Erdo‘g‘an bilan uchrashgan Tramp, Zelenskiyni o‘ldirmoqchi bo‘lgan pensioner va NATOning muhim yig‘ilishi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Erondan ham, Isroildan ham «mamnun emas»
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochish to‘liq to‘xtatilishi haqida e’lon qilganiga qaramay, rejim kuchga kirgunga qadar har ikki davlat ham tun bo‘yi kurashni davom ettirdi. Eronning Isroil janubidagi Beer-Sheva shahriga raketa zarbalari oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi va o‘ndan ortiq kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Milliy sog‘liqni saqlash xizmati.
Butun Isroil bo‘ylab havo hujumi sirenalari yangradi. Eronning davlatga qarashli Irib telekanali Isroilga yangi raketalar otilishi haqida xabar berdi. Dpa agentligining Isroil harbiy manbalariga tayanib xabar berishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari bunga javoban Eron g‘arbidagi raketa uchiruvchi qurilmalarini yo‘q qilgan. Bu Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida avvalroq e’lon qilgan «to‘liq otashkesim» kuchga kirishidan oldin sodir bo‘ldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, AQShdagi Tramp ma’muriyati Isroilning harakatlaridan norozi bo‘ldi. Tramp o‘zi shaxsan bir nechta postlar orqali Isroilni ogohlantirdi: «Isroil. Bomba tashlamang! Bu sulhni buzish bo‘ladi. Uchuvchilaringizni ortga qaytaring!» Keyinchalik Tramp «Isroil Eronga hujum qilmaydi, samolyotlar ortga qaytadi, hech kimga zarar yetmaydi» deya bayonot berdi. U Isroilni «biz kelishuvga erishganimiz zahoti eng katta bombardimonni amalga oshirganlikda» aybladi va ikki tomon haqida «ular nima qilayotganini bilmaydi» deb haqoratli so‘zlar ishlatdi.
Keyin Tramp Eronga hujum qilmoqchi bo‘lgan Isroil qiruvchilari ortga qaytganini yozgan.
«Isroil Eronga hujum qilmaydi. Barcha samolyotlar ortga qaytadi va Eronga qanotlarini silkib, do‘stona salom yo‘llaydi. Hech kimga zarar yetmaydi, otashkesim kuchda!». Shuningdek, AQSh prezidenti «Eron yadro inshootlarini hech qachon qayta qurmasligini» qo‘shimcha qildi.
AQSh OAVlarining yozishicha, Tramp Yevropaga jo‘nab ketayotgan paytda «Air Force One» bortidan Isroil bosh vaziri Netanyaxuga qo‘ng‘iroq qilib, unga ovozini ko‘targan hamda sulhni saqlab qolish kerakligini qat’iy aytgan.
Xalqaro hamjamiyat ushbu sulhni ehtiyotkorona optimizm bilan kutib olmoqda. Rossiya, Fransiya, Germaniya va Qatar yetakchilari barqaror tinchlikka umid bildirdi. Biroq Yevropa Ittifoqi rasmiylari va Yaqin Sharq tahlilchilari hujumlar davom etayotganini inobatga olib, sulhning mo‘rt va noaniqliklar bilan to‘la ekanini eslatmoqda.
SBU rahbari: Zelenskiyga suiqasdning oldi olindi
Ukraina prezident Volodimir Zelenskiyga navbatdagi suiqasdning oldini oldi. Bu haqda "RBK-Ukraina" va "Interfaks-Ukraina" agentliklari iqtibos keltirgan Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) rahbari Vasiliy Malyuk ma’lum qildi.
«Vazifa prezident Zelenskiyni "Jyeshuv" aeroportida jismonan yo‘q qilish edi. Bir necha variant ko‘rib chiqilgan. Ulardan biri FPV-dron, ikkinchisi snayper majmuasi edi», — dedi SBU rahbari.
