O‘zbekiston | 15:40 / 24.06.2025
4297
8 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda yana daraxtlar kesildi. Ekologiya organi sukutda

Bo‘rijar kanali bo‘yida bir necha oy oldin bo‘lgani kabi yana daraxtlar kesildi. Quruvchi daraxtlar “ko‘chirilgani”, aholi vakillari esa yarim tunda kesilib, shu yerning o‘ziga ko‘mib tashlanganini aytmoqda. Bu yerda 16 qavatli uy qurilishiga ruxsat berilgan. Ekoinspektor holatni o‘rganib ketdi, lekin o‘rganish natijalari ochiqlanmayapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Chilonzor tumani 1-Charx Komolon mahallasida, Bo‘rijar kanali bo‘yida yana daraxt kesilmoqda. Kun.uz muxbiri aholi murojaatiga asosan holatni o‘rgandi.

Kun.uz bu hududda 30 ga yaqin daraxt kesilgani haqida joriy yil fevral oyida ham xabar bergan edi. Fuqarolarga ko‘ra, daraxt kesuvchilar kuni kecha yana paydo bo‘lgan: 19 iyunga o‘tar kechasi tunda 3-4 ta daraxt tag-tomiri bilan qo‘porib tashlangan.

Devorni o‘rab oldi, orqadagi daraxtlarni nima qilsa qilyapti, o‘zicha kesib tashlayapti. Prezidentimiz “kesmagin” degan, bular kesyapti. Bitta ham daraxt qolmadi”, – deydi mahalla faoli Hamidulla Shorahbarov.

Yana bir fuqaro oxirgi kesilgan akatsiya daraxtlari 80-90 yillik bo‘lganini taxmin qildi.

Kecha kechqurun soat 02:00 larda boshlandi. Traktor tovushidan uyg‘onib chiqdim. Hamma daraxtni davlat raqamisiz traktor olib tashladi. Bular uncha-munchaga katta bo‘ladigan daraxtlar emas. Unga ancha mehnat kerak. Bular boshida kelganda bizga hujjat ko‘rsatganda, kadastrda savdo-maishiy, ko‘ngilochar joylar qilamiz degan. Mana hozir domga aylandi”, – deydi u.

Kun.uz muxbiri voqea joyida daraxtlar bilan bog‘liq holatni o‘rganib ketayotgan ekoinspektorga mikrofon tutdi.

Hozir to‘liq ma’lumotga ega emasmiz, o‘rganishlar olib boryapmiz. Bizga ko‘chirgan deb aytishyapti. O‘sha ko‘chirgani bo‘yicha joyiga chiqib o‘rganmoqchimiz: haqiqatan ko‘chirganmi-yo‘qmi? Tegishli dalolatnomalarni tuzib, qonun buzilishi holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Hozir bu yerga kirib, qurilish obekti rahbarlaridan tushuntirishlar olindi va ko‘chirgan shaxs chaqirtirildi”, – deydi Chilonzor tumani ekoinspektori Shukrullo Abdurahmonov.

Aholi vakillariga ko‘ra, kesilgan daraxtlar shu yerning o‘ziga ko‘mib qo‘yilgan. Ekoinspektor Abdurahmonov esa yuqorida keltirilgan gaplaridan keyin oradan 5 kun o‘tgan bo‘lsa, daraxtlar haqida ma’lumot bermadi. Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati ham bu boradagi so‘rovlarni javobsiz qoldirdi.

Obektda ilib qo‘yilgan bannerda keltirilishicha, loyiha buyurtmachisi – Homewell. Loyihalovchi tashkilot – Prime Tower Group. Pudratchi – Ozguven Mimarlik Inshaat.

Pudratchining ichki nazoratchisi Farhod Karimov daraxtlarni ko‘chirish xizmatini ko‘rsatuvchi korxona bilan shartnoma tuzilib, hammasi qonuniy bo‘lganini da’vo qildi. Aholining daraxtlar kesilgani haqidagi e’tirozlariga javoban, bu masalada hech narsa deya olmasligi, mas’uliyat daraxt ko‘chirishni zimmasiga olgan tashkilot zimmasida ekanini bildirdi.

