obektlariga zarbalar berilganidan keyin Donald Tramp ular «butunlay yakson qilingani»ni aytgandi. OAVlar esa razvedkadagi manbalariga tayanib, Amerika zarbalari Eron ishlanmalarini bir necha oy ortga surganini ta’kidlagan.

Ozarboyjonda Rossiya bilan bog‘liq barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi

Ozarboyjonda Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan tashkil etilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi. Bu haqda mamlakat madaniyat vazirligi ma’lum qildi.

Bekor qilingan tadbirlar orasida konsertlar, festivallar, spektakl va ko‘rgazmalar bor. Fuqarolarga chiptaga sarflangan pullarini qaytarib olish uchun savdo punktlari va onlayn platformalarga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Ozarboyjon madaniyat vazirligi ushbu qarorni Rossiya huquq-tartibot organlarining Yekaterinburgdagi harakatlariga javoban qabul qildi. U yerda ozarboyjonliklarning yashash va ish joylarida keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilib, Ozarboyjonning 50 dan ortiq fuqarosi qo‘lga olingandi. Reyd davomida ikki kishi – aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarov halok bo‘lgan.

Holat yuzasidan rasmiy munosabat bergan Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya xavfsizlik kuchlarining harakatlarini «qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik» deb atadi. Shuningdek, Rossiyadan tergov o‘tkazishni talab qildi.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, reyd avvalgi yillarda sodir etilgan bir qator og‘ir jinoyatlar tergovi doirasida o‘tkazilgan. Uni Rossiya Tergov qo‘mitasining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha bo‘limi olib borgan. IIV «tergov manfaati uchun» reyd to‘g‘risidagi tafsilotlarni oshkor etmadi.

Turkiyada o‘rmon yong‘inlari sabab o‘nlab aholi punktlari evakuatsiya qilindi

Turkiya shimoli-g‘arbida bir necha kundan beri keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Hozirga qadar yuzlab odam evakuatsiya qilindi, deb xabar beradi Kazinform. Mamlakat qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumaklining so‘zlariga ko‘ra, 153 ta yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan, ularning 83 tasi kecha aniqlangan. Ayni vaqtda 8 ta faol yong‘in o‘chog‘ini o‘chirish ishlari davom etmoqda, ularning to‘rttasi qisman o‘chirilgan.

Keng ko‘lamli yong‘inlarning kelib chiqish sababini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan, dastlabki tergov harakatlari davomida 17 kishi qo‘lga olingan.

Tramp TikTok uchun xaridorlar topganini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp TikTok uchun «juda boy insonlar guruhi»dan iborat xaridorlar topgani va sotuv amalga oshirilishi uchun XXR raisi Si Jinpingning roziligi talab etilishini ma’lum qildi.

«Aytgancha, bizda TikTok uchun xaridor bor. O‘ylashimcha, menga Xitoyning roziligi kerak va rais Si aftidan, buni amalga oshiradi», — deydi Tramp Fox News boshlovchisiga.

Tramp boshqa hech qanday tafsilotlarni oshkor etmadi. Shuningdek, u xaridorlar ismini ham aytmay, bu haqda «taxminan ikki haftadan keyin» ma’lumot berishini bildirgan.

2024 yil bahorda AQSh vakillar palatasi TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda ushbu ijtimoiy tarmoqni taqiqlash imkonini beradigan qonunni ma’qullagan edi. Kongressmenlarning hisoblashicha, TikTok milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otadi, chunki Xitoy hukumati ByteDanceʼdan ilovaning amerikalik foydalanuvchilariga oid ma’lumotlarni berishga majburlashi mumkin.

Tramp bu qonun kuchga kirishini uzaytirib kelmoqda. Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati «TikTokʼni qutqarish bo‘yicha bitim ustida tinmay ishlayapti». 

Mavzuga oid