Sudyaga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Ushbu qonun loyihasi bilan davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Hakamlik sudlari tomonidan yer bilan bog‘liq, bino-inshootlarga egalik huquqini belgilash hamda budjetdan pul undirish bilan bog‘liq nizolar hal etilmasligini qat’iy belgilash, budjet intizomini mustahkamlash, mas’ul shaxslarning javobgarligini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha savollar berdi. Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, mazkur hujjat hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslarini mustahkamlashga qaratilganini qayd etdi.
Yig‘ilishda sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
Qonun loyihasida sud binosida sudga hurmatsizlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari, shuningdek, sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini aniqlashtirish nazarda tutilyapti. Ya’ni, sud ishlarini hal etishga aralashish, muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish yoki g‘ayriqonuniy hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudya yoki maslahatchisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Zuhriddin Mavlonov, Shuhrat Yoqubov va boshqalar loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Xususan, deputatlar qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanligini qayd etib, uning qabul qilinishi sudyalar mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularning faoliyatiga har qanday aralashuvlarning oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Mavzuga oid

12:38 / 10.06.2025
Talabga javob bermaydigan mahsulotni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik beriladi

10:33 / 10.06.2025
90 kundan ortiq chet elda bo‘lgan fuqarolar majburiy ravishda OIVga tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin

15:25 / 02.06.2025
Ayrim sudyalar vakolati muddati davriga qayta tayinlandi

23:27 / 12.05.2025