Urishib ketgan Tramp va Mask, yakunlangan Haj ziyorati va Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qilgan nemislar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

2025 yilgi Haj ziyorati yakunlandi: qatnashuvchilar soni 30 yildagi eng past darajada
2025 yil 6 iyun kuni Haj ziyorati rasman yakunlandi. Saudiya Arabistoni Haj vazirligining e’lon qilishicha, ziyoratni jami 1 673 230 kishi ado etdi, bu – pandemiya davrini hisobga olmaganda, so‘nggi 30 yildagi eng kam qatnashuvchidir. Ziyoratchilarning 1 million 506 ming nafari chet el fuqarolari, 166,6 ming nafari esa Saudiya Arabistonida yashovchilar bo‘lgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni Bosh statistik boshqarmasiga tayanib The Islamic information portali xabar bermoqda.
Taqqoslash uchun: 2012 yilgi Hajda rekord darajada — 3,16 million kishi qatnashgan, bu 2025 yildagi sezilarli pasayishni yaqqol ko‘rsatmoqda. Rasmiy izohlar berilmagan bo‘lsa-da, bir nechta asosiy sabablar ko‘rsatib o‘tilmoqda.
1. Iqtisodiy qiyinchiliklar — butunjahon inflatsiyasi, sayohat, turar joy va qurbonlik hayvonlari narxining oshishi ayniqsa Janubiy Osiyo va Afrika davlatlaridan keluvchi, daromadi past bo‘lgan musulmonlar uchun og‘irlik qildi.
2. Sog‘liqni saqlash va kirish tartiblari - pandemiya davrida joriy etilgan qattiqroq kirish, emlash, viza va tibbiy ko‘rik talablari 2025 yilda ham saqlanib qoldi. Bu esa ziyoratchilar uchun byurokratik to‘siqlarni oshirdi.
3. Ekstremal issiqlik — Makka va atrofidagi ziyorat joylarida harorat ko‘p kunlar davomida +40 darajada oshdi. Bunday sharoitda ko‘plab yoshi katta ziyoratchilar ziyoratni keyinga qoldirishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin.
Saudiya Arabistoni rasmiylari bu omillarni tahlil qilib, kelajakdagi Haj ziyoratini arzonroq va qulayroq qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik va sog‘liq talablariga rioya saqlab qolinadi.
Ziyoratchilarga 250 mingdan ziyod xodimlar — sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va logistikani ta’minlashda xizmat ko‘rsatdi. Makka viloyati vitse amiri shahzoda Saud bin Mish’al Arofot kuni hech qanday salbiy hodisalar kuzatilmaganini e’lon qildi:
«Alloh bizga Uning muqaddas maskanlariga xizmat qilish sharafini ato etdi. Xavfsizlik va tartibni saqlashda xizmatga bo‘lgan samimiy yondashuv muhim ahamiyatga ega».
Mask va Tramp bahsi
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning tarafdori, multimilliarder Ilon Mask o‘rtasidagi ommaviy tortishuv boshlandi.
New York Times nashrining yozishicha, Tramp bilan Ilon Mask o‘rtasidagi «tarixiy ittifoq» NASA rahbari nomzodi ustidagi kelishmovchilik sababli buzilgan. Tramp o‘zining yaqin tanishi, SpaceX bilan aloqasi bor Jared Isaakmanning ilgari demokratlarga xayriya qilganini ko‘rib, nomzodini qaytarib oldi. Mask bu holatdan xafa bo‘ldi va Trampga u bilan ishlay olish kerakligini tushuntirishga harakat qildi. Ammo Tramp qattiq turdi va Isaakman tezda chetlashtirildi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Mask Trampni tanqid qilishni boshladi. X postlarida u Trampni impichment qilishga chaqirdi, Tramp tariflari tufayli iqtisodiy inqiroz bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Bunga javoban Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Ilon Maskni «aqlini yo‘qotgan, hozirgi harakatlari narkotiklar bilan bog‘liq», — dedi hamda uning kompaniyalariga berilgan milliardlab dollarli davlat shartnomalarini bekor qilish bilan tahdid qildi.
Oshkora kelishmovchilik Trampning Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvi chog‘ida avj oldi. AQSh prezidenti jurnalistlarga ko‘p milliard dollarlik hukumat xarajatlari to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasini tanqid qilgani uchun «Ilondan hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi. Trampning aytishicha, Maskning noroziligi asl sababi AQShda elektromobillar uchun davlat subsidiyalarining kamayishi, u milliarder kompaniyalariga foyda keltirgan.
Bu sayyoraning eng boy odamida norozilik uyg‘otdi va u bir necha soat ichida X ijtimoiy tarmog‘ida qonun loyihasiga qarshi qator tvitlar e’lon qildi. Mask respublikachining davlat subsidiyalari haqidagi so‘zlarini «ochiq yolg‘on» deb atadi.