Uning versiyasiga ko‘ra, Moskva buyrug‘i bilan suiqasdni sobiq harbiy, polshalik pensioner tayyorlagan. «Polshalik hamkasblarimiz professional tarzda ishladi, bu bizning birgalikdagi ishimiz edi», — deya qo‘shimcha qildi Malyuk.
Erdo‘g‘an Tramp bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi
NATO davlat va hukumat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Haagada bo‘lib turgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an u yerda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Prezidentlar uchrashuvi NATO sammitida qatnashayotgan yetakchilar va ularning rafiqalari sharafiga Gollandiya qiroli tomonidan uyushtirilgan kechki ovqatdan so‘ng, OAV uchun yopiq tarzda o‘tkazildi.
Anadolu nashrining xabar berishicha, prezident Erdo‘g‘an uchrashuv AQSh bilan mudofaa sanoatidagi hamkorlikning rivojlanishi ikki tomonlama savdo hajmini 100 milliard dollarga yetkazish maqsadiga xizmat qilishini aytgan.
«Turkiya rahbari AQSh prezidenti Trampning sa’y-harakatlari natijasida Isroil va Eron o‘rtasida erishilgan sulhni olqishladi. U bu sulh barqaror bo‘lishini tiladi va G‘azo sektoridagi gumanitar fojiani imkon qadar tez to‘xtatish hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tinch yo‘l bilan hal etish uchun yaqin muloqot muhimligini ta’kidladi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, NATOning yetakchi ittifoqchilari sifatida ikki davlat Alyansning tiyib turuvchi salohiyatini mustahkamlash borasida qadamlarini gaplashgan.
G‘azoda genotsid davom etmoqda
Eron bilan sulh qilishga majbur bo‘lgan Isroil G‘azo va boshqa hududlardagi harbiy harakatlardan tiyilmayapti. Xususan, kuni-kecha Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan navbatdagi hujumlarida 84 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, ulardan ko‘pi insonparvarlik yordami kutayotgan fuqarolar bo‘lgan. Ayniqsa, Netzarim yo‘lagi, Rafah shahri va Xon-Yunusdagi hujumlar eng ko‘p talafotlarga sabab bo‘ldi: faqat Netzarimda 29, Rafahda 27 kishi halok bo‘lgan. G‘azoning Zaytun mavzesida uyga qilingan havo hujumi natijasida yana 10 kishi halok bo‘lgan. Jabaliya, Shujaiya va Karara tumanlarida ham qurbonlar qayd etilgan. Ba’zi hollarda jasadlarni olib chiqish imkoni bo‘lmayapti, chunki bombardimonlar davom etmoqda.
Bu orada HAMAS harbiy qanoti — «al-Qassam» brigadasi janubiy G‘azodagi bir nechta harbiy operatsiyalar tafsilotlarini e’lon qildi. Ular «Dovud toshlari» nomli amaliyot doirasida bir isroillik askar o‘ldirilgani, shuningdek, 11-16 iyun kunlari ham Isroil askarlari bilan harbiy to‘qnashuvlar bo‘lganini yozgan.
Falastin bilan birga, Livan ham Isroil hujumlaridan aziyat chekmoqda. 25 iyun kuni janubiy Livandagi Bint-Jubayl shahrida Isroilning dron zarbasi natijasida uch kishi halok bo‘ldi. Bu hujum noyabr oyida «Hizbulloh» bilan erishilgan sulhga qaramay amalga oshirilgan. Sulh shartlariga ko‘ra, Hizbulloh Litani daryosidan shimolga chekinishi, hududda esa faqat Livan armiyasi va BMT tinchlikparvarlari qolishi kerak edi. Biroq Isroil janubiy Livanda strategik ahamiyatga ega deb hisoblangan besh nuqtada harbiylarini ushlab turibdi va hujumlarni davom ettiryapti.
Isroilning so‘nggi harbiy amaliyotlari va ularga javoban HAMAS hamda Hizbulloh harakatlarining kuchayishi, G‘azodagi tinch aholiga qarshi hujumlar xalqaro huquq va insonparvarlik normalariga zid ekani haqidagi tanqidlarni kuchaytirmoqda.
