O‘zbekiston | 21:42 / 24.06.2025
2522
3 daqiqa o‘qiladi

Metrodagi profilaktika ishlarida qator kamchiliklar aniqlandi – Transport prokuraturasi

Toshkent metrosining “Do‘stlik” bekatidan Sergeligacha olib boruvchi liniyasidagi 14 ta bekatdan 9 tasi vaqtincha yopilmoqda. Profilaktika ishlari doirasida hozirgacha “Qipchoq” va “Turon” bekatlari oralig‘ida relslar va shpallar olib tashlangan. Transport prokurori boshliq ishchi guruh 8 iyundan boshlangan bu ishlarni o‘rganib, “qator kamchiliklar” aniqlanganini ma’lum qildi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Toshkent yerusti metrosida boshlangan profilaktik ishlar jarayonida “qator kamchiliklar” aniqlandi, deya ma’lum qildi Transport prokuraturasi.

Rejali profilaktika ishlari “Qipchoq” bekatidan “Texnopark” bekatigacha olib boriladi va 3 oy davom etishi xabar qilingan. 8 iyundan boshlab “Qipchoq” va Turon” bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati to‘xtatildi. 28 iyundan boshlab “Quruvchilar” bekatidan “Yangiobod” bekatigacha bo‘lgan masofada ham poyezdlar qatnamaydi.

Shu tariqa, “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” yo‘lidagi 14 ta bekatdan 9 tasi ma’lum vaqt faoliyat yuritmaydi. Bu davrda xuddi shu yo‘nalishda bepul avtobuslar qatnaydi.

Hozirda dastlabki ikki bekat – “Qipchoq” va “Turon” oralig‘ida temiryo‘l relslari va shpallari olib tashlangan.

Olib borilayotgan ishlarga transport prokuraturasi e’tibor qaratdi. 24 iyun kuni Bosh prokuratura transport prokurori Ikrom Narimov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganish o‘tkazilganini ma’lum qildi.

“O‘rganish jarayonida qator kamchilik va xato holatlar aniqlanib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish, amalga oshirilayotgan ishlar loyiha talablariga to‘liq muvofiq holda qayta ko‘rib chiqilishi va belgilangan muddatlarda sifatli yakunlanishi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.

Qurilish ishlarining shaffofligi, yo‘lovchilar xavfsizligi va transport infratuzilmasining barqarorligini ta’minlash mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi”, – deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Qayd etilishicha, bu jarayonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmachi, “Ko‘prikqurilish” AJ esa pudratchi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti yo‘lidagi 7 ta bekatdan 5 tasi 2023 yil aprelida, so‘nggi 2 tasi (“Turon” va “Qipchoq” bekatlari) 2024 yil mart oyida ishga tushirilgan.

Bu liniyaning birinchi bosqichi – “Do‘stlik” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan qismi esa 2020 yil avgust oyida ishga tushirilgan.

Qayd etish lozim, Yunusobod yo‘lidagi “Yunusobod” va “Turkiston” yerosti metro bekatlari ham ochilganidan 3 yil o‘tib, 2023 yilda profilaktik maqsadda 4 oyga yopilgan edi.

2020 yil dekabr oyida Chilonzor liniyasining davomi bo‘lgan Sergeli yo‘li ham ochilgan. Bu yo‘l ikkinchi yerusti liniyasi (“Qipchoq”–“Texnopark”)dan avvalroq ishga tushirilgan bo‘lsa-da, hozircha profilaktik maqsadlarda yopilgan emas.

Mavzuga oid