Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ovqatdan zaharlangan Netanyahu, Moskva osmonini yopgan dronlar va Ukrainaga maslahat bergan Aliyev – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Binyamin Netanyahu «yaroqsiz» ovqatdan zaharlandi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 20 iyul kuni «yaroqsiz yoki buzilgan» oziq-ovqatdan zaharlangach, ichak yallig‘lanishi bilan kasallandi. Bu haqda xabar bergan Isroil hukumati idorasiga ko‘ra, Netanyahu kelgusi uch kun davomida uyida dam oladi, biroq davlat ishlarini u yerdan turib davom ettiradi.
Bayonotga ko‘ra, 75 yoshli Netanyahu tunda o‘zini yomon his qilgan va shifokorlar tomonidan ichak yallig‘lanishi hamda suvsizlanish tashxisi qo‘yilgan. Unga tomir orqali suyuqlik yuborilmoqda.
«Shifokorlar ko‘rsatmasiga binoan, bosh vazir keyingi uch kunni uyida dam olib o‘tkazadi va davlat boshqaruvidagi faoliyatini uydan davom ettiradi», – deyiladi Netanyahu idorasi tarqatgan bayonotda.
Reuters nashrining qayd etishicha, 2023 yilda Netanyahuga yurak stimulyatori o‘rnatilgan edi. O‘tgan yil dekabr oyida esa, siydik yo‘llari infeksiyasi aniqlangach, u prostata bezini olib tashlash bo‘yicha operatsiya qilingan.
The Jerusalem Post nashriga ko‘ra, bosh vazir «davlat ishlarini uydan turib olib borishi» shuni anglatadiki, u dushanba va seshanba kunlarida belgilangan jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarida ishtirok eta olmaydi. Sud tinglovlari endi faqat sentabr oyida, sudlar ta’tildan qaytgach, davom ettiriladi.
Dronlar hujumi sabab Moskva osmoni yopildi
20 iyulga o‘tar kechasi Moskvaga ukrain dronlarining navbatdagi hujumi kuzatildi. Shahar meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, 19 iyul kuni soat 18:00 dan boshlab Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari 20 dan ortiq dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi Moskva regioni ustida urib tushirilgan 19 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi haqida xabar bergan, shundan 16 tasi to‘g‘ri Moskva tomon uchgan.
20 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum fonida Moskvadagi Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari bir necha soat mobaynida samolyotlarni uchirish va qabul qilishga cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Cheklovlar natijasida jami 134 ta samolyot zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan.
Reyslar kechikishi va qoldirilishidan minglab yo‘lovchilar jabr ko‘rdi. Mahalliy pabliklar Sheremetevoda odamlar to‘plangani aks etgan videoni joylashtirdi, shuningdek Sheremetevo va Vnukovodagi sun’iy gazonlar ustida uxlayotgan yo‘lovchilar videosi paydo bo‘ldi. Aviakompaniyalar va aeroportlar vakillari ham uyiga yetolmay qolib ketgan minglab yo‘lovchilarga hech qanday ma’lumot bera olmagan.
Rossiya ham 20 iyulga o‘tar kechasi Ukraina hududiga dronlar bilan hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina havo mudofaasi 57 ta drondan 18 tasini urib tushirgan, yana yettitasi «manzilga yetib bormasdan yo‘qolgan yoki radioelektron kurash vositalari bilan bostirilgan».
OAVlarga ko‘ra, Ukraina dronlarining Rossiya hududiga hujumlari Volodimir Zelenskiyning Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotidan keyin tez-tez sodir bo‘lmoqda.
Aliyev Ukrainani «okkupatsiyaga rozi bo‘lmaslik»ka chaqirdi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Shushadagi mediaforumda qilgan chiqishi chog‘ida Ukraina va ukrain xalqini «hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmaslik»ka chaqirdi.
«Bir necha yil oldin o‘tkazilgan tadbirlardan birida Ukraina vakilining shunga o‘xshash savoliga javob berish imkoniyatiga ega bo‘lganman. O‘shanda ham hozir aytadigan gapimni aytgandim. Va mening javobim Ukraina va ukrain xalqining intilishlariga mos keladi, deb hisoblayman. Hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmang. Bu asosiy maslahat. Biz aynan shunday yo‘l tutdik», – dedi Aliyev.
Ilhom Aliyevning aytishicha, masalaga diplomatik yechim topish uchun tuzilgan YeXHT Minsk guruhi amalda Armanistonni qo‘llab-quvvatlagan va status-kvoni saqlash uchun barcha choralarni ko‘rgan. Ozarboyjon esa «vaqtni cho‘zishga urinishlar»ga toqat qilmay, 2020 yil mustaqil qaror qabul qilgan.
«Jamiyatning birdamligi menga prezident va bosh qo‘mondon sifatida kuch berdi. Men xalqning qo‘lloviga ishondim. Katta ehtimol bilan, bu – hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shunday qilib, yana takrorlayman: hech qachon taslim bo‘lmang», – degan Ozarboyjon rahbari.
2024 yil dekabr oyida Bokudan Grozniyga uchgan Ozarboyjon samolyoti halokatga uchrab, o‘nlab insonlar halok bo‘lgach, Rossiya-Ozarboyjon munosabatlari yomonlashgan edi. Ozarboyjon tomoni samolyotni Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari urib tushirganini ta’kidlaydi. Ayni vaqtda rasmiy Boku Moskvadan birorta ham aniq javob olmagach, Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga murojaat qilish jarayonlarini boshlagan.