To‘g‘ri, bu yerda aholi bilan ko‘rishish kerak. Aholining ham roziligi muhim rol o‘ynaydi. Biz hali qurilishni boshlamadik. Bu texnikalar boshqa qurilish tashkilotiga tegishli, u boshqa proyekt. Biz qurilishni boshlashdan oldin, albatta, aholi bilan ko‘rishamiz. Pasport bor, davlatdan ruxsat olingan, inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tgan obekt. Hamma hujjatlari qilingan. Bilishim bo‘yicha, daraxtlarning ham hujjatlari qilingan. Hech qaysi ish bu yerda noqonuniy shaklda olib borilmayapti. To‘g‘ri, inspeksiya, ekologiya kelib, o‘rganish qilib ketdi. Hujjatlarni taqdim etdik ularga. Bu bo‘yicha o‘zi hamma hujjatlar oldindan qilib kelingan”, – deydi Karimov.

Lekin u daraxtlarni ko‘chirish bilan bog‘liq hujjatlarni taqdim eta olmadi. Keyinroq bu borada unda ma’lumot yo‘qligini ayta boshladi.

“Daraxtlar bo‘yicha menda ma’lumot yo‘q. Oldin aytib o‘tganimday, men quruvchiman. Balki ko‘chirgandir, balki olgandir. Daraxt ko‘chirilgan bo‘lsa, biz bu yerga bitta daraxtning o‘rniga 10 ta daraxt ekamiz”, – deydi quruvchi tashkilotning vakili.

Chilonzor tumani hokimining yordamchisi Islom Maxanovga ko‘ra, quruvchilar 10 kundan beri yo‘lni to‘sishni so‘rab kelmoqda.

Haqiqatan, shahardan ruxsatnomasi bor, ko‘p qavatli bino tushishiga. Lekin hali aholi bilan maslahatlashish uchun hech qanaqa yig‘ilish o‘tkazilgani yo‘q. Yaqinda keldi, shunaqa-shunaqa qurmoqchimiz, yo‘lni vaqtinchalik bir oygami, ikki oyga yopib turamiz dedi. Sababi, nimanidir qoqarkan-da. O‘sha qoqadiganlarini qoqib bo‘lgandan keyin, keyinchalik yo‘lni qaytadan ochib beramiz deyishdi. U bo‘yicha hali hech qanaqa ruxsatnoma berilgani yo‘q. Biz yo‘lni o‘zboshimchalik bilan to‘smanglar deb ogohlantirdik, Hali bir kun, bir vaqtni kelishib, birgalikda yig‘ilish o‘tkaziladi, fuqarolar chaqiriladi. Fuqarolarning ruxsatisiz hech qanaqa yo‘l to‘silmaydi. Bularning ruxsati bo‘lmasa, hech narsa qurilmaydi”, – deydi hokim yordamchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud buzilishga tushgan. “Bu yerda yashovchilarning 50-60 foiziga uy olib berilib, chiqib ketganlari ham bor”, deydi Maxanov. Lekin uni tinglab turgan fuqarolar buni inkor qilib, ko‘chib ketganlarning ulushi 10 foiz ham chiqmasligini aytdi.

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi obekt bo‘yicha quyidagicha ma’lumot berdi:

Seul ko‘chasi manzilidagi obekt “Ozun Tashkent Construction” MChJ XKga tegishli bo‘lib, Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarorining 2-ilovasiga asosan “Mavjud noturar-joy binolarini ko‘p qavatli turar-joy binosi sifatida qayta ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish” uchun 2022 yil 7 martda 1726294-40373-sonli ruxsatnoma berilgan. Mazkur ruxsatnomaga muvofiq, bosh boshqarma tomonidan 2022 yil 21 aprelda 1726-1726294-40951-sonli arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART) ishlab chiqilgan

Prime Tower Group” MChJ ushbu hujjatlar asosida loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlagan va unga SES, ekologiya, yong‘inga qarshi nazorat xizmati ijobiy xulosa bergan.

Ijobiy xulosalarga asoslangan holda, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2023 yil 26 maydagi 72169-sonli xulosasi bilan kelishib berilgan”.

Toshkent shahrining bosh rejasiga ko‘ra, bu hududda binolarning balandligi 9 qavatdan oshmasligi kerak. Qurilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan obektda esa eng baland nuqtasi 16 qavatgacha boradi.

Poytaxt qurilish bosh boshqarmasi bu holatni qurilish uchun ruxsatnoma bosh reja tasdiqlanmasidan oldin berilgani bilan izohladi.

Mavzuga oid