Jahon | 18:14 / 01.07.2025
1167
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand Konstitutsiyaviy sudi mamlakat bosh vazirini vaqtincha lavozimdan chetlatdi

Bunga bosh vazir Pxetxongtxan Chinnavatning Kambodja sobiq bosh vaziri bilan ikki davlat o‘rtasidagi chegara mojarosini muhokama qilgan telefon suhbati tarqalib ketgani sabab bo‘ldi.

Foto: AP

Tailand Konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Pxetxongtxan Chinnavatni kasbiy axloqni buzganlikda ayblab, lavozimidan vaqtincha chetlatdi, deb xabar beradi Associated Press.

«Bugun sudyalar bir ovozdan uni etikani buzishda ayblovchi petitsiyani ko‘rib chiqishni ma’qulladi va ko‘pchilik — ikkitaga qarshi yettita ovoz bilan Chinnavatni lavozimdan vaqtinchalik chetlatish bo‘yicha qaror qabul qildi», - deyiladi agentlik xabarida.

Bunga bosh vazirning Kambodja sobiq bosh vaziri, hozirda mamlakat parlamenti yuqori palatasi raisi Xun Sen bilan ikki davlat o‘rtasidagi chegara mojarosini muhokama qilgan telefon suhbati tarqalib ketgani sabab bo‘lgan. Ikkala siyosatchi ham yozuvning haqiqiyligini tasdiqlagan.

Petitsiyani Konstitutsiyaviy sudga 36 senatordan iborat guruh kiritgan, ular Pxetxongtxanni axloqiy me’yorlar va konstitutsiyani buzganlikda ayblagan. Pxetxongtxan Chinnavatda o‘zini himoya qilishda dalillarni to‘plash uchun 15 kun vaqt bor. Bosh vazir vazifasini vaqtincha uning o‘rinbosari bajaradi.

Dam olish kunlari Bangkokdagi mojaro fonida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Hukumatdagi bosh vazir koalitsiyasini uning asosiy sherigi bo‘lgan «Bumyajtay» partiyasi ham tark etdi.

Pxetxongtxan Chinnavatning Xun Sen bilan telefon orqali muloqoti 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi. Yozuvlarda Tailand bosh vaziri Kambodjaning sobiq rahbarini «amaki» deb atagani va may oyida bir nafar kambodjalik askar halok bo‘lgan chegara to‘qnashuvlarida o‘z armiyasining harakatlarini tanqid qilganini eshitish mumkin.

38 yoshli Pxetxongtxan Chinnavat 2024 yil avgust oyida Tailand bosh vaziri etib tayinlangan edi. U Konstitutsiyaviy sud tomonidan kasbiy axloqni buzgani uchun lavozimidan chetlatilgan Settha Thavisin o‘rnini egallagandi.

Mavzuga oid