NATO yetakchilari to‘plandi: ular nimani muhokama qiladi?
24–25 iyun kunlari Niderlandiyaning Haaga shahrida NATOning davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu sammitga kecha Tramp, Erdo‘g‘an va boshqa yetakchilar yetib kelgan ular bugun asosiy yig‘ilish o‘tkazadi.
Reutersʼning yozishicha, sammitda yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizigacha bo‘lgan yangi mudofaa xarajatlari maqsadi ma’qullanishi kutilmoqda. Bu Trampning talablari va Yevropaning, ayniqsa, Rossiyaning 2022 yildagi Ukrainaga bosqinidan so‘ng xavfsizlikka tobora ko‘proq tahdid sifatida qaralayotganidan kelib chiqqan tashvishlariga javobdir.
10 yil ichida erishilishi kutilayotgan bu ko‘rsatkich — amaldagi 2%lik maqsaddan sezilarli ravishda yuqori. Bu o‘zgarishlar minglab milliard dollarlik qo‘shimcha yillik harbiy xarajatlarni anglatadi. Rejaga ko‘ra:
· 3.5% YaIM asosiy harbiy ehtiyojlar — askarlar va qurollarga,
· 1.5% esa kiberxavfsizlik, infratuzilmani (yo‘llar, ko‘priklar) harbiy texnika uchun moslashtirish kabi kengaytirilgan mudofaa choralari uchun sarflanadi.
NATO rasmiylari Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro hamda AQShning hafta oxirida Eron yadroviy obektlariga uyushtirgan zarbalari ushbu sammitga soya solmasligiga umid qilishmoqda.
Tramp NATO a’zolari belgilangan xarajat me’yorlariga rioya qilmasa, ularni himoya qilmasligi bilan tahdid qilgan va sammitga yo‘l olayotib ham 5-moddani — o‘zaro mudofaa majburiyati bo‘yicha bandni — bevosita qo‘llab-quvvatlamaslik bilan yana shubha uyg‘otdi. «Air Force One» bortida jurnalistlarga gapirar ekan, Tramp bu bandning «bir nechta talqinlari» borligini aytdi: «Men inson hayoti va xavfsizligini saqlashga sodiqman. Aniq ta’rifni sammitga borgach beraman».
NATOning barcha a’zolari bu maqsadni tasdiqlagan bo‘lsa-da, Ispaniya o‘zining harbiy majburiyatlarini ancha kam xarajatlar bilan bajara olishini bildirdi. Bosh vazir Pedro Sanchesning bu pozitsiyasiga NATO bosh kotibi Ryutte rozi bo‘lmasa-da, Trampni qoniqtirish va sammitni muammosiz o‘tkazish uchun diplomatik kelishuvga borishi aytilgan.
Trampni zerikib qolmasligi uchun sammit matni qisqa va asosan xarajat majburiyati bilan cheklangan. Bayonotda Rossiya tahdid sifatida tilga olinadi, Ukraina bilan birdamlik tasdiqlanadi, biroq Trampning Moskvaga nisbatan yumshoq pozitsiyasi sababli bu masalalar chuqur yoritilmaydi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy asosiy sammitda emas, faqat sammit oldidan kechki ovqatga taklif etilgan. Tramp Zelenskiy bilan alohida uchrashishini bildirgan.
Mavzuga oid

13:33 / 24.06.2025
AQSh bazalariga zarba bergan Eron, urush tugashini e’lon qilgan Tramp va Putinga topshirilgan maktub – kun dayjesti

15:38 / 23.06.2025
Eronga zarba bergan AQSh, Putinning oldiga kelgan Araqchi va Fordodan ko‘chirilgan yadro materiallari – kun dayjesti

14:58 / 21.06.2025
Yevropa bilan gaplashishni xohlamayotgan Eron, Putinning ajabtovur bayonotlari va Iordaniyaga kelgan F-22 eskadroni – kun dayjesti

13:27 / 20.06.2025