Hindistonda Dreamliner qulashi: aviahalokat sababi nima bo‘lishi mumkin?
Hindistonning Ahmadobod shahridan Angliya poytaxti Londonga uchayotgan Air India aviakompaniyasi samolyoti bilan aynan nima sodir bo‘lgani har tomonlama tekshiruvdan so‘ng aniqlanadi, biroq aviatsiyada samolyot havoga ko‘tarilgandan keyingi dastlabki lahzalar eng murakkabi bo‘lishi avvaldan ma’lum.

Foto: AP / Scanpix
Yaqin kunlarda hindistonlik tergovchilarga AQSh va Britaniya ekspertlari qo‘shiladi, ular Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, Sardor Vallabxay Patel xalqaro aeroportidagi uchish-qo‘nish yo‘lagidan 1,5 km uzoqlikda qulashi sabablarini aniqlashga harakat qiladi. BBC nashri 12 iyun kuni yuz bergan dahshatli aviahalokat tafsilotlarini tahlil qilishga urinib ko‘rdi.
Bu Dreamliner samolyotlarining 2011 yilda tijorat xizmatiga kirganidan beri ilk halokatidir. Halokat oqibatida samolyot sahnidagi 241 kishi, shuningdek, yerdagi odamlar ham qurbon bo‘ldi. Samolyotdagi faqat bir nafar yo‘lovchi omon qoldi.
BBC nashri aviatsiya mutaxassislari va hindistonlik uchuvchilar bilan suhbatlashdi, ular samolyotning Ahmadoboddagi turar-joy binolari ustiga qulashiga qanday omillar sabab bo‘lganini aniqlashga harakat qildi.
Havoga ko‘tarilishdagi muammo
Samolyotni kapitan Sumit Sabxarval va yordamchi uchuvchi Klayv Kundar boshqargan edi. Ikkalasi ham tajribali uchuvchi, umumiy parvoz vaqti 9000 soatdan ortiq. Sabxarval tijorat uchuvchisi sifatida 22 yildan ortiq tajribaga ega edi.
Samolyot bortida 242 kishi bo‘lgan. Samolyot Ahmadobod aeroportidan mahalliy vaqt bilan 13:39 da uchdi. Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shohning aytishicha, samolyot yoqilg‘i bilan to‘liq to‘ldirilgan, uning baklarida 100 tonna yoqilg‘i bor edi.
Hindiston rasmiylariga ko‘ra, uchuvchilar parvozdan ko‘p o‘tmay avariya signalini yuborishgan. Keyin samolyot bilan aloqa yo‘qotildi. Favqulodda vaziyat haqidagi signalga nima sabab bo‘lgani noma’lum, biroq omon qolgan yagona yo‘lovchi samolyot balandlikka ko‘tarilayotganda qattiq shovqinni eshitganini aytdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda samolyotning turar-joy hududidan past balandlikda uchayotgani aks etgan. Uzatilgan so‘nggi ma’lumotlar samolyot 625 fut (109 m) balandlikka ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Keyin samolyot pasayib, daraxtlar va binolar ortida g‘oyib bo‘ladi va olov bilan qora tutun ko‘tariladi. Videokuzatuv kameralari tasvirida samolyot 30 soniya davomida havoda bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Ikki dvigatelning ishdan chiqishi haqidagi «juda kam uchraydigan» taxminlar
Faqat videolavhalar asosida halokat sababini aniqlash deyarli imkonsiz. Yaqin kunlarda katta tekshiruv boshlanadi, jumladan, parvozni qayd qiluvchi qurilmalarni tekshirish va bo‘laklarni ekspertizadan o‘tkazish. Mavjud lavhalarda samolyot yerdan juda og‘ir ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Ba’zi mutaxassislar ikkala dvigatelning bir vaqtda ishdan chiqqanini taxmin qilmoqda ammo bu juda kam uchraydigan hodisa. Shuningdek, asosiy tizimlar energiya ishlab chiqara olmaganda qo‘llaniladigan avariya turbinasi (Ram Air Turbine, RAT) ishga tushirilganmi yoki yo‘qmi degan savollar mavjud.
Ikki dvigatel bir vaqtda ishdan chiqqanining eng mashhur misoli 2009 yilda Hadson daryosidagi «mo‘jiza» bo‘lib, Nyu-Yorkdagi «La-Guardia» aeroportidan ko‘tarilgan samolyot ko‘p o‘tmay, qushlar suruviga urilgan edi. Shundan keyin ikkala dvigatel ham ishlamay qoldi, ammo ekipaj samolyotni suvga xavfsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tajribali uchuvchining aytishicha, ikkala dvigatelning ishlamay qolishiga yoqilg‘ining ifloslanishi yoki yoqilg‘i tizimining tiqilib qolishi ham sabab bo‘lishi mumkin. Samolyot dvigatellari yoqilg‘ining aniq uzatish tizimiga tayanadi - agar u tiqilib qolsa, dvigatellar to‘xtab qolishi mumkin.
