“O‘rnimda boshqa odam bo‘lganda ham shu ishni qilardi” - bolakayni qutqargan YPX inspektori haqida
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yo‘l chetiga to‘xtagan Nexia haydovchisi Ahliddin Jumaboyev mashinasini o‘chirmay do‘konga kiradi. Old o‘rindiqda qoldirilgan 5 yashar o‘g‘il oyna ko‘targich tugmasini bexos bosib yuboradi. Natijada bolaning boshi qisilib qoladi. Do‘konga to‘xtagan YPX inspektori Azim Xalifayev voqea ustidan chiqib mashina oynasini sindirib bolani qutqarib qolgan. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotini o‘rgandi.

Bolakayning otasi Ahliddin Jumaboyev bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Uning aytishicha, haydovchi o‘sha kuni 5 yashar o‘g‘li Asliddin Otaqo‘ziyev bilan dalaga ketayotgan bo‘lgan.
O‘g‘limni qaytib berdi...
“24 iyun kuni soat 18:00 lar chamasi edi. O‘g‘lim bilan birga mashinada dalaga ketayotgan edik. Suv olay deb do‘konga to‘xtadim. Mashina yoniq holatda edi. Do‘konga kirganimda tugmani bexos bosvorganidan o‘g‘limning boshi oynaga qisilib qolgan ekan. Ichkarida e’tiborsiz qolibman. Rahmat YPX xodimiga, orqamizdan kelib to‘xtagan ekan. Oynani sindirib, o‘g‘ilchani qutqarib qoldi.

Hozirda o‘g‘limning holati yaxshi biroz ruhiyatiga ta’sir qilganini hisobga olmaganda. Uydagilar, ota-onalar bugun xabar topishdi. Ular ham shok holatida hozir.
Xodim oynani sindirganda qo‘llariga ham shikast yetgan. O‘g‘limning hayotini saqlab qolgan YPX xodimiga rahmat aytaman.
Ota-onalardan iltimos qilib qolamanki, avvalo bolalar oldi o‘rindiqda o‘tirishmasin. Farzandlariga e’tiborli bo‘lishsin. Endi farzandimni nazoratsiz qoldirmayman. Bo‘lgan voqea ibrat bo‘ldi. Hayotimda birinchi marta bu holatga duch kelyapman, katta maktab bo‘ldi”, deydi bolakayning otasi Ahliddin Jumaboyev.
Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmadi...
“24 iyun kuni A-373 yo‘lida xizmatda edim. Xizmat davomida chamasi soat 18:00 larda ob-havo issiqligi sababli do‘konga suv olgani to‘xtagandim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, yosh bola mashina oynasiga qisilib qolgan ekan. Bolakay tipirchilayotgandi. Uni ko‘rib, o‘zimning bolam ko‘z oldimdan o‘tdi. Yelkamdagi ratsiyaning orqasi bilan bir-ikki marta urib oynani ochishga harakat qildim, ochib bo‘lmadi. Keyin jon holatda bir-ikki tortdim, oyna sinib ketdi. Bola o‘ziga keldi, keyin dadasi yugurib chiqdi. Bolani ko‘tarib, shisha parchalari oyog‘iga botmasin deb, chekkaga oldik, suv berib, o‘ziga keltirdik.
Mening o‘rnimda har qanday fuqaro bo‘lganda ham, bolaga yordam qilgan bo‘lardi. Haydovchilarga aytadigan gapim, yosh bolani transport vositasida yolg‘iz qoldirishmasin. Maxsus o‘rindiqlarsiz aslo transport vositasining oldi o‘rindig‘iga o‘tkazmaslik va transport vositasini qarovsiz qoldirmaslikni iltimos qilaman.
O‘sha paytda oynani tortganimda oyna parchalari qo‘llarimga kirgan ekan. Qonadi, ozroq jarohat bor. Lekin u payt ko‘zimga hech narsa ko‘rinmadi. Bir bolaning hayotini saqlab qolganim uchun xursand bo‘ldim. Jarohatlar esa hech narsa emas. Avvalambor xalqqa, vatanga qasamyod qilganmiz. Qasamyodimizga sodiq bo‘lib, qo‘limizdan kelgancha xizmat qilamiz”, deydi YPX inspektori Azimjon Xalifayev.
Xodimning otasiga ming rahmat...
“Yo‘l bo‘yida do‘konimiz bor. Savdoda turgan paytda bir xaridor kirdi. Keyin esa tashqaridan to‘satdan bola baqirdi. YPX xodimi kelib derazani sindirdi va bolachani qutqarib oldi.

Xodimning qo‘llariga shisha siniq parchalari kirgan edi, keyin uni men davolatishga olib ketdim-da. Bolaning holati yomon edi. O‘ta qo‘rqib ketgandi u. Rangi oqarib ketgan. Nafasi chiqmay qolgandi. Unga darhol suv berdik, ichirdik, o‘tkazdirib, o‘zining holatiga keltirdik. Holat shu darajada tez sodir bo‘ldiki, hayratda qoldim. YPX xodimiga qoyil qoldim. Barakalla! Otasiga ming rahmat xodimning”, deydi do‘kon egasi Munojat Omonova.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid

15:07 / 26.06.2025
Kosonda 2,5 yoshli bola xususiy bog‘chada vafot etdi

14:16 / 25.06.2025
Haydovchi mashinani qulflaganidan keyin oynaning ko‘tarilishi bolaning bo‘ynidan qisib qoldi

11:17 / 18.06.2025
Ota-onasi xorijda yurgan 350 dan ziyod bolaga vasiy tayinlandi

18:12 / 15.06.2025