«Men bo‘lmaganimda Tramp saylovlarda yutqazgan bo‘lardi, demokratlar Vakillar palatasini nazorat qilgan bo‘lardi, respublikachilar esa Senatda 51 tadan 49 ta o‘ringa ega bo‘lardi. Qanday nonko‘rlik», — deb yozgan Mask. U ilgari boshlagan Kill the Bill kampaniyasi – «Qonun loyihasini o‘ldirish» shiorini takrorladi, bu «Billni o‘ldirish» filmi nomiga to‘g‘ri keladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning tarafdori, multimilliarder Ilon Mask o‘rtasidagi ommaviy tortishuv ularning kompaniyalari aksiyalari narxining keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Maskning Tesla korxonasi aksiyalari bir necha soat ichida qariyb 15 foizga, Trump Media & Technology Group aksiyasi esa 11 foizga pasaydi.
Rossiya Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar berdi
Rossiya 6 iyunga o‘tar kechasi Ukrainaga raketa va dronlar orqali yoppasiga zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Ukraina hududiga 407 ta dron va 44 ta raketa uchirganini ma’lum qildi. Asosiy zarba Kiyev va Ukrainaning g‘arbiy hududlariga berilgan. Ukraina poytaxtidagi hujum oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 iyunga o‘tar kechasi Rossiya «deyarli butun Ukraina bo‘ylab» zarbalar berganini aytdi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga ballistika, havo va quruqlikdagi qanotli raketalar, shuningdek, ko‘p sonli zarbdor dronlar hamda imitator dronlar bilan hujum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 30 tagacha raketa va 200 tagacha dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Umuman olganda, rossiyaliklar bugun mamlakatimiz hududi bo‘ylab 407 ta zarbdor uchuvchisiz uchish apparatini qo‘lladi. Shuningdek, dushman tomonidan 6 ta ballistik raketa qo‘llangani haqida ma’lumot bor. Yana 38 ta qanotli raketa, ularning aksariyati yo‘q qilindi», – deya Yuriy Ignatning so‘zlarini keltiradi RBK-Ukraina.
Ukraina hududida yopirilma hujum tungi soat birdan ertalabki soat 5 gacha davom etdi. Hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, ellikka yaqin kishi yaralandi.
Shuningdek, 6 iyun, jumaga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari Ukraina uchuvchisiz uchoqlar tomonidan hujumga uchradi. Natijada Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy, shuningdek, Saratov va Kaluga aeroportlarida parvozlarga cheklovlar joriy etilgan.
Avvalroq, Ukraina Rossiya harbiy aerodromlari bo‘ylab «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi o‘tkazgan edi. Unda Rossiya harbiy aviatsiyasiga juda katta zarar yetkazildi. Shundan so‘ng Vladimir Putin Donald Tramp bilan telefon suhbatida «aerodromlarga yaqinda uyushtirilgan hujumlarga javob berishga majbur bo‘lishini» «juda qat’iy» aytgandi.
Germaniyada faollar Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi
Germaniyada ilm-fan, madaniyat va fuqarolik jamiyatining o‘nlab taniqli arboblari mamlakat rahbariyatiga ochiq xat bilan murojaat qilib, G‘azodagi gumanitar halokatdan xavotir bildirib, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘maklashish va Falastin aholisiga to‘siqsiz gumanitar yordam ko‘rsatishni ta’minlashga chaqirishdi, deb yozadi Spiegel nashri.
Maktub 2020 yilda Xanauda irqchilik hujumidan omon qolgan Said Etris Xoshimi tashabbusi bilan ko‘plab taniqli shaxslar ishtirokida yozilgan va imzolangan.
Federal kansler Fridrix Mers, vitse-kansler Lars Klingbayl va tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadepfulga yo‘llangan maktubda Germaniyaning davom etayotgan qurolli mojarodagi rolidan «chuqur xavotir» bildirilgan. Imzolovchilar Germaniya xalqaro huquqqa muvofiq harakat qilish va urush jinoyatlarining oldini olish majburiyatiga ega ekanligini ta’kidladi.
Maktub mualliflari G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, keng ko‘lamli va to‘siqlarsiz gumanitar yordam yetkazish, Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qayta ko‘rib chiqish va to‘xtatib turishni talab qilgan. «Harakatsizlik uchun, baland ovozda ogohlantirishlarga qaramay, javobgarlik og‘ir bo‘ladi», — deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab Isroilning keng ko‘lamli hujumlari oqibatida G‘azo sektorida, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 54 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. 124 mingdan ortiq insonlar jarohatlangan.
Mavzuga oid

14:46 / 05.06.2025
Tramp va Putinning suhbati, Isroilning tinch aholiga hujumlari va AQShga fuqarolari kirishi taqiqlangan 12 davlat – kun dayjesti

14:14 / 04.06.2025
Janubiy Koreyada yangi prezident, yordam markazlariga kelganlarni otayotgan Isroil va qurol arsenalini to‘ldirayotgan AQSh – kun dayjesti

14:20 / 03.06.2025
AQShga shart qo‘yayotgan Eron, katta natijasiz tugagan Istanbul muzokaralari va G‘azo qamalini buzmoqchi bo‘lgan faollar – kun dayjesti

14:30 / 02.06.2025