G‘azo fojiasi
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, 2023 yil oktyabridan buyon Isroilning G‘azo sektoriga qarshi olib borayotgan genotsid xarakteridagi urushi oqibatida kamida 58 895 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida kasalxonalarga yana 130 jasad olib kelingan, 495 kishi jarohatlangan. Shu bilan urush boshlanganidan beri yaralanganlar soni 140 980 nafarga yetdi. «Ko‘plab qurbonlar hanuzgacha vayronalar ostida yoki ko‘chalarda qolmoqda — qutqaruvchilar ularga yetib bora olmayapti», — deyiladi bayonotda.
Xususan, yakshanba kuni G‘azo sektorining shimolida BMT yordam yuk mashinalarini kutayotgan paytda falastinliklar Isroil armiyasi tomonidan o‘qqa tutildi. Natijada 67 kishi halok bo‘ldi. Bu hodisa, so‘nggi haftalarda yordam olish chog‘ida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha eng yirik fojialardan biridir.
Isroil armiyasi bayonotida, yakshanba kuni shimoliy G‘azoda minglab odamlar to‘plangan joyda harbiylar tomonidan «bevosita xavfni bartaraf etish» maqsadida ogohlantiruvchi o‘q uzilgani aytilgan.
Dohada davom etayotgan G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarida ham oldinga siljish kuzatilmayapti. Lekin, shu kunlarda Vashingtonga tashrif buyurgan Isroil razvedkasi – Mossad rahbari David Barnea AQShdan G‘azoda qolayotgan yuz minglab falastinliklarni boshqa mamlakatlarga joylashtirish borasida yordam so‘ragan.
Netanyahu boshchiligidagi hukumat bunday ko‘chirishning «ixtiyoriy» bo‘lishini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, AQSh va Isroilning huquqshunos ekspertlari ham buni urush jinoyati deb baholagan. Isroil — Efiopiya, Indoneziya va Liviya bilan G‘azodan katta miqdordagi falastinliklarni qabul qilish borasida muzokaralar o‘tkazgan.
Kamchatkada 7,2 magnitudali zilzila ro‘y berdi
20 iyul kuni Tinch okeanidagi Kamchatka yarimoroli qirg‘oqlarida davomli zilzilalar sodir bo‘ldi.
Rossiya Fanlar akademiyasi geofizika xizmati mahalliy vaqt bilan soat 18:28 da 6,7 magnitudali birinchi kuchli silkinishni qayd etdi. Biroz o‘tgach 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yana taxminan 20 daqiqadan so‘ng 6,7 magnitudali navbatdagi zilzila kuzatildi.
Har uchala zilzila ham Rossiyaning eng sharqiy hududi — Petropavlovsk-Kamchatskiydan 160-169 kilometr uzoqlikda qayd etilgan. Uchala holatda ham zilzila o‘chog‘i besh kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Keyingi soatlarda seysmologlar 4,2 dan 6,3 gacha bo‘lgan o‘ndan ortiq takroriy silkinishlarni qayd etishdi.
Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, zilzila paytida uylar qattiq silkinib, xonadonlardagi mebellar qulab tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.
Kamchatkadagi bir necha aholi yashash punktlari uchun sunami xavfi e’lon qilingan. FVV ma’lumotiga ko‘ra, to‘lqin balandligi 60 santimetrni tashkil etishi mumkin. Rasmiylar qirg‘oqdan uzoqlashish kerakligini aytib, aholini qirg‘oqqa borib sunamini tomosha qilishdan qaytardi.
Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni Kiprning «haqiqiy holati»ni tan olishga chaqirdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yakshanba kuni Shimoliy Kipr Turk Respublikasida nutq so‘zlab, ushbu hudud bilan diplomatik, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «turk kiprliklariga qarshi o‘n yillab davom etgan adolatsizlikka barham berilishi kerak».
«Ular yo‘limizni to‘sish uchun qaysi eshikni yopmasin, biz har doim boshqa eshiklar ochdik, yangi yo‘llar topdik», — deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirmoqda Anadolu nashri.
Kipr tinchlik operatsiyasining 51 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyat orolning bo‘linib turgan haqiqiy holatini tan olishi lozimligini ta’kidladi.
«Biz bunga ertami-kechmi erishamiz, bunga qat’iy ishonamiz», — dedi u.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Shimoliy Kipr va uning hukumati bilan mamlakatning siyosiy va iqtisodiy kelajagini barpo etishda «to‘liq hamjihatlikda harakat qilayotganini» bildirdi.
Mavzuga oid

13:12 / 19.07.2025
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar, Hamasning bayonoti va Suriya bilan sulhga rozi bo‘lgan Isroil – kun dayjesti

13:14 / 18.07.2025
AQSh bilan «mega kelishuv» qilayotgan Zelenskiy, Iroqda kuchli yong‘in va Eronga yangi dedlayn tayyorlayotgan G‘arb – kun dayjesti

14:05 / 17.07.2025
Damashqqa zarba bergan Isroil, urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan Putin va Ukrainaga kelishni boshlagan raketalar – kun dayjesti

12:54 / 16.07.2025