Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Janubiy Koreya – o‘zbekistonliklar ishlash uchun eng ko‘p boradigan 4-mamlakat. Uni “Ikkinchi Amerika” yoki “Sharqdagi AQSh” deyishadi. 70 yil oldin qashshoq, avtoritar rejimli bo‘lgan davlat qanday qilib dunyoning iqtisodiy monstriga aylana oldi? SUBYEKTIV koreys mamlakatining janubidan Shimoliy Koreya chegarasigacha, eng qashshoq mahallalaridan hatto prezident saroyigacha borib, tasavvurlarimizdagi va haqiqiy Koreya o‘rtasidagi farqlarni solishtiradi.

Nima uchun bu davlatni tanlashadi? Yaxshi maoshlari uchunmi? Ish topish osonmi? Yoki shunchaki borish uchun qiziq davlatligi sababmi? Javoblar hammada har xil bo‘lishi tabiiy. Lekin asl haqiqat doim bitta. Bugun siz Koreyaga sayohat haqidagi ko‘rsatuvni emas, bu davlatga nega kelish yo kelmaslik kerakligini tushunib olasiz. Sizlarga barcha qartalarni ochamiz, tanlovni esa o‘zingiz qilasiz.
Koreyadagi o‘zbek diasporasi kichik emas, 100 ming nafardan oshadi. Vatandoshlarimiz asosan sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashadi. Yana ikki toifa vakillari borki, ularga qanchalik qiyinligini shu yerga kelib bildik. Bular – talabalar va noqonuniy muxojirlikka chiqib ketganlar. Bu yerda mehnat qilib pul topishning mashaqqatini his qilish uchun o‘zimiz ham ishlab ko‘rishim kerak edi. Rosa surishtirib, “buzish” deyiladigan kunlik ish topdik.
Ishlash, Koreyani aylanish davomida juda ko‘p yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik. “Arbayt”, “tekpe” deb nomlanadigan kunlik ishlar, kemasozlik, tarvuzchilikdagi mehnatning og‘irligini 10 ta odamdan eshitganimizda ham ssenariyga kiritmagan bo‘lardik. “Koreyani jannat qilib ko‘rsatayotgan blogerlardan intervyu olmang”, “haqiqiy hayotimizni ko‘rsating”, “oyiga uch ming dollar topasan, deb endi maktabni tugatgan yoshlarni aldab olib kelayotgan konsalting firmalarini gapiring” deganlar juda ko‘p bo‘ldi.
Ham ilm, ham ishni baravar eplolmay, yaxshi o‘qishlarini tashlab, noqonuniy maqomga chiqib ketayotgan yoshlar ham ko‘p ekan. Ular o‘zlarinikini bir chetga surib, butun oilasining orzu-havaslari deb, mana shunday og‘ir sharoitlarda mehnat qilishayotgani, lekin mashaqqat-qiyinchiliklarini uydagilariga sezdirmaslikka harakat qilishlarini aytishadi. Yaxshi pul topayotgandek ko‘rinayotgan bu maqomdagilarning huquqlari himoyalanmaydi. Ular doim immigratsiya xizmati qochib ishlashadi. Huddi bizning kameralarimizga tushib qolishni istashmagandek. Sog‘lig‘iga biror ziyon yetsa, davolanish juda qimmatga tushadi. Tibbiy sug‘urta esa faqat qonuniy muhojirlar uchun amal qiladi. Mana shunday tavakkal bilan pul topishyapti yurtdoshlarimiz. Ijtimoiy tarmoqlarida esa faqat chiroyli shaharlarda maza qilib yurishganini ko‘rsatishadi. Bularni ko‘rganlar Koreyada pul osmondan yog‘sa kerak, deb o‘ylashadi-da.
Koreya haqida o‘rganayotganimizda ham, bu yerga kelib ham nuqul “stress”, “depressiya” degan so‘zlarga ko‘p duch keldik. Hamma yog‘i insonlar qulayligi uchun qilingan davlatda qanday tushkunlik bo‘lishi mumkin? Boshida balki bu koreyaliklarning noshukurligidandir, deb o‘yladik. Keyin esa romantik kinolarda bizga ko‘rsatilgan va asl Koreya o‘rtasidagi farqni izlashga kirishdik.
Koreyada suitsid faqat imtihondan o‘tolmaganlar, ishsiz qolganlar yoki qarzga botganlar uchun so‘nggi chora emas. Yaqin tarix koreyalik mashhur yulduzlardan tortib hattoki prezidentgacha o‘z joniga qasd qilganlarni ko‘rdi. Bularning barchasida chuqur depressiya o‘lim sababi sifatida qayd etilgan.
Bugungi Koreya nafaqat o‘z joniga qasd qiluvchilar antireytingida, eng kam tug‘ilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham dunyoda yetakchilardan. 1985 yillarda ikki ayolga 3 nafar chaqaloq to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu yilga kelib, har ikkinchi koreyalik ayol farzand ko‘rishni istamaydi. Millat barqaror yashab qolishi uchun bir ona eng kami ikki farzand ko‘rishi kerak. Hozirgi Koreyada tug‘ilayotgan avlod bunday salbiy ko‘payish bilan eski avlodning uchdan bir qismini ham saqlab qololmaydi.
O‘zbekistonda faqat yoshlarni ko‘rishga o‘rgangan ko‘zlaringiz Koreya ko‘chalarida, bozorlarida, taksi, do‘konlarida – hammayoqda faqat qariyalarni ko‘radi. Qarshingizda qarib borayotgan Koreya gavdalanadi. Koreyalik bo‘lish oson emas. Bu mehnatkash xalq bolaligini ham unutib, erta-yu kech o‘qib, ishda 9:9:6 tamoyili asosida, ya’ni 9 dan 9 gacha haftasiga 6 kunlab ishlab, umrini boy bersa ham, har ikkinchi koreyalik o‘z uyiga ega bo‘lolmaydi. Chunki uy-joy narxlarining qimmatligi bo‘yicha ham Janubiy Koreya dunyoda yuqori o‘rinda – 2 xonali uy narxi o‘rtacha 1 mln dollar atrofida.
Unda nega bu davlatga kar’yera, ish, daromad qidirib kelishadi? Eng muhim savollardan biri. Yoshlarning tobora kamayib borayotgani, Koreyaning ishchi kuchiga, mehnat migratsiyasiga ehtiyoji asosiy sabablardan. Lekin kelganga yarasha og‘ir mehnatiga kam pul to‘laydigan ishlarda emas, eng zo‘r marralarni ko‘zlab kelsa ham, uddasidan chiqsa bo‘ladi. Bunday omad formulasi haqida ko‘rsatuvimizning keyingi 2-qismida o‘zbekistonliklar o‘z tajribalari bilan bo‘lishishadi. Hozir esa hujjatli filmimizning 1-qismini tomosha qiling.
Mavzuga oid

20:16 / 18.07.2025
O‘zbekiston Janubiy Koreya bojxonachilariga 6 bosh xizmat itini yetkazdi

19:12 / 14.07.2025
Janubiy koreyalik baliqchilar 1,9 mln dollarlik tunetslarni dengizga qo‘yib yubordi

14:58 / 14.07.2025
"O‘tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi

18:28 / 10.07.2025