Jamiyat | 21:54 / 30.06.2025
1814
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 4 gektar yerni 300 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi

Shuningdek, ular yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ushbu noturar yer maydonida namunaviy uy-joy qurishga ruxsatnoma olib berish uchun 120 ming dollar so‘ragan.

Illyustrativ foto

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida joylashgan 4 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, fuqaro O.N.ning IIV Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limiga qilgan murojaatiga asosan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, Sh.A. va A.S. ismli shaxslar oldindan til biriktirib, murojaatchiga Bo‘ka tumanida joylashgan «O.R.» MChJga tegishli 4 gektar noturar yer maydonini 300 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, ular yana 120 ming AQSh dollari evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ushbu obekt turini «turar joy»ga o‘tkazib, kelgusida namunaviy tipdagi uy-joy qurish uchun ruxsatnoma va qurilishni boshlash uchun barcha hujjatlarni rasmiylashtirib berishga va’da qilgan.

Ushbu shaxslar oldindan 90 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.

Mavzuga oid