Sobiq uchuvchi Marko Chan so‘zlariga ko‘ra, mavjud videolarda ikkala dvigatelning bir vaqtda ishdan chiqqanini ko‘rsatadigan hech qanday dalil yo‘q.
Aviatsiya mutaxassisi Mohan Ranganatan so‘zlariga ko‘ra, ikkala dvigatelning bir vaqtda ishdan chiqishi «juda kam uchraydi».
Dvigatel ishlab chiqaruvchi GE Aerospace kompaniyasi tergovda yordam berish uchun Hindistonga guruh yuborayotganini aytdi, Boeing esa Air India bilan hamkorlik qilishini ta’kidladi.
Qushlar bilan to‘qnashuv
Hindistondagi ba’zi mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan yana bir nazariya qushlar suruvi bilan to‘qnashuvdir. Bunday zarbalar samolyot uchun juda xavfli bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili Janubiy Koreyada 179 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Jeju Air aviakompaniyasi samolyoti halokatida bo‘lganidek, qushlar dvigatellar ichiga kirsa, quvvatini yo‘qotishi mumkin.
Ahmadobod aeroporti bilan tanish bo‘lgan ekspertlar va uchuvchilar bu aeroport «qushlar ko‘p ekani bilan mashhur» ekanini aytdi. «Ular har doim aeroport atrofida», dedi ekspert Mohan Ranganatan. Aeroport bilan tanish uch nafar hind uchuvchisi ham buni tasdiqladi.
Hindiston fuqaro aviatsiyasi vazirligining 2023 yil dekabrida parlamentga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, halokat sodir bo‘lgan Gujarat shtatida besh yil ichida qushlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq 462 ta hodisa yuz bergan, ularning aksariyati aynan Ahmadobod aeroportida sodir bo‘lgan.
Hadson daryosi hodisasida qushlar suruvi dvigatellarga 2700 fut (823 metr) balandlikda urilgan edi. Ya’ni, uchuvchilarda manyovr qilish uchun balandlik va vaqt bor edi. Ammo Air India misolida uchuvchilarda bunday imkoniyat bo‘lmadi.
Biroq, tajribali uchuvchining aytishicha, qushlarning urilishi «agar ikkala dvigatelni ham ishdan chiqarmasa», kamdan-kam hollarda falokatga olib keladi.
Samolyot qanotlari qanday rol o‘ynadi?
Uch mutaxassisning taxminiga ko‘ra, boshqa uchuvchilar va tahlilchilar bunga e’tiroz bildirsa-da, halokat samolyot qanotlaridagi yopqichlar (flaps) uchish vaqtida ochilmagani tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Yopqichlar uchish, ko‘tarilish, pasayish va qo‘nish paytida muhim rol o‘ynaydi va samolyotga past tezlikda maksimal ko‘tarilishga yordam beradi.
Agar ular to‘g‘ri ochilmagan bo‘lsa, og‘ir vaznli samolyotning havoga ko‘tarilishi qiyinlashadi, ayniqsa haddan tashqari issiq ob-havo sharoitida.
Halokat yuz bergan kuni havo harorati 40 darajaga yaqin edi. Demak, Ahmadobodda havo zichligi past bo‘ldi, bu esa havoga ko‘tarilish uchun yopqichlarning kengroq ochilishi va divgatelning yuqori quvvatini talab qilardi, dedi uchuvchilardan biri. Bunday sharoitda sozlamalardagi kichik xatolik ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Boshqa bir uchuvchining so‘zlariga ko‘ra, yopqichlarning yetarli darajada ochilmagani ekipajni xavfli parvoz konfiguratsiyasi haqida ogohlantiruvchi tizimni ishga tushirgan bo‘lar edi.
Sobiq uchuvchi Marko Chan so‘zlariga ko‘ra, videolavhalarda yopqichlarning yetarli darajada ochilgani yoki yo‘qligi ko‘rinmaydi. Biroq u bunday xatolik «juda g‘ayrioddiy» bo‘lishini aytdi.
«Yopqichlar parvozdan oldin uchuvchilar tomonidan o‘rnatiladi va bu sozlamalarni tekshirish uchun bir nechta nazorat ro‘yxati va protseduralari mavjud», dedi u. «Agar ular to‘g‘ri o‘rnatilmagan bo‘lsa, bu inson xatosini ko‘rsatishi mumkin».
Mavzuga oid

18:43 / 12.06.2025
OAV Hindistondagi aviahalokatdan bir kishi omon qolgani haqida xabar berdi

17:07 / 12.06.2025
Shavkat Mirziyoyev samolyot aviahalokati yuzasidan Hindiston rahbariyatiga ta’ziya bildirdi

14:03 / 12.06.2025
Hindistonda Londonga uchayotgan samolyot quladi. Asosiy ma’lumotlar

19:08 / 09.06.2025